Yangi Oʻzbekiston universitetiga asos solindi

0
79
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 iyun kuni Yangi Oʻzbekiston universitetida taʼlim jarayonini tashkil etishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Har bir mamlakatning taraqqiyotini, kelajagini bilimli va aqlli odamlar taʼminlaydi. Barcha sohalarda oʻz oldiga katta maqsadlar qoʻygan Oʻzbekistonda taʼlim sifatiga, bilimli kadrlarni tarbiyalashga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda.

Barcha hududlarda Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi. Bu yoshlarning bilim va salohiyatini aniqlash, ularni toʻgʻri yoʻnaltirish bilan birga xalqimiz orasida katta intilish toʻlqinini ham paydo qildi.

Davlatimiz rahbari bilimli yoshlarni mamlakatimizning “oltin fondi” deb atagan edi. Bu yil ana shunday yoshlarning yangi avlodi maktablarni bitirmoqda. Endi ularni yurtimizda oʻqitish, yoshlar uchun eng zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi Oʻzbekiston universitetiga asos solinmoqda.

Bu universitet davlat oliy taʼlim muassasasi shaklida tashkil etiladi. Uning asosiy vazifalari – nufuzli xorijiy oʻquv yurtlarining taʼlim dasturlari asosida yuksak kasbiy bilim va malakalarga ega boʻlgan istiqbolli kadrlar tayyorlash, talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, buning uchun har tomonlama qulay muhitni shakllantirishdir.

Shu maqsadda yangi universitetda taʼlim jarayoni dunyoning eng nufuzli oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Masalan, Kembrij universiteti qabul imtihonlarini oʻtkazadi. Massachusets texnologiya instituti hamda Myunxen texnika universiteti bilan birgalikda oʻquv reja va dasturlar ishlab chiqiladi. Shuningdek, ular taʼlim sifatini nazorat qilish, laboratoriya va kutubxonalarni toʻldirishga koʻmaklashadi.

Universitetda 5 ta – muhandislik, tabiiy fanlar, boshqaruv, agrotexnologiyalar va axborot texnologiyalari fakultetlari boʻladi. Darslar oʻzbek va ingliz tillarida olib boriladi. Kredit-modul tizimi joriy etilib, oʻqish davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Ushbu taʼlim maskanining oʻquv binosi va kampuslari ham zamonaviy, xalqaro BRYeEAM sertifikatlariga mos boʻladi. Ilk oʻquv yili shu yil sentyabrdan boshlanadi. Yangi bino qurilguncha darslar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining boʻsh binolarida vaqtinchalik oʻtib turiladi.

Iqtisodiyot  tarmoqlaridagi ehtiyojlardan kelib chiqib, ilmiy tadqiqotlar olib borish, talabalarni ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb etish ham universitetning asosiy vazifalaridan. Shu maqsadda dunyoning yetakchi universitet va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi, ilmiy jurnal taʼsis etiladi.

Davlatimiz rahbari universitetda qabul va taʼlim jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil etish, fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

– Universitet talabalari 1-kursdan oʻz sohasi boʻyicha iqtisodiyot tarmoqlari va ilmiy markazlarga biriktirilishi kerak. Vazirliklar, nufuzli institut va yirik kompaniyalar universitetning vasiylik kengashiga kirishi muhim. Ular oʻz ehtiyojlarini bildirib, taʼlim jarayoniga integratsiyalashishi, boʻlgʻusi mutaxassisga oldindan sarmoya kiritishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz belgilangan chora-tadbirlarni maʼqullab, Yangi Oʻzbekiston universitetini tashkil etishga oid qarorni imzoladi.

Taqdimotda, shuningdek, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.