Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha vazifalar belgilab berildi

0
145
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbari 2020 yil nomida belgilangan sohalarni ustuvor darajada rivojlantirish va isloh etish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni belgilab berdi:

“Bogʻcha yoshidagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini, joriy yilda 60 foizga yetkazishimiz zarur.

Ushbu maqsadlarga joriy yilda byudjetdan qariyb 2 trillion soʻm mablagʻ ajratiladi.

Bu yildan boshlab, tariximizda ilk bora 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilinadi.

Bunga byudjetdan 130 milliard soʻm ajratilib, bu jarayonda xususiy maktabgacha taʼlim muassasalari ham bevosita ishtirok etadi.

2020 yilda byudjetdan ajratiladigan 1,7 trillion soʻm mablagʻ hisobidan 36 ta yangi maktab qurilib, 216 tasi kapital taʼmirlanadi. Shuningdek, 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkaziladi.

Pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega boʻlgan, oʻz ishida aniq natijalarga erishgan oʻqituvchilarga, yuqori maosh toʻlash tizimini joriy etamiz.

Maktab oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, oʻquv yuklamalari va fanlarni qayta koʻrib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarur.

2021 yilgi xalqaro baholash jarayoniga tayyorgarlik koʻrish uchun 348 ta tayanch maktabni belgilab, 6 mingdan ortiq oʻqituvchilarning malakasi oshiriladi.

Joriy oʻquv yilidan boshlab mutlaqo yangi professional taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilib, 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etiladi.

Kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida, Milliy malaka tizimi ishlab chiqiladi.

Ushbu tizim 9 mingga yaqin kasblar boʻyicha kadrlar tayyorlash imkonini beradi.

Oliy maʼlumot olaman, oʻz ustimda ishlab, ilmli boʻlaman, degan, yuragida oʻti bor joʻshqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklarni yaratishimiz shart.

Shuning uchun, maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazamiz.

Bu borada shuni unutmaslik kerakki, oliy taʼlim qamrovini oshirish, toʻlov kontraktiga bogʻliq boʻlib qolmasligi zarur.

Shuni hisobga olib, oliy oʻquv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlarini 2 barobar koʻpaytiramiz, desam, sizlar bu fikrga qanday qaraysiz?

Qizlarimiz uchun alohida grantlar ham ajratiladi. Xotin-qizlar qoʻmitasi ushbu grantlar asosida oʻqitishga nomzodlarni tanlash va saralash mezonlarini ishlab chiqishi kerak.

Oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini ham optimallashtirish zarur. Biz bunda asosiy eʼtiborni oʻqishga kirish jarayonlarini soddalashtirishga, oliy oʻquv yurtlarida chinakam bilim va tarbiya olishga qaratishimiz zarur.

Misol uchun, ona tili boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimini yaratish lozim. Yoshlar istalgan vaqtda imtihon topshirib, tegishli guvohnoma olsa, oʻqishga kirayotgan paytda ona tili boʻyicha qayta sinovdan oʻtishga hech qanday ehtiyoj qolmaydi.

Oliy taʼlim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtiriladi, taʼlim yoʻnalishlari va oʻqitiladigan fanlar qayta koʻrib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi boʻlmagan fanlar soni 2 barobar qisqartiriladi.

Oliy taʼlimda oʻquv jarayonini kredit-modul tizimiga oʻtkazish talab etiladi.

Joriy yildan pedagogik taʼlimning 6 ta yoʻnalishi boʻyicha, oʻqish muddati 3 yil qilib belgilanadi. Bu ishlarni boshqa yoʻnalishlarda ham davom ettiramiz.

Oliy oʻquv yurtlariga bosqichma-bosqich akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi. Joriy yilda ularning 10 tasi oʻzini oʻzi moliyaviy taʼminlashga oʻtadi.

Bundan tashqari, kamida 5 ta oliy taʼlim dargohini konkurs asosida tanlab, nufuzli xorijiy oliy taʼlim dargohlari bilan hamkorlikda, ularni transformatsiya qilishni boshlaymiz.

Mamlakatimiz uchun ilm-fan sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarni aniq belgilab olishimiz kerak.

Hech bir davlat ilm-fanning barcha sohalarini biryoʻla taraqqiy ettira olmaydi.

Shuning uchun, biz ham har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yoʻnalishini rivojlantirish tarafdorimiz.

Joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yoʻnalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlarni faollashtirib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib  beriladi.

Shuningdek, ilm-fan sohasida fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablagʻlarini ajratish mexanizmini, tubdan qayta koʻrib chiqish kerak.

Ilm-fan yutuqlarining elektron platformasi, mahalliy va xorijiy ilmiy ishlanmalar bazasini shakllantirish lozim.

Har bir oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot dargohi nufuzli chet el universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi shart.

Joriy yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 700 dan ziyod olimlar, professor-oʻqituvchilar chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirish uchun yuboriladi.

Kelgusida, grantlar miqdorini 2 barobar koʻpaytirish va tadqiqot yoʻnalishlari koʻlamini kengaytirish lozim.

Joriy yilda “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirish boʻyicha tub burilish qilishimiz kerak.

Birinchi navbatda, qurilish, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, transport, geologiya, kadastr, sogʻliqni saqlash, taʼlim, arxiv sohalarini toʻliq raqamlashtirish lozim.

Shuningdek, “Elektron hukumat” tizimini, amalga oshirilayotgan dasturlar va loyihalarni tanqidiy qayta koʻrib chiqib, barcha tashkiliy va institutsional masalalarni kompleks hal etish zarur.

Toshkent shahrida zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlgan “AyTi-park” barpo etilmoqda. U hozirdanoq, oʻzining dastlabki natijalarini bera boshladi.

Bunday “AyTi-park”lar – Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida ham tashkil etiladi.

Soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida, xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasini amalga oshirish boshlandi.

Shuningdek, taʼlimning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga toʻliq javob beradigan, axborot texnologiyalari joriy etilishi shart.

Oʻtgan yili barcha shahar va tuman markazlarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlari yakunlanganini hisobga olib, yaqin 2 yilda barcha qishloq va mahallalarni ana shunday tezkor internet bilan taʼminlashimiz kerak.

Hozirgacha 7 mingdan ortiq sogʻliqni saqlash, maktabgacha taʼlim muassasalari va maktablar yuqori tezlikdagi internetga ulangan boʻlsa, keyingi 2 yilda yana 12 mingta muassasa tezkor internetga ulanadi.

Bu vazifalarni koʻzda tutgan holda, “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqishni ikki oy muddatda yakunlash lozim.

Kelgusida bu ishlarni tizimli tashkil etishga bosh-qosh boʻlish uchun Hukumatda – Bosh vazir oʻrinbosari, vazirlik va idoralarda hamda hokimliklarda esa – alohida oʻrinbosar lavozimlari joriy etiladi.

Parlament ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Hukumat, tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotini muntazam eshitib borishi lozim”.

Murojaatnoma davom etmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.