”Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilariga

0
43
marta koʻrilgan.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Muhtaram mehmonlar!

Muqaddas islom dini rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan siz, azizlarni ulugʻ allomalar yurti – Oʻzbekiston zaminida buyuk muhaddis Imom Termiziyning ilmiy merosini oʻrganishga bagʻishlab oʻtkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Hech shubhasiz, islomshunoslik ilmining bilimdonlari boʻlgan sizlar kabi taniqli olim va ulamolar, ekspert va tadqiqotchilarning bugungi nufuzli tadbirda ishtirok etayotgani bizga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.

Zero, sizlarning timsolingizda musulmon olamining faxru iftixori boʻlgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy singari buyuk allomalarimizning ezgu anʼanalari davomchilarini koʻramiz.

Qadamlaringizga hasanot, tashrifingiz qutlugʻ va xayrli boʻlsin!

Qadrli doʻstlar!

Biz oʻrta asrlarda islom dunyosida yorqin yulduz boʻlib porlagan mutafakkir bobolarimiz haqida soʻz yuritar ekanmiz, Imom Termiziy hazratlarining muborak nomlarini albatta birinchilar qatorida tilga olamiz.

“Muhaddislar sultoni” degan yuksak maqomga erishgan buyuk ajdodimiz – Imom Buxoriyning suyukli shogirdi boʻlgan bu benazir zotning yorqin xotirasi, oʻlmas asarlari, yuksak insoniy fazilatlari oʻn ikki asrdan buyon yurtimiz zaminini shonu shuhratga burkab kelayotgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Imom Termiziy bobomiz musulmon dunyosida olti buyuk muhaddisdan biri sifatida eʼtirof etilgani, ul zotning hadislar toʻplami eng moʻtabar manbalar qatorida tilga olinishi, islom ummati bu mumtoz siymo oldida doimo taʼzimda ekani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Bugungi anjuman muhokamasiga Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiya” va “Sunani Termiziy” kabi noyob asarlari, termiziy allomalar ilmiy merosi va ularning hozirgi kundagi ahamiyati kabi gʻoyat dolzarb masalalar qoʻyilgani ana shunday ehtiromning yana bir amaliy ifodasidir.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda islom dini rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan koʻplab allomalarimiz, jumladan, Imom Termiziyning bebaho merosini oʻrganish va targʻib etish, muqaddas xotirasini eʼzozlash, tabarruk qadamjolarini obod etish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Bu haqda soʻz yuritganda, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida muazzam yodgorlik majmuasi barpo etilgani, Termiz shahrida ul zotning tabarruk nomi bilan atalgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi hamda Islom instituti tashkil etilganini taʼkidlash lozim.

Ana shu muassasalar tomonidan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hadis ilmi maktabi va boshqa diniy taʼlim va ilmiy-tadqiqot maskanlari bilan birgalikda Imom Termiziyning hayoti va faoliyati, boy merosi chuqur oʻrganilmoqda. Allomaning asarlari koʻp nusxalarda nashr qilinmoqda. U kishi haqida koʻplab ilmiy tadqiqot ishlari, kitoblar, badiiy asarlar yaratilmoqda.

Siz, azizlar anjuman kunlarida bu boradagi ishlar bilan yaqindan tanishib, shu yoʻnalishda hamkorlikni yanada kuchaytirish boʻyicha oʻz taklif va mulohazalaringizni bildirasiz, deb ishonaman.

Biz ulugʻ allomalarning vorislari sifatida islom dinimiz tinchlik, ezgulik va insonparvarlik dini ekanini taʼkidlab, bu tengsiz boylikdan bashariyatning ezgu orzu-intilishlarini roʻyobga chiqarish uchun birgalikda foydalanishni, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishni oʻzimizning asosiy burchimiz, deb bilamiz.

Ana shunday olijanob maqsad yoʻlida yurtimiz olimlari, ulamolari bilan birga jonbozlik koʻrsatib kelayotgan siz, azizlarga, barcha ilm-fan namoyandalariga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Oʻzbekistondagi yetakchi ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari eshiklari sizlar uchun hamisha ochiq.

Sizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, ilmiy va ijodiy faoliyatingizda ulkan yutuq va omadlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.