Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida iqtisodiyot tarmoqlariga yoʻnaltirilgan imtiyozlar samaradorligi tahlili boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Insonlar oʻz biznesini boshlashi, nochor korxonalar yoki chekka hududlar “oyoqqa turib olishi” va yangi eksport bozorlariga kirishi uchun baʼzan yordam kerak. Bu pirovard natijada yangi ish oʻrinlari paydo boʻlishi va aholi daromadlari oshishiga xizmat qiladi.
Shu maqsadda oxirgi yillarda bir qator imtiyozlar joriy etildi. 2021 yilda ularning jami hajmi 51 trillion soʻmni tashkil qilgan. Natijada oʻtgan yili 170 mingta yangi tadbirkorlik subyekti ochilgan, 500 mingdan ziyod ish oʻrni yaratilgan.
Oxirgi olti yilda birgina soliq sohasida 1 ming 400 ga yaqin imtiyozlar taqdim etilgan.
Eksportni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan subsidiyalar ham oʻz natijasini berib, tadbirkorlarning tashqi bozorga chiqishiga madad boʻlmoqda. Birgina oʻtgan yilda 280 milliard soʻmdan ortiq shunday subsidiyalar ajratilgan boʻlib, uning 220 milliardga yaqini eksport boʻyicha transport xarajatlariga yoʻnaltirilgan. Natijada 2 ming 800 ta korxona ilk bor tashqi bozorga chiqqan.
Shuningdek, eksportchi korxonalarga xalqaro standartlash va sertifikatsiyalash, sugʻurta va hatto reklama xarajatlari qisman qoplab berilmoqda. Natijada elektr texnikasi tarmogʻida berilgan har bir soʻm subsidiya evaziga 870 soʻmlik eksport amalga oshirilgan. Bu koʻrsatkich toʻqimachilik sohasida 555 soʻm, qurilish materiallari sohasida 273 soʻmni tashkil etgan.
Tadbirkorlarga koʻmaklashish uchun kredit foizlarini kompensatsiya qilish va kredit kafolatlari berish tizimi yaratildi. Ularga kredit yuklamalarini kamaytirish maqsadida Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan 6 trillion 100 milliard soʻmlik majburiyatlar olingan boʻlib, joriy yilning oʻzida 2 trillion 500 milliard soʻmlik kompensatsiyalar toʻlab berilgan.
Lekin, joylarda imtiyozlardan samarasiz yoki maqsadsiz foydalanish holatlari ham uchrab turibdi. Masalan, davlat byudjetidan 127 turdagi subsidiyalar joriy etilgan boʻlsa-da, amalda ularning 15 tasidan foydalanilmayapti.
Tarmoqlar va sohalar boʻyicha ham imtiyozlar samaradorligi bir xil emas. Misol uchun, qishloq xoʻjaligiga berilgan har 1 soʻm imtiyoz evaziga sohada 33 soʻm qoʻshilgan qiymat yaratilmoqda. Bu koʻrsatkich sogʻliqni saqlash sohasida 30 soʻm, taʼlimda 22 soʻm, axborot texnologiyalarida 16 soʻmni tashkil etmoqda.
Yigʻilishda imtiyozlarning samaradorligini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
– Soʻnggi yillarda iqtisodiyot tarmoqlariga turtki berish uchun ilgari tariximizda boʻlmagan imtiyozlarni joriy etishga majbur boʻldik. Bugun ulardan natija, saboq, tajriba qanday boʻldi, degan savolga javob topish kerak. Byudjetdan ajratilgan har bir soʻmning hisob-kitobini joyiga qoʻyish, imtiyozlarning samaradorligini oshirish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shundan kelib chiqib, Bosh vazir oʻrinbosari va moliya vaziriga barcha imtiyoz va subsidiyalarning natijadorligi koʻrsatkichlarini belgilab, ulardan samarali foydalanish boʻyicha qatʼiy nazorat tizimini joriy etish topshirildi.
Hisob palatasida monitoring boʻlimi tashkil etib, imtiyozlar samaradorligini doimiy tahlil qilib borish vazifasi qoʻyildi.
Soliq va bojxona imtiyozlarini xatlovdan oʻtkazib, samarasizlarini bekor qilish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun berilgan imtiyozlarni bir xillashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Hududlar kesimida olganda, soliq imtiyozlarining 31 foizi Toshkent shahriga toʻgʻri kelmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarining ulushi 2 foizdan oshmaydi. Lekin Surxondaryoning Oltinsoy tumanida ham, Toshkent shahrining Mirobod tumanida ham tadbirkorlar uchun belgilangan talablar, soliqlar, imtiyozlar, subsidiya, kompensatsiya va preferensiyalar bir xil.
Shu bois davlatimiz rahbari soliq imtiyozlarini hududlarning rivojlanish darajasidan kelib chiqib belgilash boʻyicha koʻrsatma berdi.
– Endi joylarga borib, manzilli qarorlar qabul qilib, imtiyozlardan toʻgʻri foydalanib, chekka-chekka tumanlarni ham rivojlanish yoʻliga olib chiqish kerak, – dedi Prezident.
Aholi va tadbirkorlarning bu borada xabardorligini oshirib, imtiyozlardan foydalanish qamrovini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Subsidiyalar boʻyicha yagona ochiq portal yaratib, barcha imtiyozlarni bosqichma-bosqich shu orqali berish taklifi bildirildi.