Davlatimiz rahbari Yangi Toshkent shahrida transport infratuzilmasi va muhandislik tarmoqlari qurilishi bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Maʼlumki, mazur shahar 1 million aholi yashashiga moʻljallangan. Infratuzilma shunga mos va uzoq muddatli boʻlishi kerak. Shu bois hozirgi kunda katta hajmda yer osti muhandislik ishlari bajarilib, ulkan bunyodkorlikka zamin yaratilmoqda.
Shaharda infratuzilma, turmush va ekologiya mutanosib boʻladi. Masalan, ekologik transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar uygʻunlikda harakatlanadi. Transportlar qatnovi uchun 14 ta tunnel, 100 ming avtomobilga moʻljallangan yer osti turargohlari quriladi. Piyodalar hamda velosipedchilarning toʻsiqsiz va xavfsiz harakatlanishi uchun keng qulaylik yaratiladi.
Bugungi kunda boʻlajak chorrahalardan birida ustunlar poydevorini quyish va gidroizolyasiya ishlari bajarilmoqda. Prezidentimiz bu jarayonni koʻzdan kechirdi. Kelajakni inobatga olib, qurilishda yuqori sifatli va tashqi taʼsirlarga chidamli mahsulotlardan foydalanish boʻyicha tavsiyalar berdi.
Shuningdek, ayni paytda bir va ikki seksiyali muhandislik kollektorlari qurilishi boshlangan. Ular orqali markazlashgan issiqlik va suv quvurlari, elektr energiyasi, telekommunikatsiya kabi barcha muhandislik tarmoqlari yer tagidan oʻtkaziladi.
Shaharda zamonaviy urbanizatsiya talablari asosida “aqlli” texnologiyalar qoʻllaniladi. Yurtimizda ilk bor “uch generatsiya” stansiyasi quriladi. Oqova suvlar ham zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlanib, sugʻorish va texnik maqsadlar uchun yoʻnaltiriladi.
Davlatimiz rahbariga Yangi Toshkentning birinchi bosqichida koʻzda tutilgan loyihalar haqida ham axborot berildi. Auksion orqali sotuvga chiqarilgan yer uchastkalari gʻoliblari oʻzlarining investitsiyaviy loyihalarini taqdim etishdi.
Shaharga koʻplab mahalliy va xorijiy investorlar qiziqish bildirmoqda. Xususan, birinchi bosqichda 490 million AQSH dollari qiymatidagi 11 ta koʻp funksiyali (mix-used) majmua, mehmonxona va restoranlar loyihalari boshlangan. Turar joylar, tijorat joylari va ijtimoiy muassasalar hududni gavjumlashtiradi. Mehmonxona va restoranlar, oʻziga xos dizayndagi muhtasham binolar tashrif buyuruvchilarga yuqori sifatli xizmat koʻrsatishi bilan birga shaharni turizm markaziga aylantiradi.
Yanagi yilda shaharning keyingi bosqichlari uchun yer uchastkalari bosqichma-bosqich taklif qilinadi. Har bir bosqichda, yangi investitsion imkoniyatlar va loyihalar taqdim etiladi. Bu, oʻz navbatida, nafaqat shaharni rivojlantirish, balki koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratish, mahalliy biznesni qoʻllab-quvvatlashga ham xizmat qiladi.
Umuman, kelajakda shaharda innovatsion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli 200 mingta ish oʻrni yaratiladi. Buning uchun yangi texnoparklar, IT-park, taʼlim va tibbiyot klasterlari tashkil etiladi.