2025 yilga borib Oʻzbekiston maktablarning kamida 51 foizini inklyuzivlikka erishishni maqsad qilib qoʻygan. Bundan tashqari, bolalar uchun xavfsiz va inklyuziv taʼlim muhitini yaratish respublika rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Ushbu maqsadlar uchun 3 yil davomida 600 million AQSH dollaridan ortiq mablagʻ jalb etilishi rejalashtirilgan.
Bu vazifa 2020–2025 yillarda inklyuziv taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Masalan, 2022-oʻquv yilida Oʻzbekistonning barcha viloyatlaridagi 225 ta umumtaʼlim maktabi imkoniyati cheklangan bolalar uchun oʻz eshiklarini ochdi.
Avvalo, inklyuziv taʼlim tushunchasiga aniqlik kiritadigan boʻlsak, “inklyuzivlik”ning oʻzi, xususiyatlaridan qatʼi nazar, mutlaqo barcha odamlarni toʻliq ijtimoiy hayotga kiritish jarayonidir. Inklyuziv taʼlim — bu barcha bolalar umumiy taʼlim tizimiga kiritilgan oʻquv jarayoni. Bu yerda “barcha bolalar”, yaʼni ularning jismoniy, aqliy, intellektual, madaniy, etnik, til va boshqa xususiyatlaridan qatʼi nazar, aniq taʼkidlash muhimdir.
Bu shuni anglatadiki, bolalar oʻz yashash joylarida taʼlim olish uchun teng imkoniyatlarga ega. Umumtaʼlim maktablari maxsus taʼlim ehtiyojlarini hisobga oladi va oʻquvchilarga zarur maxsus yordam koʻrsatadi. Va nihoyat, barcha bolalar tengdoshlari bilan teng ravishda oʻrganishlari, rivojlanishi, ijtimoiylashishi va bir-biriga bagʻrikenglikni oʻrgatishi mumkin.
Maʼlumki, inklyuziv taʼlimda maxsus taʼlim ehtiyojidagi bolalar barcha bolalar bilan birga maʼlum maqsadda turli qobiliyatlarga muvofiq guruhlashtiriladi. Maxsus taʼlim aqliy, jismoniy tashqi koʻrinishga muvofiq amalga oshirilsa, inklyuziv taʼlim bolaning qobiliyati va imkoniyatlariga koʻra belgilanadi. Maxsus taʼlim oʻqitishning maxsus va alternativ dasturlari orqali oʻqitilsa, inklyuziv taʼlim bolaga yoʻnaltirilgan va moslashtirilgan, yoʻriqnomali, barchaga moʻljallangan oʻquv dasturi asosida oʻqitiladi. Inklyuziv taʼlimning oʻziga xos muhim jihati shundaki, bolalar va oʻqituvchi bir -birlaridan oʻrganishadi hamda muammolarni birgalikda hal etishadi.
Shunisi eʼtiborga loyiqki, inklyuziv taʼlimda barcha bolalar, shu jumladan nogironlar maxsus ajratilgan guruhda emas, balki bir sinfda oʻqiydilar. Maxsus guruhlar va muassasalar qolaveradi, ular tugatilmaydi, ammo ota-onalar bolasi uchun muassasani tanlash huquqiga ega. Inklyuziv taʼlimning oʻziga xos xususiyati shundaki, u oʻquv dasturiga emas, balki bolalarga qaratilgan. Bunga har bir bolaning, shu jumladan nogironligi boʻlgan va qoʻshimcha yordamga muhtoj boʻlgan bolalarning ehtiyojlarini qondiradigan pedagogika orqali erishiladi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilishga har tomonlama sharoit yaratilmoqda. Inklyuziv taʼlimni butun mamlakat boʻylab rivojlantirishga qaratilgan islohotlar bunga amaliy misoldir.
M.Turdaliyeva, OʻzA