Innovatsion gʻoya: Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan har bir mahallada “SALOMATLIK MAKTABI” tashkil etiladi

0
527
marta koʻrilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan barcha mahallalarda sogʻlom turmush tarzini mutlaqo yangicha tartib va taʼsirchan usullarda targʻib qiluvchi “Salomatlik maktablari” tashkil etilmoqda.

Mazkur maktablar Sogʻliqni saqlash vazirligi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi, Maktabgacha taʼlim vazirliklari va Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim markazining “Aholini maqsadli patronaj bilan qamrab olish, ularda tibbiy madaniyatni shakllantirish hamda oila va taʼlim muassasalarida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori ijrosi doirasida shakllantirilmoqda. Shu bois, ushbu maktablar faoliyatiga Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan bir qatorda yuqoridagi tashkilotlar ham masʼul etib belgilandi.

 — “Salomatlik maktablari”ning asosiy vazifasi tibbiy madaniyatni oshirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, kasalliklarning oldini olish va reproduktiv salomatlikni muhofaza qilishga qaratilgan birlamchi profilaktika ishlarini keng jamoatchilik orasida olib borishdir, — deydi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Basitxanova. —Ushbu maktablaring oʻziga xos jihati shundaki, bunda hisobot va maʼlumot yozish kabi qogʻozbozlik ishlaridan chekinilib, asosiy diqqat-eʼtibor aholi orasida sogʻlom turmush tarzini taʼsirchan va samarali usullar orqali targʻib qilishga qaratiladi. Ayni paytda Sogʻliqni saqlash vazirligi “Salomatlik maktablari” faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha yoʻriqnoma ishlab chiqdi. Shuningdek, bu yoʻnalishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan targʻibot tadbirlar dasturi tayyorlandi. Loyihadan kutilgan natijaga erishishda mutaxassislarning malaka va mahoratini oshirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda Sogʻliqni saqlash vazirligida doimiy videoanjumanlar tashkil etilib, sohaga oid yangiliklar, patronaj ishlari boʻyicha yangicha uslublar mutaxassislarga yetkazilmoqda.

“Salomatlik maktablari” har bir mahallada jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi. QVPlar, qishloq va shaharlardagi oilaviy poliklinikalarning umumiy amaliyot vrachlari, patronaj hamshiralar, mahalla faollari, taʼlim muassasalarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha masʼul xodimlari, jismoniy tarbiya oʻqituvchilari, taʼlim muassasalari shifokorlari hamkorlikda mazkur jamoat tuzilmasiga birlashib, oilalarda, aholi orasida, taʼlim muassasalarida oʻquvchi yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etadi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.