Xonimlar va janoblar!
Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumining barcha ishtirokchilari va mehmonlarini qadimiy Samarqand shahrida qutlash hamda Butunjahon inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi bilan tabriklash menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi janob Antoniu Guterrishga bizning mintaqamizda birinchi marta boʻlib oʻtayotgan ushbu forumni oʻtkazish haqidagi tashabbusni qoʻllab-quvvatlagani uchun samimiy tashakkur bildiraman.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, boshqa hamkor tashkilotlar, Osiyo mamlakatlarining inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarining yuqori martabali vakillari, shuningdek, koʻzga koʻringan xorijiy davlat va jamoat arboblari, inson huquqlari sohasidagi yetakchi ekspertlar, Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik missiya rahbarlari ushbu forumda ishtirok etayotganidan minnatdorman.
“Butunjahon inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi yakunlari: zamonaviy tahdidlar va real voqelik” mavzusida oʻtkazilayotgan mazkur anjumanning dolzarbligi ana shu asosiy hujjatning oʻrni va ahamiyatini mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish zarurati bilan belgilanadi.
BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Mishel Bachelet xonim taʼkidlaganidek, “biz yuksak adolat va tenglik sari harakat qilgan taqdirdagina yanada barqaror tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyotga erishmogʻimiz mumkin”. Men bu muhim prinsipni toʻliq qoʻllab-quvvatlayman.
Tarix shundan dalolat beradiki, dunyodagi barcha sivilizatsiyalar, madaniyat va dinlar inson huquqlari toʻgʻrisidagi tayanch tushunchalarning shakllanishiga asos boʻlgan insonparvarlik gʻoyalari taʼsirida vujudga kelgan.
Masalan, bundan 2700 yil muqaddam Osiyo hududida yaratilgan eng koʻhna yozma yodgorlik — “Avesto” kitobida inson huquq va erkinliklari, millatlararo munosabatlarni oʻzaro hurmat va ishonch tamoyillari negizida barpo etish gʻoyalari muhim oʻrin tutadi, zoʻravonlik va adolatsizlik rad etiladi.
Shuningdek, Sharqning buyuk huquqshunoslaridan biri Burhoniddin Margʻinoniy XII asrdayoq oʻzining “Hidoya” asarida har bir insonning haq-huquqini saqlash zarurligi toʻgʻrisida muhim gʻoyani ilgari surgan edi.
Ana shu muqaddas qadriyatlar bugun ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan va mazkur forum kun tartibiga hamohangdir.
Taʼkidlash joizki, 70 yil avval qabul qilingan Butunjahon inson huquqlari deklaratsiyasi butun dunyoda demokratiya va insonparvarlik tamoyillarini qaror toptirish borasida yangi imkoniyatlar ochdi.
Afsuski, bugungi kunda biz barchamiz ana shu ijobiy jarayonga toʻsqinlik qilayotgan murakkab va ziddiyatli tendensiyalar kuchayib borayotganiga guvoh boʻlib turibmiz.
Bu oʻrinda jahonda, jumladan, Janubi-Sharqiy Osiyodan tortib Yaqin Sharqqacha boʻlgan makonda qurolli toʻqnashuvlar kuchayib, oʻzaro ishonchsizlik va nizolar, millatlar va konfessiyalararo ixtiloflar chuqurlashib borayotgani, barqaror taraqqiyotga qarshi boshqa global tahdid va xatarlar haqida soʻz bormoqda.
Ilojsiz holda oʻz yurtini tashlab ketayotgan kishilar va qochqinlar soni tobora ortib borayotgani, taʼlim va tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyati yoʻqligi, odam savdosi va majburiy mehnat, ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash, qashshoqlik va ochlikka barham berish zarurati bilan bogʻliq muammolar murakkablashib borayotganiga biz chetdan tomoshabin boʻlib qarab turolmaymiz.
Shu maʼnoda, bizning qatʼiy ishonchimizga koʻra, jami 4,5 milliarddan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Osiyo mintaqasining kelajagi koʻp jihatdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2030 yilga qadar barqaror taraqqiyot sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga tayyor boʻlishga, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha samarali mintaqaviy mexanizmni shakllantirishga bogʻliq.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Bugun Oʻzbekiston milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻygan bir davrda biz “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan bosh tamoyilga amal qilmoqdamiz. Aynan ana shu tamoyil 2021 yilgacha Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishning asosi boʻlib xizmat qilmoqda.
Biz parlament vakolatlarini sezilarli darajada kengaytirdik, jamoatchilik nazorati institutlarini mustahkamladik, fuqarolik jamiyatini faol rivojlantirmoqdamiz. Sud tizimi va huquqni muhofaza qilish organlari tubdan isloh qilinmoqda. Oila instituti va jamiyatning maʼnaviy-axloqiy negizini mustahkamlash boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda, barkamol avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro tuzilmalar bilan yaqin sheriklik kengaymoqda, huquqni himoya qilish borasida hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlar bilan amaliy muloqot yoʻlga qoʻyilgan.
Biz ana shu muhim ishlarni qatʼiy davom ettiramiz. Bizning ustuvor vazifamiz inson salohiyatini roʻyobga chiqarishga har tomonlama koʻmaklashish, uning asosiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlashdan iborat.
Bu jamiyatda tinchlik va barqarorlik, farovon hayotni taʼminlashning asosiy shartidir.
Ishonchim komil, forum yakunida qabul qilinadigan Samarqand deklaratsiyasi inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga, bu ezgu ishni yangi, yanada yuksak pogʻonaga olib chiqishga xizmat qiladi.
Anjuman doirasida ishtirokchilar tomonidan ilgari suriladigan taklif va tashabbuslar hamda ularning xulosalari inson huquqlari sohasida milliy dastur va strategiyalarni ishlab chiqishda inobatga olinadi.
Forumning barcha ishtirokchilari va mehmonlariga samarali faoliyat olib borishni, ularning mamlakatimizga tashrifi mazmunli oʻtishini tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti