Hurmatli Forum ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Avvalambor, “Ekologik tahdidlar: oʻzgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusidagi inson huquqlari boʻyicha toʻrtinchi anʼanaviy Samarqand forumining barcha ishtirokchilari va mehmonlarini samimiy qutlayman.
Yurtimizda ilk bor 2018 yilda oʻtkazilgan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi jahon amaliyotiga oʻziga xos “Samarqand ruhi”ni olib kirdi desak, hech mubolagʻa boʻlmaydi. Shu tariqa inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bagʻishlangan Samarqand forumlarini oʻtkazish yaxshi anʼana tusini oldi.
Bugungi anjumanda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi, shuningdek, taniqli xorijiy davlat va jamoat arboblari, inson huquqlari sohasidagi yetakchi ekspertlar ishtirok etayotgani ayniqsa ahamiyatlidir.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Yaxshi maʼlumki, global iqlim oʻzgarishi oqibatida sayyoramizda keskin ekologik vaziyat yuzaga keldi. Ichimlik suvi taqchilligi, atrof-muhit ifloslanishi, tuproq yemirilishi, kuchli chang va qum boʻronlari, bioxilma-xillikning yoʻqolishi, qishloq xoʻjaligi hosildorligining pasayishi kabi muammolar tobora avj olmoqda.
Barcha qitʼalarda va mamlakatlarda bu jarayonlarning salbiy taʼsiri yanada kuchayib bormoqda. Ayniqsa, havo haroratining oshishi jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki barobar koʻp boʻlgan va Orol fojiasini boshidan kechirayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida buning oqibatlari yaqqol sezilmoqda.
Ekologik inqiroz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi eng asosiy toʻsiq va tahdidga aylandi, global miqyosda qashshoqlik bilan bogʻliq muammolar koʻpaymoqda, insonning sogʻliq, toza suv, oziq-ovqat va uy-joyga boʻlgan huquqlarini taʼminlash xavf ostida qolmoqda. Bundan avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam, xususan, nogironligi boʻlgan shaxslar, keksalar, ayollar va bolalar jiddiy aziyat chekmoqda.
Albatta, iqlim oʻzgarishi oqibatida inson huquqlariga yetkaziladigan zararni keskin kamaytirish uchun jahon mamlakatlari birgalikda samarali choralar koʻrishi kerak. Kelajak avlodlar taqdiri uchun barchamiz ulkan masʼuliyatni oʻz zimmamizga oladigan vaqt keldi.
Parij bitimida taʼkidlanganidek, iqlim oʻzgarishiga qarshi choralar koʻrilayotganida, davlatlar inson huquqlarini hurmat qilishi, ragʻbatlantirishi va himoya qilishi, asosiy diqqat-eʼtiborini mazkur sohadagi majburiyatlarini bajarishga qaratishlari lozim.
Hurmatli mehmonlar!
Yangi Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishi muammolari bilan kurashish barqaror rivojlanishni taʼminlashning eng muhim omiliga aylandi. Biz imkon qadar bunday jarayonlarning oldini olish va ularning salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha zarur choralarni koʻrmoqdamiz.
Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda insonning qulay atrof-muhitga boʻlgan huquqi alohida bobda mustahkamlangan. Davlatning atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha vazifalarni amalga oshirish majburiyatlari belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish va tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotga va uglerod neytralligiga oʻtish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, 2030 yilga borib mamlakatimiz energetika balansida qayta tiklanuvchi energiya quvvatini 40 foizga yetkazishni rejalashtirganmiz. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Oʻzbekistonda 1 milliard tup koʻchat ekilmoqda. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar maydonda oʻrmonzorlar barpo etdik.
Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, bizning saʼy-harakatlarimizni jahon hamjamiyati keng qoʻllab-quvvatlamoqda. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish”, “Markaziy Osiyo ekologik muammolar qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yoʻlida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” kabi muhim rezolyusiyalar bir ovozdan qabul qilindi.
Hech shubhasiz, insoniyat toʻqnash kelayotgan iqlim bilan bogʻliq keskin muammolar oqibatlarini yumshatish inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi.
Shu bois, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi rezolyusiyasini ishlab chiqish va ilgari surish boʻyicha tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlaysizlar, deb ishonaman.
Siz, azizlar bugungi Forum davomida global miqyosda ekologik vaziyat barqarorligini saqlash, inson huquq va manfaatlariga xizmat qiladigan yangi amaliy takliflarni ishlab chiqasizlar, deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, Forum ishiga ulkan muvaffaqiyat tilab qolaman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti