PepsiCo kompaniyasining yurtimizdagi «International Beverages Tashkent» MCHJ qoʻshma korxonasi xayriya loyihasi doirasida Belgiyada ishlab chiqarilgan, 1,6 milliard soʻm miqdoridagi “Caelus Lite” ekspert toifasidagi narkoz-nafas olish apparatlarini xarid qilib, COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun Sogʻliqni saqlash vazirligiga begʻaraz taqdim etdi.
– Xayriya loyihasini amalga oshirishdan oldin biz dunyoda va mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq vaziyatni sinchkovlik bilan oʻrgandik, Sogʻliqni saqlash vazirligi vakillari bilan maslahatlashdik, – deydi «International Beverages Tashkent» MCHJ direktori Muzaffar Solijonov. – Shunga koʻra, “Caelus Lite” ekspert toifasidagi narkoz-nafas olish apparatlarini sotib olishga qaror qildik. Ushbu apparat “MEDEC” kompaniyasining anesteziologiya ish stansiyalari sohasidagi 40 yillik tajribasi mahsulidir. Ushbu apparatning asosiy vazifasi – anesteziologiya boʻlib, ayni paytda oʻpkani toʻla-toʻkis sunʼiy shamollatish vazifasini ham bajaradi. Umid qilamizki, ushbu apparatlar koronavirusga chalingan, ahvoli ogʻir bemorlarning tezroq sogʻayishiga koʻmaklashadi va shifokorlarimiz faoliyatiga yaqindan yordam beradi. Biz xayriya ishlarini davom ettirish va mamlakatimizda koronavirusga qarshi kurashda munosib hissamizni qoʻshish niyatidamiz.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.