Investitsiya faoliyati va strategik rivojlanish borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi

0
122
marta koʻrilgan.

12 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Strategik rivojlanish agentligi faoliyati muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizdagi barqarorlik va qulay investitsiya muhiti natijasida tashqi iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanmoqda. 2021 yilda jami 10 milliard dollardan ortiq, jumladan, 8 milliard 100 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirilgan. Buning natijasida 318 ta yirik va 15 mingdan ziyod hududiy loyihalar amalga oshirilib, 273 mingdan ortiq ish oʻrni tashkil etilgan. Yangi korxonalar jami 1 milliard dollardan ziyod eksport va 530 million dollarlik import oʻrnini toʻldirish imkoniyatiga ega.

Albatta, koronavirus pandemiyasi hali-hamon iqtisodiy jarayonlarga jiddiy taʼsir oʻtkazmoqda. Shunga qaramay, eksportda izchil oʻsishga erishilmoqda. Xususan, 2020 yilda mamlakatimizda eksport miqdori 9 milliard dollardan oshgan boʻlsa, 2021 yilda 12 milliard dollarni tashkil etgan. Eʼtiborlisi, bunda tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushi sezilarli koʻpaygan.

Joriy yilda 9 milliard 500 million dollardan ziyod toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalarni oʻzlashtirish, 282 ta yirik va 9 mingdan ortiq hududiy loyihalar ishga tushirish moʻljallangan. Eksport hajmini 14 milliard dollarga yetkazish hisob-kitob qilingan.

Yigʻilishda mutasaddilar ushbu koʻrsatkichlarni tarmoq va hududlar kesimida taʼminlash chora-tadbirlari boʻyicha axborot berdi.

Davlatimiz rahbari har bir investitsiya loyihasini doimiy nazoratga olib, tashabbuskorlarga koʻmaklashish va oʻz vaqtida ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Turizm, tibbiyot va mashinasozlik tarmoqlari, hududlardan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy va Xorazm viloyatlarida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish darajasi pastligi koʻrsatib oʻtildi. Shu bois ular boʻyicha alohida dasturlar ishlab chiqib, qoʻshimcha sarmoyalar yoʻnaltirish vazifasi qoʻyildi.

Prezidentimiz ishlab chiqarishni va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Mahalliy mahsulotlar turini koʻpaytirish, bu borada tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Jumladan, yurtimizda ishlab chiqarilmaydigan tovarlarni oʻzlashtirgan mahalliy korxonalar mahsulotlari kafolatli xarid qilinadi. Bu jarayonga hokim yordamchilarini ham jalb etish muhimligi aytildi.

Aholi turmush sifatiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan taʼlim, tibbiyot, suv taʼminoti, yoʻl va boshqa infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda shaffoflikni taʼminlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Sogʻliqni saqlash sohasi, Orolboʻyi mintaqasi uchun trast fondi kabi ijtimoiy muhim yoʻnalishlarga xorijiy grantlar jalb qilish kerakligi aytildi.

Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident saylovi oldidan xalq bilan uchrashuvlarda har bir tumanda loyiha guruhlari va xolding kompaniyalari tashkil etilishini aytgan edi. Yigʻilishda ushbu tizimni joriy etish borasida qilinayotgan ishlar taqdimoti ham oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari loyiha guruhlari mutaxassislarini bir tizim va metodologiya asosida ishlashga oʻqitish kerakligini taʼkidladi.

Yigʻilishda eksport masalasi atroflicha tahlil qilindi. Bu boradagi prognozlarni bajarish uchun sanoatga alohida ahamiyat qaratish, qoʻshimcha imkoniyatlarni ishga solish zarurligi qayd etildi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 iyuldagi farmoniga muvofiq, Strategik rivojlanish agentligi tashkil etilgan edi. Bu Agentlikka investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni amalga oshirishning strategik masalalarini oʻrganish, investitsiya faoliyatining istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash, xalqaro tajriba asosida iqtisodiyot tarmoqlarini isloh qilish va hududlarning investitsiya salohiyatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish kabi koʻplab vazifalar yuklatilgan.

Yigʻilishda mazkur Agentlikning tuzilmasi, shu kungacha qilingan ishlar va joriy yilgi rejalar haqida axborot berildi.

Bugungi kunda Agentlik boshqarmalari shakllantirilgan, ularga yetakchi xorijiy universitetlarda oʻqigan, tashabbuskor va bilimli mutaxassislar jamlangan.

Agentlikning bu yilgi rejasi 18 ta muhim tadbirdan iborat. Investitsiya loyihalarini ilgari surishning yangi mexanizmini joriy etish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali investitsiya muhitini yaxshilash, investitsiya muhiti boʻyicha hududlar reytingini yoʻlga qoʻyish, tadbirkorlarning tizimli muammolarini aniqlash va hal qilish boʻyicha onlayn platformani ishga tushirish, Jahon banki bilan birgalikda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasini ishlab chiqish shular jumlasidan.

– Bu Agentlik investitsiya hajmini kengaytirish va eksport salohiyatini oshirishga zamin yaratadi. Shu bois, hudud va tarmoqlarni strategik rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish, bunga xorijdan malakali mutaxassis va maslahatchilarni ham jalb qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Strategik rivojlantirish boʻyicha metodologiya yaratib, uni har bir hudud va tarmoqda joriy qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.