Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 iyul kuni xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish, bu boradagi qoloqliklarni bartaraf etish, sarmoyalarni oʻzlashtirishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.
Unda hukumat aʼzolari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari, viloyatlar hokimlari, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Joriy yilda investitsiya va infratuzilma loyihalari dasturlari doirasida barcha manbalar hisobidan 2 ming 612 ta investitsiya loyihasini amalga oshirib, jami 6 milliard 850 million dollardan ziyod mablagʻlarni oʻzlashtirish belgilangan.
Yigʻilishda mazkur sarmoyalarni oʻzlashtirish va loyihalarni amalga oshirish holati sustligi tanqid qilindi.
Buning asosiy sabablaridan biri tarmoqlar va korxonalar rahbarlarining masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishni istamay, mablagʻlarning asosiy qismini oʻzlashtirishni yil oxiriga belgilash amaliyotidir. Yana bir sabab – kredit resurslari puxta ishlangan va hujjatlari tayyor loyihalar uchun emas, balki “oldin mablagʻ olaylik, keyin bir gap boʻlar” qabilida jalb qilingan. Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish va nazorat qilish bahonasi bilan koʻp jarayonlar murakkablashtirib yuborilgan, ortiqcha byurokratik toʻsiqlar paydo boʻlgan.
Shu kabi muammolarni bartaraf etish, investitsiya loyihalari ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida joriy yil 16 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro moliya institutlari va xorijiy mamlakatlar moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalar hujjatlarini tayyorlash va bajarish samaradorligini oshirishga oid qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, endi bunday loyihalar mutlaqo yangi tizim asosida amalga oshiriladi.
Birinchidan, vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari, yirik korxonalar va hokimliklar takliflari asosida istiqbolli loyihalarning yigʻma roʻyxati shakllantirilib, shu asosda Investitsiya qoʻmitasi tomonidan xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish tartibi belgilandi.
Ikkinchidan, loyihalarning texnik-iqtisodiy asosini Loyiha boshqaruvi milliy agentligida ekspertizadan oʻtkazish talabi bekor qilinib, ular faqat Investitsiya qoʻmitasi va Moliya vazirligida bir vaqtning oʻzida ekspertiza qilinadi. Natijada, avval mazkur ekspertiza uchun oʻrtacha 60 kun ketgan boʻlsa, endi 14 kun talab etiladi.
Shu bilan birga, loyihani amalga oshirish jarayonida shartnomalar qiymati aniq sabablarga koʻra 20 foizgacha oshadigan boʻlsa, tasdiqlangan texnik iqtisodiy asoslarga oʻzgartirish kiritilmaydi. Ilgari ushbu jarayonlar ham kamida 3-6 oy vaqtni olar edi.
Uchinchidan, tender hujjatlari va tender asosida tuzilgan shartnomalar endi hech qanday ekspertizadan oʻtmaydi. Tender hujjatlarini bundan buyon xarid komissiyasi tasdiqlaydi, shartnomalar esa Investitsiya qoʻmitasida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Ilgari “kvorum yigʻilmadi” degan bahona bilan tenderlar qoldirilib, oylab, hatto yillab choʻzilib ketar edi. Endi tender komissiyalarida bu talab bekor qilindi. Agar kvorum yigʻilmasa ham, Investitsiya qoʻmitasi va “Oʻzinjiniring” loyiha instituti vakillari ishtirok etayotgan boʻlsa boʻldi, tender oʻtkaziladi.
Tenderlar boʻyicha yana bir yengillik – talabgorlar soni boʻyicha talab bekor qilindi. Ilgari 1 ta lotga kamida 3 ta talabgor boʻlmasa, tender oʻtkazilmas edi. Endi talabgor bitta boʻlsa ham, tender oʻtkaziladi, faqat hujjatlar xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlarining talablariga mos boʻlsa boʻldi.
Toʻrtinchidan, xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalar doirasida xarid qilinadigan tovarlar qoʻshilgan qiymat soligʻi, bojxona toʻlovlari, maqsadli jamgʻarmalarga yigʻimlardan, norezident shaxslar foyda va daromad soligʻidan ozod etildi. Shuningdek, loyihalarni amalga oshirishga jalb etiladigan xorijlik mutaxassislar konsullik yigʻimlari hamda viza berish, roʻyxatga qoʻyish va uzaytirish uchun davlat bojidan ham ozod etiladi.
Yigʻilishda Investitsiya qoʻmitasiga xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlari ishtirokidagi barcha loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari, tender hujjatlari, import shartnomalarini yangi joriy qilingan tartib asosida ekspertiza qilish yoki roʻyxatga olish ishlarini jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
“Bundan buyon xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni bajarishda ishni “oʻziboʻlarchilik kayfiyati” asosida tashkil qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Oʻzlashtirilmagan har bir dollar uchun barcha darajadagi rahbarlar shaxsan javob beradi. Har bir loyiha tashabbuskori ham masʼuliyatni oʻz zimmasiga olib, loyihani ishlab chiqish, amalga oshirish va yakuniy natija uchun javobgar boʻladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda “Loyihani amalga oshirish guruh”lari foliyatini samarali tashkil qilish muhimligi alohida taʼkidlandi.
Investitsiya qoʻmitasiga barcha guruhlar tarkibini qayta koʻrib chiqib, ularni loyihalar kesimida emas, tarmoqlar yoʻnalishida ixtisoslashtirish asosida qayta tashkil etish topshirildi. Ulardagi ekspertlar mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirib, bilim va tajribali, halol, professional xodimlarni ishga qabul qilish zarurligi taʼkidlandi.
1 sentyabrdan joriy yil yakuniga qadar maxsus oʻquv kurslarini tashkil etgan holda loyiha guruhlarining rahbar va mutaxassislari malakasini oshirish, “Loyihalarni amalga oshirish guruh”lariga ishga qabul qilish uchun 1 yanvardan boshlab sertifikat tizimini joriy etish vazifasi qoʻyildi.
Videoselektorda 2019 yilgi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish masalasiga ham eʼtibor qaratildi.
Bosh vazir oʻrinbosarlari, xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlariga tarmoq va hududiy istiqbolli investitsiya loyihalari boʻyicha investorlar topish, texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish va loyihani amalga oshirishni tezlashtirishga qaratilgan “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqish va tasdiqlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
“Investitsiya loyihalari, jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirishda oldimizga juda katta marralarni qoʻymoqdamiz. Prezident qarorlari bilan bu boradagi barcha toʻsiqlar olib tashlandi. Endi biron-bir bahonaga sabab qolmadi”, dedi davlatimiz rahbari.
Yigʻilishda mahalliy hokimliklar rahbarlarining xorijiy davlatlarga uyushtirgan xizmat safarlari natijalari ham muhokama qilindi. Investitsiya qoʻmitasi hamda Tashqi ishlar vazirligiga hokimliklar delegatsiyalarining xorijiy xizmat safarlarida erishgan kelishuvlarini amalga oshirilishi yuzasidan taʼsirchan nazorat va muvofiqlashtirish tizimini joriy etish topshirildi.
Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari va hokimlarning hisobotlari tinglandi. Xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish va loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, yangi quvvatlarni oʻz vaqtida ishga tushirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.