Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 iyun kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu yil poytaxtimizda qariyb 4 milliard dollar investitsiya hisobiga 500 dan ziyod loyiha rejalashtirilgan. Bugungi kunga kelib, shundan 1 milliard 500 million dollari oʻzlashtirilgan. 120 million dollarlik 71 ta loyiha ishga tushirilib, 5 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilgan. Umumiy miqdori 2 milliard 300 million dollarlik yana 450 ta loyiha boʻyicha ish olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari birinchi yarim yillikdagi koʻrsatkichlar yetarli emasligini taʼkidlab, kechikayotgan loyihalarning muammosini hal qilish, investitsiyalar jalb etishni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Taqdimotda “Yangihayot” industrial texnoparkida olib borilayotgan ishlar ham koʻrib chiqildi.
Bu haqda Oʻzbekiston Prezidentining 2021 yil 4 fevraldagi qarorida belgilangan edi. Ushbu texnopark uchun 210 gektar maydon ajratilgan. Bosh reja ishlab chiqilib, bugungi kunda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish boshlangan.
Prezidentimiz bu ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan muhim loyiha ekanini taʼkidladi.
– Hech qaysi davlatda tadbirkorga yengillik yaratmasdan turib, natijaga erishib boʻlmaydi. Bu texnopark tadbirkorlar uchun qulay maydon boʻlishi kerak. Import oʻrnini bosadigan, koʻproq odamlarni ish bilan taʼminlaydigan loyihalarga eʼtibor qaratish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Birinchi bosqichda texnoparkning 110 gektar maydoni auksionda sotilgan. Ularda oshxona jihozlari, qandolatchilik va toʻqimachilik mahsulotlari, santexnika tovarlari, polietilen va metall buyumlar ishlab chiqarish loyihalari joylashtirilgan. Umuman, texnoparkda tashkil etiladigan korxonalarda 20 ming ish oʻrni yaratilishi moʻljallangan.
Toshkentda xizmat koʻrsatish sohasi boʻyicha ham imkoniyatlar katta. Oʻtgan besh oyda bu sohada 5 ming 500 ta loyiha doirasida 183 mingta ish oʻrni yaratilgan.
Davlatimiz rahbari aholining talabi va imkoniyatlari oʻsib borayotganini, shundan kelib chiqib, xizmatlarni keng koʻlamda rivojlantirish zarurligini taʼkidladi. Yoshlarni bu soha boʻyicha oʻqitib, xizmatlar sifatini va bandlikni oshirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.