Investitsiya loyihalarining ijrosi koʻrib chiqildi

0
41
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 iyul kuni Vengriya, Ozarbayjon va Yaponiya bilan investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Maʼlumki, ushbu mamlakatlar katta iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlarga ega. Soʻnggi yillardagi muntazam muloqotlar tufayli Oʻzbekistonning ular bilan munosabatlari strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi, hamkorlikning turli yoʻnalishlarida aloqalar faollashdi.

Davlatimiz rahbari 2019 yilda Yaponiyada, 2022 yilda Vengriyada rasmiy tashrif bilan boʻlgan edi. Ozarbayjon Prezidenti va Vengriya Bosh vaziri mamlakatimizga kelgan. Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, “Markaziy Osiyo – Yaponiya” tuzilmalari doirasida doimiy fikr almashib kelinmoqda.

Siyosiy iroda va oʻzaro manfaatdorlik natijasida Vengriya bilan 33 ta, Ozarbayjon bilan 27 ta, Yaponiya bilan 13 ta loyiha boʻyicha kelishuvlar imzolangan.  

Yigʻilishda ushbu loyihalarning ijro holati, ularni amalga oshirish boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan tizim haqida axborot berildi.

Masalan, Vengriya bilan hamkorlikda parrandachilik klasteri tashkil etish, aviakompaniya ochish, dori-darmonlar, butlovchi qismlar va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Ozarbayjon bilan energetika, kimyo, transport, mashinasozlik, qurilish sohalarida hamkorlik qilinmoqda.

Yaponiya bilan loyihalar koʻlami ham keng: energetika, turizm, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, toʻqimachilik, chorvachilik.

Umuman aytganda, Vengriya, Ozarbayjon va Yaponiya bilan sheriklikdagi ushbu loyihalar natijasida 8 mingdan ziyod yangi ish oʻrni, qariyb 1 milliard 700 million dollarlik eksport imkoniyati yaratilishi nazarda tutilgan.

Davlatimiz rahbari loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, bu borada masʼullar va investitsiya menejerlari ishini jonlantirish zarurligini taʼkidladi.

Ikki tomonlama muloqotlar, jumladan, ishbilarmon doiralarning oʻzaro tashriflarini tashkil etish orqali yangi loyihalar boʻyicha takliflar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Sanoat, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, xizmatlar, taʼlim va innovatsiyalar hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlari sifatida qayd etildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.