Investitsiya loyihalarining samaradorligi koʻrib chiqildi

0
64
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 noyabr kuni investitsiya loyihalarining samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Davlatimiz tomonidan oqilona iqtisodiy diplomatiya yuritilayotgani natijasida eksport va investitsiya miqdori izchil oshib bormoqda. Xususan, soʻnggi besh yilda xorijiy investitsiyalar hajmi 3 barobar oʻsgan. Buning evaziga yuzlab zavod va korxonalar ishga tushirilib, mahsulot va xizmatlar koʻpaydi, odamlar ishli boʻldi, yangi inshootlar qurildi.

Bunday ishlar har bir tarmoq va hududda davom etmoqda. Yil boshidan buyon 179 ta yirik va 10 mingta hududiy loyihalar ishga tushirilgan. Ularga 76 trillion soʻm investitsiya yoʻnaltirilgan. 143 mingta ish oʻrni tashkil etilgan.

Yigʻilishda yangi loyihalarni oʻz vaqtida bajarish va avval ishga tushganlarini toʻliq quvvatga chiqarish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Oxirgi yillarda foydalanishga topshirilgan 442 ta loyiha past quvvatda ishlayotgani qayd etildi. Joyida oʻrganilganda, ularning 238 tasida xomashyo va bozor topish, 115 tasida kredit, 35 tasida infratuzilma bilan bogʻliq muammolar borligi aniqlangan.

Viloyat hokimlariga ushbu korxonalar muammolarini hal etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga yil yakuniga qadar 139 ta yirik va 3 mingta hududiy loyihalarni ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.

Davlatimiz rahbari har bir soʻm investitsiya iqtisodiyotga natija boʻlib qaytishi, xalqimiz manfaatiga xizmat qilishi kerakligini taʼkidladi. Shu bois loyihalar boʻyicha kreditlarning maqsadli ishlatilishi va kelgusida natija berishi qatʼiy nazoratga olindi.  

Sanoat loyihalarida asosiy eʼtibor zamonaviy, raqobatbardosh, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan. Shu bois ular uchun ilgʻor xorijiy texnologiyalar xarid qilingan.

Yigʻilishda joriy yilda import qilingan 270 dan ortiq uskuna hali oʻrnatilmagani koʻrsatib oʻtildi. Bunga sabab boʻlayotgan jarayonlarni soddalashtirib, uskunalarni tezroq foydalanishga kiritish zarurligi taʼkidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident saylovi oldidan xalq bilan uchrashuvlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha yangi tizim joriy etilishini aytgan edi. Buning uchun har bir hududda “tuman loyiha guruhlari” va xolding kompaniyalari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu yangi tuzilmalar tadbirkorlarning biznes hamkoriga aylanadi. Ular tadbirkorlarning yonida turib, gʻoyadan boshlab, investorlarni jalb qilish va loyihalarni toʻliq quvvatda ishlashigacha har kuni yordam berishga masʼul boʻladi.

Yigʻilishda ushbu yangi tizimni tez va samarali tashkil etishga doir vazifalar belgilandi.  

Prezident xorijiy investitsiya va eksport hajmini oshirishda mamlakatimizning chet davlatlardagi elchilari faoliyati muhimligini taʼkidladi. Hudud va tarmoq rahbarlariga istiqbolli loyihalar topib, elchilar bilan birgalikda ularni amalga oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar va hokimlar axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.