Investitsiya sohasidagi rejalar boʻyicha axborot berildi

0
14
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 dekabr kuni investitsiya boʻyicha 2024 yildagi natijalar sarhisobi va kelgusi yilgi vazifalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

2017 yildan buyon mamlakatimiz iqtisodiyotiga barcha manbalar hisobidan 188 milliard dollar investitsiya kiritilgan. Shundan 87 milliard dollari chetdan jalb qilingan. Natijada investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 30 foizdan oshib, barqaror iqtisodiy oʻsishga zamin boʻlayapti.

Bu yil iqtisodiyotga kiritilgan investitsiyalar hajmi 1,3 baravar koʻpayib, 36 milliard dollardan oshdi. Bularning hisobiga yil boshidan buyon qoʻshimcha 70 trillion soʻmlik qiymat beradigan 560 ta yirik va oʻrta loyihalar ishga tushirildi. Kelasi yildan eksportni yana 1 milliard dollarga oshirish imkoniyati paydo boʻldi.

Soha va hududlarda ochilayotgan imkoniyatlar bilan bu natijalarni yanada oshirsa boʻladi.

Yigʻilishda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri 2025 yilgi rejalar toʻgʻrisida axborot berdi. 

Kelgusi yil 43 milliard dollarlik investitsiyalarni oʻzlashtirish koʻzda tutilmoqda. Bu orqali 300 dan ortiq yirik loyiha bajarilishi, import oʻrnini bosuvchi 662 ta yangi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda. 

Davlatimiz rahbari buning uchun xorijiy investorlar bilan manzilli ishlab, yanada qulayliklar yaratish, erishilgan barcha kelishuvlarni yuqori darajada amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.

Shuningdek, bugungi kunda 1 ming 890 ta loyiha boʻyicha ish ketmoqda. Ularning ijrosini jadallashtirish uchun masʼullar belgilandi.

Yigʻilishda tashqi savdo masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Jahonda kuzatilayotgan murakkab vaziyatda bu oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Eksport-logistika zanjirlari qiyinlashayapti, asosiy eksport bozorlarimizda tayyor mahsulot olish kamayyapti.

Bunday sharoitda ichki imkoniyatlarni toʻliq safarbar qilib, iqtisodiy taraqqiyot surʼatlarini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

2030 yilgacha mamlakatimizning yillik eksport hajmini 2 barobar oshirib,  45 milliard dollarga olib chiqish maqsadi belgilangan. Bu rejadagi investitsiyaviy loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirib, yuqori qiymatli mahsulot va xizmatlarni koʻpaytirishni, eksport geografiyasini kengaytirishni talab etadi.

Mutasaddilarga rejalar ijrosini doimiy tahlil qilib, ishni joylarda sifatli tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.