Investitsiya va eksport boʻyicha asosiy vazifalar belgilandi

0
79
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 yanvar kuni investitsiyalarni keng jalb etish va eksport hajmini oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizdagi ochiqlik, kuchli investitsiya siyosati natijasida iqtisodiyot barqaror oʻsib kelayapti. Xususan, 2024 yilda yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga oshib, 115 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiya 1,6 barobar oʻsib, qariyb 35 milliard dollarni tashkil qildi. Qiymati 10 milliard dollarlik 242 ta yirik va oʻrta loyihalar ishga tushdi. Eksport ilk bor 27 milliard dollarga yetdi.

Oʻtgan yili togʻ-kon, neftgaz, kimyo, qishloq xoʻjaligi sohalarida investitsiya 2 karra oshgan. 50 ta tumanga 100 million dollardan koʻp sarmoya kirib kelgan.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda sohadagi qoloqliklar atroflicha tahlil qilindi.

Toʻqimachilik sanoati, “Oʻztransgaz”, “Oʻzmetkombinat”, “Oʻzsuvtaʼminot” tizimida investitsiya koʻrsatkichlari pasaygan. Ekologiya, Qishloq xoʻjaligi, Raqamli texnologiyalar, Transport, Qurilish, Sogʻliqni saqlash, Sport, Madaniyat, Oliy taʼlim, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirliklari olib kelgan investitsiya va grantlar imkoniyatga yarasha emas.

Ayrim tuman hokimlari investitsiya va eksport masalasini oʻz holiga tashlab qoʻygani koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, Beruniy, Qoraoʻzak, Qoʻngʻirot, Peshku, Yangiobod, Qamashi, Xonqa, Shovot, Romitan, Dehqonobod, Mirishkor, Chiroqchi, Narpay, Nurobod va Guliston tumanlari hamda Ohangaron shahri hokimlariga hayfsan eʼlon qilindi. Faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygani uchun Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev lavozimidan ozod etildi.

Yigʻilishda investitsiya va eksport boʻyicha bu yilgi asosiy vazifalar belgilandi.

Avvalo, bu masala hududlar kesimida koʻrib chiqildi. 27 ta tumanda investitsiya hajmi 200 million dollardan oshishi hisob-kitob qilingan. Lekin 10 ta tumanda reja 40 million dollarga ham yetmaydi. Mutasaddilarga ushbu tumanlarda yangi loyihalarni shakllantirib, investitsiyani koʻpaytirish boʻyicha topshiriq berildi.

Mablagʻlarning samaradorligiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Masalan, soʻnggi yetti yilda kiritilgan 120 milliard dollar investitsiya hisobiga 6 mingdan ortiq korxona ishga tushgan. Tahlil qilinsa, har 1 ming dollar investitsiya yiliga oʻrtacha 530 dollar qoʻshilgan qiymat yaratayapti. Bu koʻrsatkich togʻ-kon sanoatida 700 dollarga yetgan.

Lekin neft-gaz, metallurgiya va qurilish materiallari sohalarida investitsiya samaradorligi nisbatan past. Hududlardan esa Sirdaryo, Buxoro va Qoraqalpogʻistonda shunday holat.

Yangi ochilgan 92 ta korxonada uskunalar ishlatilmay turgani uchun kreditlar qaytishi kechikayapti. 105 ta tadbirkor olib kelgan uskunalar bojxona omborlarida turibdi.

Prezident investitsiyaning samaradorligini oshirish hudud va tarmoq rahbarlarining asosiy vazifasi boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

– Bu iqtisodiyotimiz oʻsishiga katta turtki beradi. Kafolatli xarid hisobiga, juda koʻp yangi ish oʻrinlari yaratiladi, valyuta tejaladi va yondosh sohalar rivojlanadi. Buni hokimlar yaxshi tushunib, har bir loyihaning “ichiga kirib”, ishni unumli tashkil qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirkorlar ishtirokida yarmarkalar oʻtkazib, yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish, yirik investitsiya loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Mamlakatimizda tadbirkorlar sinfi kengayib, xalqaro doiraga chiqmoqda. Ilgʻor korxonalarimiz chet eldan toʻgʻridan-toʻgʻri mablagʻ olib kelishni boshladi. Buni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, Prezident farmoni bilan, Savdo-sanoat palatasida Tadbirkorlarga tashqi moliya bozorlariga chiqishga koʻmaklashish markazi tashkil qilindi. Endi bundan foydalanib, koʻproq tadbirkorlar xorijdan mablagʻ jalb qilishga oʻrgatilishi aytildi.

Bu yil xalqaro moliya institutlari hisobidan 5 milliard 200 million dollarlik ishlar rejalashtirilgan. Ularni oʻz vaqtida amalga oshirish uchun Bosh vazir boshchiligida favqulodda shtab tashkil qilinishi belgilandi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyoti banki bilan 1 milliard 100 million dollar, Islom taraqqiyot banki bilan 1 milliard dollarlik loyihalar koʻzda tutilgan. Mutasaddilarga ushbu banklar bilan davlat kafolatisiz loyihalarni koʻpaytirish, mablagʻ jalb qilishda tadbirkorlarga koʻmaklashish topshirildi.

Investitsiya samaradorligining koʻrsatkichlaridan biri – eksport. Masalan, erkin iqtisodiy zonalardagi korxonalar kiritgan sarmoyasiga qarab, imtiyoz olayapti. Bu tannarxni pasaytirish, eksportga chiqishga xizmat qilishi kerak.

Oʻtgan yili 22 ta erkin iqtisodiy zonadagi 589 ta korxona 42 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqargan. Lekin tovarlarning atigi 18 foizi tashqi bozorlarga sotilgan, 372 ta korxona umuman eksport qilmagan.

Shu bois endi faqat eksportga ishlaydigan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilishi taʼkidlandi. Ularda xorijiy brendlar bilan yuqori qiymatli, tashqi bozorlarda talabgir mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shulardan birinchisi Namangan viloyatida, 30 gektar maydonda toʻqimachilik yoʻnalishida tashkil etiladi.

Yana bir yangi yondashuv – oʻtgan yili 12 ta texnopark xorijiy korxonalar boshqaruviga berildi. Hozircha ularga 2,5 milliard dollarlik 27 ta loyiha joylashtirilgan. Bu tajribani kengaytirib, xorijiy kompnaiyalar ishtirokida yana bir nechta texnoparklar tashkil qilish taklifi bildirildi.

Bu yil eksportni 30 milliard dollardan oshirish moʻljallanmoqda. Masalan, yurtimizda xomashyosi boʻlgan toʻqimachilik, elektrotexnika kabi tarmoqlarda eksportni 2-3 karra oshirish imkoniyati bor.

Shu bois bu ikkita drayver tarmoqni rivojlantirish, eksportga ishlayotgan korxonalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash choralari koʻriladi.

Xususan, eksportchilarni aylanma mablagʻ bilan taʼminlash uchun alohida faktoring tashkiloti ochilib, unga 100 million dollar ajratiladi. Korxonalarni xalqaro sertifikat talablariga moslashtirish xarajatlarining 20 ming dollargacha qismi qoplab beriladi. Rivojlanish va tadqiqot markazlari (R&D) uchun olib kelinadigan laboratoriya jihozlari bojxona bojlaridan ozod qilinadi. Xalqaro marketpleyslar orqali mahalliy mahsulotlarini targʻib qilish uchun 2 million dollar yoʻnaltiriladi.

Mutasaddilarga tashqi bozorlardagi imkoniyatni tahlil qilib, uch yillik eksport strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Paxta yetishtirish va qayta ishlashda ham qoʻshimcha bozor mexanizmlari joriy qilinadi. Shu yildan boshlab, klasterlar paxtaga talabi va narx taklifini birjaga qoʻyadi, fermerlar esa oʻziga maʼqulini tanlab, fyuchers shartnomasini tuzadi. Imtiyozli kredit olmay, oʻzi paxta yetishtirgan fermerlarga birjada sotgan paxtasining 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi. Imtiyozli kreditni 31 dekabrgacha toʻliq qaytargan fermerlarga kreditning 4 foizi qaytarib beriladi.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiruvchi tomorqa egalari mahalla bankirlariga mijoz boʻladi.

Yigʻilish yakunida davlatimiz rahbari jahonda investitsiya va bozorlar uchun raqobat keskinligini yana bir bor taʼkidlab, mutasaddilarga ishchanlik va natijadorlikni oshirish talabini qoʻydi. Bu borada nazorat va soʻrov qattiq boʻlishi koʻrsatib oʻtildi.

Bosh vazirga bu yilgi 42 milliard dollar xorijiy investitsiya boʻyicha oyma-oy reja tasdiqlab, ijrosini taʼminlash topshirildi.

Yigʻilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning axboroti eshitildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.