Investitsiya va shaharsozlik loyihalari bilan tanishildi

0
99
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 aprel kuni Toshkent shahrida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Toshkent shahrida 2021-2023 yillarda umumiy qiymati 10,7 milliard dollarlik 1390 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish va qariyb 98 mingta ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Jumladan, joriy yilda jami 4,1 milliard dollar investitsiyalarni oʻzlashtirish belgilangan.

Birinchi chorakda poytaxtda 1,8 trillion soʻmlik 130 ta loyiha ishga tushirildi va 2 mingga yaqin ish oʻrni yaratildi. Jumladan, sanoat yoʻnalishida 55 ta, xizmat koʻrsatish sohasida 63 ta, uy-joy qurilishida 12 loyiha amalga oshirildi.

Taqdimotda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi moʻljallangan loyihalar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Misol uchun, Mirzo Ulugʻbek tumanida yiliga 110 ming tonna metalldan quyma poʻlat, armatura, ugolnik, shveller kabi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etiladi va 200 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Yil yakuniga qadar qiymati 30 trillion soʻmdan ziyod 847 ta loyihani amalga oshirish va qariyb 36 mingta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida 2021-2023 yillarda 3 milliard dollarlik  eksport rejalashtirilgan. Joriy yilning oʻzida umumiy qiymati 800 million dollardan ziyod boʻlgan sanoat mahsulotlari, qariyb 70 million dollarlik meva-sabzavotni eksport qilish kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari rejalashtirilgan koʻrsatkichlar bilan chegaralanmasdan, qoʻshimcha loyihalarni koʻpaytirish, eksport tarkibini diversifikatsiya qilish va hajmini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Taqdimotda, shuningdek, Andijon shahri yaqinida qurilishi rejalashtirilgan “Yangi Andijon” turar joy massivining bosh rejasi haqida ham maʼlumot berildi.

Andijon — mamlakatimizda aholi eng zich joylashgan shaharlardan. Shaharning oʻzida rivojlanish uchun boʻsh joy yoʻq.

Umumiy maydoni qariyb 4 ming gektar boʻlgan yangi shaharning bosh rejasiga koʻra, u 1439 gektar turli qurilmalar, yaʼni uy-joy, savdo maskanlari va kichik sanoat zonasi, 1820 gektar yashil hudud, 223 gektarlik xizmat koʻrsatish hududi va 499 gektar yoʻllardan iborat boʻladi.

Eng muhimi, bu massiv aholi uylari boʻlmagan, qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan boʻsh maydonda barpo etiladi. Turar joy massivi qurilishi natijasida 411 ming nafar aholi yashashi mumkin boʻlgan yangi shaharcha paydo boʻladi.

Prezident loyiha bilan tanishib, uy-joylarni puxta va sifatli loyihalashtirish, uni amalga oshirishda mahalliy mutaxassislarning salohiyatidan unumli foydalanish, unda imkon qadar koʻproq yashil hududlar, bogʻ va xiyobonlar tashkil etilishini, aholining dam olishi va mehnat qilishi uchun qulay sharoitlarni nazarda tutish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.