Investitsiyalar va eksportni koʻpaytirish, oziq-ovqat bozorini toʻldirish vazifalari koʻrib chiqildi

0
155
marta koʻrilgan.

7 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda tarmoq va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha joriy yil uchun belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish borasida hukumat tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, joriy yilning yanvar-fevral oylarida 687 million dollar xorijiy investitsiya, shu jumladan, 615 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoya oʻzlashtirilgan. Yil boshidan 506 ta loyiha doirasida umumiy qiymati 337 million dollar boʻlgan quvvatlar ishga tushirilib, 7 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan. 

Oʻtgan ikki oyda tovar va xizmatlar eksporti hajmi 1,7 milliard dollardan ortib, 2021 yilning shu davriga nisbatan 20 foiz oshgan. Xususan, mamlakatimiz korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallari eksporti qariyb 2 baravar, elektrotexnika mahsulotlari eksporti 1,5 baravar, toʻqimachilik va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 1,3 baravar oʻsgan.

Yigʻilishda tarmoq va hududlar rahbarlariga investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish, tovarlarni eksportga yetkazishda logistika masalalarini tezkor hal qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari ichki isteʼmol bozorida narxlar barqarorligini taʼminlash masalalalariga alohida toʻxtaldi.

Joriy yilning ikki oyida inflyasiya darajasi 1,38 foizni tashkil etgani, bu 2021 yilning shu davridagi koʻrsatkichdan (1,7 foiz) pastligi qayd etildi.

Ayni paytda global bozorlardagi narxlarning keskin tebranishini hisobga olib, mutasaddi idoralar va hududlar rahbarlariga ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash, eng avvalo, aholini yetarli miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish lozimligi taʼkidlandi.   

Prezident tomorqa xoʻjaliklarini rivojlantirish va ularda ichki bozorda talab yuqori boʻlgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun aholiga qoʻshimcha 80 ming gektar yer maydonlari ajratish borasidagi ishlarga tanqidiy baho berdi.

Shuningdek, meva-sabzavotchilik uchun ajratilgan 2 trillion soʻm davlat mablagʻlarining natijadorligini oshirish, ularni oʻzlashtirishni tezlashtirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.

Hududlar rahbarlariga oziq-ovqat bozoriga mahsulotlarni uzluksiz yetkazish, buning uchun zarur zaxiralarni shakllantirish vazifasi qoʻyildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.