Investitsiyaviy hamkorlik boʻyicha vazifalar ijrosi va kelgusi rejalar muhokama qilindi

0
43
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga xorijiy sheriklar bilan investitsiyaviy hamkorlik boʻyicha erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi va kelgusi rejalar yuzasidan hisobot berildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Rossiya, Xitoy, Qatar, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan kooperatsiya loyihalari va investitsiya dasturlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Maʼlumki, 22-24 aprel kunlari Toshkent shahrida “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir Rossiya Federatsiyasi bilan muvaffaqiyatli savdo-iqtisodiy hamkorlikka yorqin misoldir.

2023 yil yakunida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash qariyb 10 milliard dollarga yetdi.

Ushbu koʻrsatkichni 2030 yilga qadar ikki barobarga koʻpaytirish maqsad qilingan. Oʻzbekistonda 3 mingdan ortiq qoʻshma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. 2023 yilda 700 dan ziyod yangi korxona tashkil etildi. Oʻtgan yili Rossiyaning 3 milliard dollarga yaqin investitsiyalari oʻzlashtirilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 5 milliard dollar boʻlishi kutilmoqda.

Umuman, “Innoprom” doirasida 4 milliard dollarlik bitimlar toʻplami imzolandi.
2-3 may kuni esa dunyoning 93 ta mamlakatidan 2,5 ming mehmon ishtirokida Toshkent xalqaro investitsiya forumi boʻlib oʻtdi. Uning doirasida oʻtgan ishbilarmonlik tadbirlari yakunida umumiy qiymati 26,6 milliard dollarlik investitsiya bitimlari va eksport shartnomalari imzolandi.
Ular orasida qurilish, “yashil” energetika, togʻ-kon sanoati, infratuzilma, oziq-ovqat, toʻqimachilik sanoati va sogʻliqni saqlash sohasidagi yirik loyihalar bor.

Forum natijalari boʻyicha xorijiy hamkorlar bilan imzolangan investitsiya va savdo bitimlarini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xarita”si ishlab chiqildi. Unda barcha bosqichlar, muddatlar va masʼullar aniq belgilandi. Shuningdek, forumda hamda Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi yigʻilishida xorijiy investorlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslarni joriy qilish boʻyicha “yoʻl xarita”si ishlab chiqilgan.

Davlatimiz rahbari hisobotni tinglab, “yoʻl xarita”larining barcha bandlari oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish, investorlar bilan doimiy muloqot qilib, ular uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan masalalarni tizimli hal etib borishni topshirdi.

Mutasaddilarga toʻrtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlikni hozirdan boshlash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida istiqbolli loyihalar toʻplamini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.