25 may kuni Buxoro shahrida «Ipak va ziravorlar — 2018» festivalining tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi.
Unda shaharning tarixiy “Ark” qoʻrgʻoni oldidan to Koʻkaldosh madrasasigacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Qashqadaryo, Fargʻona viloyatlaridan tashrif buyurgan hamda Buxoro viloyatining barcha folklor jamoalarining oʻz hududiga xos jozibali chiqishlari namoyish etildi.
Tantananing rang-barangligi, ayniqsa, festivalni koʻrish va unda ishtirok etish uchun tashrif buyurgan xorijiy mehmonlarda katta tassurot qoldirdi, goʻyo ularning yuzlarida quyoshning nuri balqidi.
Ushbu festivalning “Ipak va ziravorlar” deb atalgani bejiz emas, chunki, olamning barcha goʻzalligiga, xalqimizning buyuk ijodkorligiga uch kun davomida shu yerda guvoh boʻlish mumkin.
Koʻkaldosh madrasasining hovli qismida liboslar koʻrgazmasi namoyishi boʻlib oʻtdi. Koʻrgazmaning ochilishi karnay-surnay sadolari ostida boshlanib, oʻzbek sanʼat vakillari tomonidan chiroyli kuy va qoʻshiqlar ijro etildi, undan soʻng teatrlashtirilgan sahna koʻrinishi bilan davom etdi.
Tadbirda nafaqat oʻzbekistonlik chevarlar balki, xorijlik mehmonlar ham oʻzining mualliflik liboslari bilan ishtirok etishdi. Bunday koʻrgazma ushbu festival doirasida ilk bora tashkil etildi. Nozik did ustalari tomonidan adras, atlas, shoyi, ipak matolardan yaralgan nafis liboslar barchani xushnud qildi.
Shuningdek, milliy atlas va adras matolar koʻrgazmasi oʻzining rang-barangligi bilan tomoshabinlarni lol qoldirdi.
“Minorai kalon” hovli qismida ziravorlarning yarmarkasi tashkil etilib, uning ifori butun Buxoroni oʻz koʻrki-tarovoti bilan zabt etdi, barchaga xush kayfiyat bagʻishladi, quvontiradi.
“Yoshlar markazi” binosida esa festival doirasida Xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi. Unda Buxoro viloyatida yil davomida boʻlib oʻtadigan festivallar haqida viloyat xokim oʻrinbosari atroflicha maʼlumot berdi
Bu yerda asosan madaniy meros obyektlariga turistlarni jalb etish, boy merosimizni dunyo boʻylab targʻibotini olib borish, kichik va oʻrta biznesni xorij banklari hamkorligida rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va shu orqali yoshlarni ish bilan taʼminlash masalalari borasida suhbat boʻlib oʻtdi.
Xullas, festival yurtimizning ijodkorlik fazilatlarini aks ettiradigan katta bayram shodiyonalariga aylanib ketdi.
R. Sapoyeva