Hurmatli festival qatnashchilari!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, “Ipak yoʻli durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilishi bilan siz, qadrli ishtirokchilarni –mashhur aktyor va rejissyorlar, operator va rassomlar, prodyuserlar, kinoshunos olimlar, taniqli madaniyat arboblarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Sharq darvozasi, azim Toshkent shahriga, qadimiy va betakror Oʻzbekiston zaminiga xush kelibsiz!
Bugungi global dunyoda eng ommaviy va taʼsirchan sanʼat turi boʻlmish kinoning yer yuzidagi turli xalqlar va madaniyatlarni oʻzaro yaqinlashtirish, tinchlik, doʻstlik va gumanizm gʻoyalarini targʻib etish borasidagi oʻrni va ahamiyati ortib bormoqda.
Biz barpo etayotgan yangi Oʻzbekistonda jahonning uzoq va yaqin davlatlari bilan barcha sohalar qatori madaniy jabhada ham samarali hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor berilmoqda.
Oʻzining 50 yildan ziyod tarixi va anʼanalariga ega boʻlgan Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklanib, “Ipak yoʻli durdonasi” degan yangi nom bilan “Tinchlik, maʼrifat va taraqqiyot uchun” shiori ostida oʻtkazilayotgani shu yoʻldagi ulkan amaliy qadamdir.
Hech shubhasiz, dunyoning qariyb 50 mamlakatidan 300 dan ziyod sanʼat ustalari, jahon kino yulduzlari ishtirok etayotgan ushbu anjuman sohadagi bugungi rivojlanish jarayonlari, ijodiy izlanish va tajribalarni atroflicha tahlil etib, hamkorlik istiqbollarini belgilab olishda oʻziga xos muloqot maydoni, yosh ijodkorlar uchun mahorat maktabi boʻlib xizmat qiladi.
Bir asrdan ziyod boy tarix va anʼanalarga ega boʻlgan oʻzbek kino sanʼati oʻzining milliy va umuminsoniy qadriyatlar uygʻunligi asosida yaratilgan yetuk asarlari bilan jahon kinematografiyasida munosib oʻrin egallashi sizlarga yaxshi maʼlum.
Mamlakatimizda keyingi paytda barcha sohalar qatori kinematografiya tizimi rivojiga ham ustuvor ahamiyat berilmoqda. Ijod erkinligi, sogʻlom ijodiy raqobat, xususiy mulk daxlsizligi kabi demokratik tamoyillar ushbu sohaga ham dadil joriy etilmoqda.
Kinostudiyalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, ularga imtiyoz va preferensiyalar berish, yuksak didli tomoshabinlarning talablariga javob beradigan badiiy yetuk kartinalar yaratish, jamiyatimizda kino sanʼatini keng ommalashtirish borasidagi ishlar yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Muhtaram festival ishtirokchilari!
Bugungi kunda shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyoda ijtimoiy voqelikka, jumladan, madaniyat va sanʼatga qarash va mezonlar tinimsiz yangilanib borayotgani barchamiz uchun ayon haqiqatdir. Bu jarayonlar hayotni yaxlit bir holda, jamiki ziddiyat va murakkabliklari bilan haqqoniy aks ettiradigan kinematografiya rivojiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatishi tabiiy, albatta.
Aminmanki, qayta tiklangan, oʻz tarixida yangi sahifa ochayotgan Toshkent xalqaro kinofestivali zamonning oʻzi talab qilayotgan ana shunday yuksak badiiy mezonlar ruhida oʻtadi.
Ishonchim komil, XIII Toshkent xalqaro kinofestivali koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi uchun chinakam sanʼat bayramiga aylanib, yangi nom va isteʼdodlarni kashf etadi, kinoijodkorlar va kino ixlosmandlari xotirasida yorqin taassurotlar qoldiradi.
Oʻylaymanki, sizlar festival doirasida mamlakatimizning qadimiy va zamonaviy shaharlarida boʻlib, turli soha vakillari bilan uchrashib, Yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli oʻzgarishlardan bevosita xabardor boʻlasiz.
Siz, azizlarni yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, ijodiy yutuqlar, festival ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti