Hurmatli kinofestival qatnashchilari!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, siz, azizlarni – dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan mashhur aktyor va rejissyorlar, operator va rassomlar, prodyuserlar hamda kinoshunos olimlar, atoqli madaniyat va sanʼat arboblarini “Ipak yoʻli durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
“Tinchlik, maʼrifat va taraqqiyot uchun” degan ezgu gʻoya asosida oʻtkazilayotgan mazkur anjumanda jahonning 35 davlatidan 300 dan ziyod kino ustalari ishtirok etayotgani yarim asrdan ortiq tarixga ega boʻlgan Toshkent xalqaro kinofestivali bugun – Yangi Oʻzbekiston sharoitida yangicha mazmun va qiyofaga ega boʻlib, sanʼat olamida yanada munosib obroʻ-eʼtibor topib borayotganidan dalolat beradi.
Maʼlumki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda kino sanʼatini zamon talablari asosida rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Dunyodagi nufuzli kinokompaniyalar bilan aloqalar yoʻlga qoʻyilib, 30 dan ortiq davlatlar bilan hamkorlikda badiiy filmlar yaratish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Milliy va xorijiy loyihalarni amalga oshirish maqsadida kinoshaharchalar bunyod etilmoqda. Oʻzbekistonda film suratga olishni istagan chet el kompaniyalari uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Sizlar festival kunlari kino sohasidagi islohotlarimiz bilan tanishib, bu boradagi ishlarimiz samarasini oshirish boʻyicha foydali takliflaringizni bildirasiz, deb umid qilaman.
Bugun oʻz ishini boshlayotgan kinofestival samimiy uchrashuv va muloqotlar, qizgʻin bahs-munozaralar, koʻplab yangi badiiy asarlar taqdimoti bilan barcha ishtirokchilar faoliyatida, Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati rivojida munosib iz qoldirishiga ishonaman.
Siz, azizlarni XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilishi bilan yana bir bor tabriklab, ushbu ulkan sanʼat bayrami unutilmas lahzalarga boy boʻlishi, kino olamida yangi nom va isteʼdodlarni kashf etib berishini tilab qolaman.
Barchangizga mustahkam sogʻlik, ijodiy yutuqlar, kinofestival ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti