“Ipak yoʻli durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivali ishtirokchilariga

0
27
marta koʻrilgan.

Hurmatli kinofestival qatnashchilari!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, siz, azizlarni – dunyoning turli mamlakatlaridan diyorimizga tashrif buyurgan kino sanʼatining mohir ustalari, taniqli madaniyat va sanʼat arboblarini “Ipak yoʻli durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Oʻzbek xalqi azaldan oʻzining qadimiy tarixi, boy madaniyati, nafosat va goʻzallikka mehr va eʼtibori, jumladan, kino sanʼatini munosib qadrlashi bilan nom qozonib keladi. Milliy va jahon kino sanʼatining yetuk namoyandalari tomonidan yaratilayotgan yuksak saviyali filmlar yurtimizda odamlarning, birinchi navbatda, yoshlarning ongi va tafakkurini insonparvarlik, doʻstlik va hamjihatlik gʻoyalari asosida shakllantirishdek ezgu ishga katta hissa qoʻshmoqda.

Biz aynan mana shu omillarni hisobga olgan holda, 2021 yilda Toshkent xalqaro kinofestivalini “Ipak yoʻli durdonasi” degan yangi nom bilan qayta tiklab, uni “Tinchlik, maʼrifat va taraqqiyot uchun” shiori ostida oʻtkazishni yoʻlga qoʻydik.

Oʻtgan qisqa vaqt ichida el-yurtimiz, millionlab tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan ushbu festivalning navbatdagi anjumani mamlakatimizda milliy kino sanʼatimizning 115 yillik sanasi keng nishonlanayotgan bir paytda boʻlib oʻtayotgani ramziy maʼnoga ega. Eng muhimi, Toshkent xalqaro kinofestivaliga boʻlgan eʼtibor va qiziqish dunyo miqyosida tobora ortib bormoqda.

Bu galgi kinoforumda jahonning 50 dan ortiq davlatidan qariyb 300 nafar isteʼdodli kino ustalari, qator xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etayotgani ham shundan dalolat beradi.

Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda barcha yoʻnalishlar qatori kinematografiya sohasini rivojlantirishga ham alohida ahamiyat qaratilib, uning zamonaviy infratuzilmasi va mustahkam moddiy-texnik bazasi yaratilmoqda.

Kino sanʼati vakillari, tizimda xizmat qilayotgan xodimlarning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish, sohada nodavlat sektorni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar ham ijobiy natijasini bermoqda.

Bugun oʻz ishini boshlayotgan XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida oʻtkaziladigan filmlar namoyishlari, ijodiy uchrashuv va muloqotlar barcha ishtirokchilarga qizgʻin ijodiy kayfiyat va ilhom bagʻishlab, ularni yangi-yangi rejalar sari ruhlantiradi, deb umid bildiraman.

Shuningdek, navqiron kinoijodkorlar oʻrtasida qisqa metrajli filmlar yaratish boʻyicha tashkil etiladigan ijodiy tanlov ular uchun oʻziga xos tajriba va mahorat maktabi vazifasini oʻtashi shubhasiz.

Festival davomida sizlar Oʻzbekistonda nafaqat kinematografiya sohasida, balki barcha ustuvor yoʻnalishlarda inson qadri va manfaatlarini taʼminlash yoʻlida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar bilan ham bevosita tanishish, sanʼatsevar xalqimiz bilan yaqindan muloqot qilish imkoniyatiga ega boʻlasizlar.

Siz, azizlarni XV Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali ochilishi bilan yana bir bor qutlab, ushbu anjuman chinakam sanʼat bayrami, tinchlik va doʻstlik ramziga aylanadi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam salomatlik, ijodiy yutuqlar, kinofestival ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,     Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.