Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash, ipoteka krediti mexanizmlaridan foydalanish amaliyotini yanada takomillashtirish va kengaytirish maqsadida:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan boshlab dastlabki badalning va ipoteka krediti boʻyicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya berilgan fuqarolarning uy-joylarni sotib olish, qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun olingan ipoteka kreditlarini hamda ular boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlash uchun yoʻnaltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻiga tortilmaydi.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
mazkur qarorning 1-bandida koʻzda tutilgan imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadining bir soliq davrida mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining sakson baravaridan oshmagan qismiga tatbiq etiladi;
2023 yildan boshlab ipoteka krediti hisobiga sotib olingan, qurilgan va rekonstruksiya qilingan mol-mulk unga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran oʻttiz olti oy ichida begonalashtirilganda, mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan daromadlar belgilangan tartibda soliqqa tortiladi.
3. 2022 yil 1 noyabrdan boshlab, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uylardagi kvartiralarni (xonalarga boʻlingan va pardoz ishlariga tayyor) birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga hamda ular boʻyicha dastlabki badalning va ipoteka krediti boʻyicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya toʻlashga ruxsat berilsin.
4. 2021 yilda yangi tartib asosida ipoteka kreditlari ajratishning maqsadli parametrlari doirasida berilgan subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 2022 yil 31 dekabrga qadar uzaytirilsin.
5. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining xalqaro moliya tashkilotlaridan Davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlash uchun jalb etilgan mablagʻlar hisobidan “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJga (keyingi oʻrinlarda – Kompaniya) tijorat banklari tomonidan aholiga berilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun 3 yil muddatga 12 foiz stavkada va foiz toʻlovlarini har 6 oyda toʻlash sharti bilan 300 milliard soʻmgacha byudjet ssudasini ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Bunda, Kompaniya resurslarni tijorat banklariga 1 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda marja qoʻllagan holda joylashtirsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari yil yakuniga qadar:
uy-joylarni sotib olish va ipoteka kreditlarini rasmiylashtirish jarayonlarida fuqarolarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida viloyatlar markazlarida Toshkent shahri tajribasi asosida ipoteka markazlarini tashkil etish;
ipoteka markazlarida hududda uy-joy qurilishini amalga oshirayotgan qurilish-pudrat (developer) tashkilotlarining sotuv ofislarini, tijorat banklarining bank burchagi va kassalarini hamda xususiy notarial idoralarni joylashtirish choralarini koʻrsin.
7. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda aholiga uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun subsidiya ajratish jarayonlarini raqamlashtirish, shuningdek, ipoteka krediti ajratish tartibini soddalashtirishni nazarda tutuvchi qarorni qabul qilsin.
8. Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov hamda iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari I.I.Norqulov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV