2018 yilning 25-26 iyun kunlari Toshkentdagi “Poytaxt” biznes markazida “Iqlim qutichasi”- maktab oʻquvchilari uchun “Iqlim oʻzgarishi” mavzusida oʻquv-oʻyin materiallari taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi, Toshkent shahrining oʻrta taʼlim maktablari uslubiyatchi va oʻqituvchilari, Oʻzgidromet, «EKOMAKTAB» nodavlat notijorat tashkiloti, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Milliy universitet vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Bahriddin Nishonov, Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev, Oʻzbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturining Barqaror rivojlanish boʻlimi boshligʻi Xurshid Rustamovlar qutlov soʻziga chiqib, seminarning maqsad va vazifalari bilan tanishtirdilar.
Iqlim oʻzgarishi muammosini muhimligini eʼtirof etgan holda BMT Taraqqiyot Dasturi 2014 yilda yoshlar va, umuman, jamoatchilikni iqlim oʻzgarishini atrof muhitga taʼsiri haqidagi xabardorligini oshirish maqsadida umumtaʼlim muassasalari uchun yangi oʻquv qoʻllanmasini ishlab chiqdi. U Yerning koʻp asrlar mobaynidagi iqlim oʻzgarishlari jarayonini va hozirgi kundagi ahvolni maroqli va yengil tarzda tushuntirib beradigan rasmli oʻziga xos maʼlumotnoma boʻldi. Yorqin jadvallar va diagrammalar mazkur jarayonlarni tabiatga va insonga taʼsirini kuzatish imkonini beradi, ular salbiy oqibatlarga moslashish va global isishning xatarliklarini oldini olish boʻyicha koʻrsatilayotgan chora-tadbirlar, hamda dunyoning turli mamlakatlarida qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida soʻzlaydi.
Rossiyalik bir guruh mutaxassislar koʻmagida qoʻllanma Rossiyaning 157ta maktabida muvaffaqiyat bilan sinovdan oʻtdi, 500 nafardan ortiq oʻqituvchilar interfaol taʼlim uslubi boʻyicha treninglarda ishtirok etdi. 2015 yilda nashr ingliz tiliga tarjima qilindi va Parijda boʻlib oʻtgan Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Tomonlarning Doirali Konvensiyasi konferensiyasida (COP-21) taqdim etildi. Bir yildan soʻng qoʻllanma Markaziy Osiyo mamlakatlari — Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasida joriy qilina boshladi.
Ikki kun mobaynida Rossiya Federatsiyasidan kelgan murabbiylar oʻquv qoʻllanmasini boshqa mamlakatlarda joriy etish va undan foydalanish tajribasi bilan oʻrtoqlashdilar. Trening ishtirokchilarini “Iqlim qutichasi” tarkibi bilan tanishtirdilar, qoʻllanma bilan ishlash xususiyatlarini, mustaqil bajarish uchun beriladigan topshiriqlar orqali bolalar bilan muloqotni oʻrnatish usullarini ochib berdilar. Shu bilan birga, bilim oʻyinlari, krossvordlar, viktorinalar va kvestlar namoyish etildi, ular oʻyin shaklida materialni yengil oʻzlashtirish va olingan bilimlarni kundalik hayotda qoʻllash imkonini beradi. Seminarda misol tariqasida loyihani Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston va MDHning boshqa mamlakatlarida amalga oshirilishi tajribasi taqdim etildi.
Munozaralar vaqtida qoʻllanmani poytaxtda, hamda iqlim oʻzgarishi asoratlaridan eng aziyat chekkan hudud Qoraqalpogʻistonda sinab koʻrish maqsadida tadbirlar oʻtkazish uchun namuna maktablarini tanlash borasida qaror qabul qilindi. Kelgusida esa mazkur oʻquv qoʻllanmasidan yanada kengroq foydalanish uchun tabiiy fanlar oʻqituvchilari va uslubiyatchilari uchun oʻquv seminarlari turkumini tashkil etish rejalashtirilmoqda.