Iqtisodiy zonalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 1 trillion 600 milliard soʻm ajratiladi

0
116
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 aprel kuni erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bugungi kunda mamlakatimizda 23 ta erkin iqtisodiy va 348 ta kichik sanoat zonasi faoliyat yuritmoqda. Erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 2,6 milliard dollarlik 453 ta loyiha amalga oshirilib, 36 mingga yaqin ish oʻrni yaratilgan. Kichik sanoat zonalarida esa 5 trillion soʻmlik 1 ming 497 ta loyiha ishga tushirilib, 36 mingdan ziyod kishining bandligi taʼminlangan.   

Shu bilan birga, bu hududlarda hali imkoniyatlar koʻp. Shu maqsadda bugun davlatimiz rahbari “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror qabul qildi. Qarorga muvofiq, joriy yilda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash uchun 1 trillion 600 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi.

Xususan, 17 ta erkin iqtisodiy zonada qoʻshimcha elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari hamda avtomobil yoʻllarini barpo etish uchun 584 milliard soʻm, 145 ta kichik sanoat zonasi uchun 395 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Yirik investitsiya loyihalarini infratuzilma bilan taʼminlash maqsadida 232 milliard soʻm koʻzda tutilgan. Rivojlanishdan ortda qolgan 33 ta tumanda sanoat va biznesni jadal rivojlantirish uchun 264 milliard soʻm ajratiladi.

Mutasaddilarga mazkur mablagʻlarni ajratish va maqsadli ishlatilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Yigʻilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev endigi eng muhim masala erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalaridagi loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish ekanini taʼkidladi.

Joriy yilda erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 1,1 milliard dollar boʻlgan 332 ta loyiha, kichik sanoat zonalarida umumiy qiymati 9,5 trillion soʻm boʻlgan 1 ming 800 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Mutasaddilar mazkur loyihalar yuzasidan hisobot berdi. Bu loyihalar yurtimizda sanoatni yanada rivojlantirish, import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishda muhim omil boʻlishi qayd etildi.

Yigʻilishda erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.