Iqtisodiyot barqarorligining asosiy omili – eksport

0
276
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 fevral kuni eksportni koʻpaytirish va importni qisqartirish boʻyicha qoʻyilgan vazifalar ijrosi, bu borada tarmoqlar va hududlardagi ishlar holati tahliliga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.  

Unda Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi. Videokonferensiya aloqasi orqali joylardan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri rahbariyati, mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari, eksportchi korxonalar vakillari qatnashdi.

Yigʻilish tanqidiy ruhda oʻtdi. Davlatimiz rahbari eksport rejasining bajarilishidagi kamchiliklarni chuqur tahlil qilib, asosiy yoʻnalish va vazifalarni belgilab berdi.

Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotini barqarorlashtirish boʻyicha muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ularni eksport qilish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.

Lekin shu paytgacha birorta tashkilot mamlakatimizga kirib kelayotgan mahsulotlar importini tahlil qilmagani, ushbu sohada nazorat butunlay oʻz holatiga tashlab qoʻyilgani tanqid ostiga olindi.

Jumladan, 2017 yilda importni qisqartirish rejasi 88 foizga bajarilgani yana bir bor qayd etildi. Misol uchun, bir yilda 20 million dollarlik kir yuvish kukuni, 13 million dollarlik atir sovun, 49 million dollarlik qurilish materillari va sintetik boʻyoqlar, 23 million dollarlik shokolad mahsulotlari import qilingan.

Bu holat oʻtgan yillarda qabul qilingan mahalliylashtirish dasturlarining hech qanday asoslarga ega emasligini, faqatgina koʻzboʻyamachilik va imtiyoz olish uchun xizmat qilganidan dalolat emasmi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Aslida Investitsiya loyihalari roʻyxatiga koʻp import qilinayotgan tovarlarni yurtimizda ishlab chiqarish boʻyicha loyihalar kiritilishi kerak. Lekin, joylarda va respublikada oʻtirgan mutasaddilar bu oddiy haqiqatga panja ortidan qaramoqda.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, endi sohadagi ishlarni tashkil etish va nazorat qilishning butunlay yangi tizimi joriy etiladi. Eksportni tashkil etish va monitoring qilishga Bosh vazir oʻrinbosari Nodir Otajonov va Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Erkaboy Tadjiyev rahbarligidagi guruh javob beradi. Joylarda eksport bilan shaxsan viloyat hokimi va viloyat prokurorlarining birinchi oʻrinbosarlari shugʻullanadi.

Importni qisqartirish ishlarini tashkil etish va monitoring qilish boʻyicha respublika Ishchi guruhi ham tuzilib, unga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshligʻi rahbar etib belgilandi. Xuddi shunday ishchi guruhlar hududlarda ham tashkil etiladi va ularga hududiy departament boshliqlari rahbarlik qiladi.

Departamentning vazifalari bugungi kun talablari, import va eksport masalalarini tartibga solish nuqtai nazaridan tubdan oʻzgartiriladi. Departament mamlakatimizdan valyuta maqsadsiz chiqib ketishining oldini olish, importni qisqartirish, uning oʻrnini bosadigan mahalliy mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etishi zarurligi taʼkidlandi.

Bu ishchi guruhlar joylarda har bir tadbirkor bilan uchrashib, ularga eksport hajmini oshirishi uchun real yordam berishi, mahsulot eksport qilayotganlarga “yashil koridor” qilib berishi lozim, dedi Shavkat Mirziyoyev. Shu bilan birga, importni muntazam tahlil qilib, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻyicha aniq loyihalarni amalga oshirishga har tomonlama koʻmak berishlari zarur. Vazirlar va tarmoqlar rahbarlari ham oʻz faoliyatini xuddi shu tartibda tashkil etadi.

Eksport va import boʻyicha qilinayotgan ishlar Bosh vazir hamda Bosh prokuror rahbarligida haftada ikki marta muhokama qilinadi. Masalan, tumanlardagi Ishchi guruhlar fermerlar va aholi tomorqalarida serdaromad meva-sabzavot ekinlari ekish, ularni urugʻlik, mablagʻ, oʻgʻit, yoqilgʻi bilan taʼminlash ishlarini tashkil etishga koʻmaklashadi. Har bir tumanda meva-sabzavotni eksport qiluvchi korxona tashkil etish ham bu boradagi muhim vazifa hisoblanadi.

Yigʻilishda joriy yilning oʻtgan davrida eksport boʻyicha moʻljallangan rejalar bajarilmagani taʼkidlandi. Xususan, “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati va “Oʻzbekoziqovqatxolding” kompaniyasining bu boradagi sustkashligiga jiddiy eʼtiroz bildirildi.

Yigʻilishda eksport boʻyicha foydalanilmayotgan imkoniyatlar koʻpligi, ularni ishga solish uchun mutasaddilarda tashabbuskorlik va qatʼiyat yetishmayotgani taʼkidlandi.

Ayniqsa, qurilish materiallari va farmatsevtika tarmoqlarida import hajmi eksportdan oʻnlab barobar yuqoriligiga eʼtibor qaratildi. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati rahbarlariga tegishli koʻrsatmalar berildi.

Bunday imkoniyatlar joylarda ham koʻp. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil yanvar-fevral oylarida Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlariga tashriflari chogʻida ushbu hududlarda toʻliq foydalanilmayotgan eksport rezervlari aniqlandi. Jumladan, Surxondaryo viloyatida 95 million dollar, Qashqadaryoda 62 million, Buxoroda 68 million dollarlik qoʻshimcha manbalar yuzaga chiqdi. Boshqa viloyatlarda ham katta eksport salohiyati bor, albatta.

Shu bois Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, Tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tarmoqlar va hududlarda eksport hajmini oshirish boʻyicha qoʻshimcha rezervlarni aniqlash va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish boʻyicha topshiriq berildi.

Eksport hajmlarini koʻpaytirish yuzasidan mavjud rezervlarni ishga solish boʻyicha muhim yoʻnalishlar belgilab berildi.

Jumladan, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va viloyat hokimlariga eksport rejasini har bir korxona, yangi quvvatlar boʻyicha oyma-oy bajarish yuzasidan “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Bunda 2018 yilga tasdiqlangan investitsiya loyihalari doirasida nazarda tutilgan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini muddatidan oldin ishga tushirish va loyiha quvvatiga chiqish, yangi bozorlarni egallash va xorijiy xaridorlar bilan shartnomalar tuzish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Eng katta salohiyatga ega sohalardan yana biri – turizmda pul tushumini koʻpaytirish, turistlar boradigan obyektlarga turniket orqali va toʻlov asosida kirish tizimini joriy qilish kerakligi taʼkidlandi.

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasining eksport rejasini sezilarli darajada oshirish, 2018 yil eksport dasturi loyihasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

 Joriy yilda meva-sabzavot mahsulotlari eksportini oʻtgan yilga nisbatan 2 barobarga oshirish belgilangan. Buning uchun hududlarda avgust piyozi, sarimsoqpiyoz, toʻqsonbosti ekinlar hosilini oʻz vaqtida va toʻliq yigʻib olish, ularning eksportga sotishni tashkil etish zarur. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan hududlarning salohiyatidan toʻliq foydalanish, paxta va gʻalladan boʻshatilayotgan qoʻshimcha 150 ming gektar yerga serdaromad ekinlar ekish, yirik eksporter tashkilotlarga qoʻshimcha ekin maydonlarini ajratish, zamonaviy issiqxonalar, muzlatkichli omborxonalar va qayta ishlash korxonalarini tashkil etish kerak.

Shu bois Bosh vazir oʻrinbosarlari va hokimliklarga barcha hududlarda tasdiqlangan “2018 yilda meva-sabzavot, poliz, uzum va dukkakli mahsulotlar yetishtirishni koʻpaytirish, qayta ishlash, eksport hajmlarini oshirish va ichki isteʼmolni taʼminlash, oziq-ovqat loyihalarni amalga oshirish hamda sohani rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar” dasturlarini toʻla amalga oshirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Tovarlarni saqlash, eksportga tayyorlash va tashish boʻyicha kompleks xizmatlarni koʻrsatuvchi zamonaviy logistika markazlari tashkil etish boʻyicha aniq “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlash zarurligi qayd etildi.

Mahsulotlarni xorijga elektron savdo maydonchalari orqali sotish boʻyicha ham zamonaviy mexanizmlar joriy etish zarur. Shu bois Janubiy Koreya bilan hamkorlikda 2019 yil 1 yanvardan boshlab, mahalliy eksportyor korxonalarning tovarlarini xorijiy xaridorlar tomonidan sotib olish imkoniyatini beradigan Oʻzbekiston milliy savdo elektron maydonchasini ishga tushirish boʻyicha topshiriq berildi.

Mamlakatimizda qanday eksportchi korxonalar borligi va ularning qanday tovarlar ishlab chiqarishi toʻgʻrisida xorijiy korxonalar ham, mahalliy korxonalar va davlat idoralari ham axborot oladigan toʻliq manba yoʻqligiga eʼtibor qaratildi. Shu bois har bir eksportchi korxona toʻgʻrisidagi elektron axborotlar bazasini shakllantirish, ularning mahsulotlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot, marketing tadqiqotlari natijalari, eksport hajmi kabi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi elektron pasportni joriy etish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari hamda hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi va muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, eksportchi korxonalar va tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha aniq topshiriqlar berdi.


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.