Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 aprel kuni iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitob tizimini takomillashtirish, debitor, kreditor va byudjet oldidagi qarzdorliklarni qisqartirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar tahliliga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Davlatimiz rahbari uzoq yillardan beri iqtisodiyot tarmoqlarida pul oqimi samarasiz boshqarilgani va nomutanosib taqsimlangani oqibatida qarzdorlik holatlari koʻpayib ketganini taʼkidladi.
Buni bartaraf etish boʻyicha keyingi vaqtlarda qator ishlar amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda isteʼmol qilish sohasida toʻlov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq bu borada yangi tizim yaratildi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi.
“Oʻzbekneftegaz” kompaniyasi va “Oʻzbekenergo” jamiyatining umidsiz debitor qarzdorliklari hisobdan chiqarildi. “Oʻzagrokimyoximoya” aksiyadorlik jamiyatining kreditor qarzdorliklari byudjet ssudalari orqali kamaytirildi. Neftni qayta ishlash korxonalari ixtiyorida bir yilda 670 milliard soʻm, elektr stansiyalari hisobida 100 milliard soʻm mablagʻ qoldirildi.
Fermer xoʻjaliklari tugatilishi va qayta tashkil etilishi evaziga tijorat banklari yoʻqotgan likvidlik byudjetdan mablagʻlari hisobiga qoplab berildi.
Yigʻilishda koʻrilayotgan chora-tadbirlar yaxshi samara berayotgani, lekin bu hali yetarli emasligi taʼkidlandi. Joriy yil 1 mart holatiga koʻra, iqtisodiyot tarmoqlarida jami debitor va kreditor qarzdorlik oʻtgan yilga nisbatan mos ravishda 16 va 13 foizga oshgani tanqidiy tahlil qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev har bir korxonaning barqarorligi aniq hisob-kitobga bogʻliqligi, rahbarlar faoliyati shunga qarab baholanishini taʼkidladi.
Ayrim tarmoqlarda mahsulot ishlab chiqarish va realizatsiya qilishda nomutanosiblik borligi, qarzdorlikni undirish tizimi samarasizligi, mavjud javobgarlik choralari mansabdor shaxslar va fuqarolarning toʻlov masʼuliyatini oshirish uchun yetarli emasligi qayd etildi.
Debitor qarzdorlik hamon yuqoriligicha qolayotgan kompaniya va korxonalar koʻrsatib oʻtildi. Iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitob tizimini takomillashtirish, debitor, kreditor va byudjet oldidagi qarzdorliklarni qisqartirish, soliq, bank, xizmat koʻrsatuvchi va boshqa idoralar oʻrtasida har oy yakunida oʻzaro qarzdorlik holatini solishtirib borish tizimini joriy etish boʻyicha topshiriqlar berdi. Tashkilotlar oʻrtasida elektron hamkorlik va maʼlumot almashinuvini rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.