Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili 2 iyunda Andijon viloyatida boʻlganida Asaka tumanida zamonaviy issiqxona qurish loyihasi taqdim etilgan edi. Tadbirkor tashabbusi va davlat koʻmagi natijasida ushbu loyiha qisqa davrda roʻyobga chiqdi. «Sabo hamkor» masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan gidroponika usulida banan va pomidor yetishtiriluvchi issiqxonalar bunyod etildi. Turkiyaning «Asya Modern Serachilik» kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan innovatsion uskunalar olib kelindi.
Prezidentimiz mazkur issiqxonalarni kirib koʻrdi. Kompyuter orqali boshqariladigan sovutish va sugʻorish tizimi bilan tanishdi.
2 gektarlik issiqxonada banan koʻchatlari parvarishlanmoqda. Birinchi mavsumda bu mevadan 250-300 tonna hosil olish kutilmoqda. Pomidor koʻchatlari ekilgan 1 gektarlik issiqxonadan joriy yilda 300 tonna hosil olish va qoʻshni davlatlarga eksport qilish moʻljallanmoqda. Korxonada 40 dan ortiq doimiy ish oʻrni yaratilgan.
Jamiyat tomonidan kelgusida ushbu zamonaviy issiqxona majmuasini kengaytirish, mahsulotni qayta ishlash va saqlash sharoitini yaratish rejalashtirilmoqda.