Bosh sahifa Oʻzbekiston Iqtisodiyot Oʻzbekiston biznes uchun eng qulay sharoitlar yaratish boʻyicha yetakchi 10 ta islohotchi...

Oʻzbekiston biznes uchun eng qulay sharoitlar yaratish boʻyicha yetakchi 10 ta islohotchi davlat qatoriga kirdi

0
191
marta koʻrilgan.

Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining (XMK) «Biznesni yuritish 2018» yangi reytingida Oʻzbekiston 74-oʻrinni egalladi.

2017 yilning 31 oktyabrida eʼlon qilingan «Biznesni yuritish 2018: ish oʻrinlarini yaratish uchun islohotlar» hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston 190 davlat orasida 74-oʻrinni egalladi va oʻtgan yilga nisbatan oʻz reytingini 13 pozitsiyaga yaxshiladi.

Qolaversa, mamlakat biznes yuritish uchun eng qulay sharoitlar yaratish boʻyicha islohotchi davlatlarning birinchi oʻntaligiga kirishga muvaffaq boʻldi. Amalga oshirilayotgan islohotlar Oʻzbekistonning ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va biznes yuritish sharoitlarini soddalashtirish boʻyicha Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari orasida yetakchiga aylanishiga imkon berdi, deb xabar qilmoqda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi axborot xizmati.

Jahon bankining «Biznesni yuritish 2018» hisobotidagi 10 ta indikatorning 6 tasi boʻyicha sezilarli oʻsishning qayd etilganligi ham ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar koʻlami va natijadorligidan darak bermoqda. 

Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyish tizimining tubdan takomillashtirilgani tufayli Oʻzbekiston korxonani roʻyxatdan oʻtkazish koʻrsatkichi boʻyicha 11-oʻrinni band etdi. Bu yoʻnalish boʻyicha mamlakat AQSH, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Daniya va boshqa rivojlangan davlatlarni ortda qoldirdi. 

2017 yilning 1 aprelidan boshlab mamlakatda tadbirkorlik subyektlarini onlayn roʻyxatdan oʻtkazish tizimi ishlay boshladi, unga koʻra roʻyxatdan oʻtish jarayoni avvalgi ikki ish kuni oʻrniga atigi 30 daqiqani band etmoqda. Tadbirkorlik subyektini roʻyxatdan oʻtkazish jarayoni onlayn tarzda toʻldiriladigan ariza asosida amalga oshirilmoqda. Bunda ariza beruvchiga mazkur tizim orqali taʼsis hujjatlarini oʻz ixtiyoriga koʻra namunaviy shakllar asosida rasmiylashtirish imkoni beriladi. 

Joriy yilning 9 oyi davomida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 marta koʻp kichik biznes subyektlari tashkil etilganining oʻziyoq mamlakatda biznes ochishning oson ekanligidan dalolat beradi.

2016 yilning 1 yanvaridan boshlab tadbirkorlik subyektlarini elektr tarmoqlariga foydalanishga tayyor holda ulash tartibining joriy etilganligi bu jarayonda bevosita tadbirkorlik subyektlari ishtirokini talab etadigan maʼmuriy tartib-taomillarni soddalashtirish va qisqartirish imkonini berdi. Avvallari elektr taʼminoti tizimiga ulanish uchun tadbirkorlik subyektlari 7-10 idoraga borishlari talab etilgan boʻlsa, bugunga kelib buning uchun “yagona darcha” markazlariga birgina ariza bilan murojaat qilish kifoya. Qolgan qadamlar – texnik shartlar tayyorlashdan to tarmoqqa ulashgacha – barchasi hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining maxsus xizmatlari tomonidan ariza beruvchilar ishtirokisiz amalga oshiriladi.

Natijada elektr tarmoqlariga ulanish koʻrsatkichi boʻyicha Oʻzbekiston 56 pogʻona yuqorilab, reytingda 27-oʻrinni egalladi hamda bu indikator boʻyicha AQSH, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Ispaniya, Latviya, Turkiya, Qozogʻiston, Kanada, Isroil kabi mamlakatlardan oʻtib ketdi. 

2016 yildan boshlab tadbirkorlik faoliyati uchun tanlov asosida yer maydonlari ajratish tartibining amaliyotga joriy etilishi tufayli qurilishning barcha bosqichlarida – loyiha hujjatlarini tayyorlash bosqichidan to obyektlarni ishga tushirguncha boʻlgan jarayonlarda ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari sezilarli darajada soddalashdi. Natijada yer uchastkalarini olish va qurilishga ruxsatnomalarni rasmiylashtirish uchun talab etiladigan tartib-taomillar soni 23 tadan 17 tagacha qisqarib, bu qurilishga ruxsat olish koʻrsatkichi boʻyicha mamlakat reytingining 12 pogʻonaga yaxshilanishiga xizmat qildi.

Soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtirish va tadbirkorlik subyektlariga soliq yukini qisqartirish masalalari – mamlakat rahbariyatining doimiy diqqat markazida. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 18 iyuldagi “Soliq maʼmuriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning yigʻiluvchanligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, soliq maʼmuriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, soliq toʻlovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlariga toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotsiz elektron xizmat koʻrsatishga toʻliq oʻtish soliq tizimini isloh etishning muhim yoʻnalishlarining birinchisi sifatida belgilandi. 

Soliq hisobotlarini topshirishning toʻliq elektron shakliga oʻtganligi hamda soliqlarni masofadan toʻlash amaliyotining kengayishi soliqqa tortish koʻrsatkichi boʻyicha mamlakat reytingining sezilarli yaxshilanishiga sabab boʻldi (138-oʻrindan 78-oʻringa). «Biznesni yuritish» jamoasi ekspertlari baholariga koʻra, Oʻzbekistondagi tadbirkorlik subyektlariga soliq yuki darajasi AQSH, Avstraliya, Germaniya, Shvetsiya, Turkiya, Xitoy va Rossiya kabi davlatlardagidan ancha pastdir. 

«Yagona darcha» markazlari orqali amalga oshiriladigan mulkni roʻyxatga olish koʻrsatkichi boʻyicha Oʻzbekiston oʻz mavqeini mustahkamlab, jahon reytingida 73-pogʻonani band etdi.

Shu oʻrinda, tadbirkorlik subyektlariga «yagona darcha» tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlari faoliyatining samaradorligini alohida qayd etib oʻtish zarur. Ularning faoliyati ruxsatnomalar va litsenziyalarni rasmiylashtirishning oshkoraligi va tezkorligini taʼminlash, davlat organlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikning elektron shakllarini joriy etish, qolaversa, byurokratik toʻsiqlar va ariza beruvchilarning moliyaviy xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish imkonini bermoqda. Ijobiy tajribani inobatga olgan holda 2017 yilda faqat «yagona darcha» markazlari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari soni 2 martaga – 16 tadan 34 tagacha oshirildi. 

Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish bilan birga, investorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish borasida ham faol ishlar olib borilmoqda. Korporativ boshqaruvning ochiqligi va aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati toʻgʻrisidagi, jumladan, jamiyatning ijro organi, kuzatuv kengashi va taftish komissiyalari aʼzolariga hisoblangan va toʻlangan toʻlovlar haqidagi maʼlumotlarni oshkor etishga boʻlgan talablarning kuchaytirilganligi Oʻzbekistonga «Minoritar investorlar himoyasi» indikatori boʻyicha 62-oʻringa koʻtarilib olish imkonini berdi.

Yakunda Oʻzbekiston korxonani roʻyxatdan oʻtkazish (11-oʻrin), elektr tarmoqlariga ulanish (27), shartnomalar ijrosini taʼminlash (39), kreditlash tizimi (55), minoritar investorlar himoyasi (62), mulkni roʻyxatdan oʻtkazish (73) va soliqqa tortish (78) yoʻnalishlari boʻyicha jahonning birinchi 100 mamlakati qatoridan joy oldi.

«Biznesni yuritish 2018: ish oʻrinlari yaratish uchun islohotlar» maʼruzasi Jahon banki guruhi yillik nashrining 15-soni hisoblanib, unda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish sohasidagi tartibga solish normalari baholab boriladi. Tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratish boʻyicha jahon reytingini Yangi Zelandiya boshqarmoqda. Shuningdek, kuchli beshlikdan Singapur, Daniya, Koreya Respublikasi va Hongkong (Xitoy) joy olgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.