Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 19-20 may kunlari Turkmanistonga tashrifi chogʻida Toshkentda Maxtumquli nomidagi koʻcha va unga bagʻishlangan meʼmoriy yodgorlik ochilgani, Ashxobod bogʻini tashkil etish boʻyicha ishlar amalga oshirilayotganini qayd etgan edi.
Davlatimiz rahbari 28 oktyabr kuni poytaxtimizning Yashnobod tumanida qurib bitkazilgan «Ashxobod saylgohi»ni borib koʻrdi.
Shavkat Mirziyoyev hududlarga tashrifi chogʻida shahar va qishloqlarimizda yashil hududlar maydonini kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, inson salomatligi hamda atrof-muhit uchun foydali boʻlgan daraxt va butalar turini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi. Bunday bogʻlar bugun yurtimizning barcha hududlarida zamonaviy meʼmorchilik talablari asosida bunyod etilib, mavjudlari rekonstruksiya qilinmoqda.
Umumiy maydoni 10 gektardan ortiq boʻlgan ushbu saylgohga kiraverishda katta favvora qurilgan. Bogʻdagi xushmanzara daraxtlar, zamonaviy oʻrindiqlar va boshqa qulayliklar kishi kayfiyatini chogʻ qilib, atrof-muhitga soʻlimlik baxsh etadi.
Prezidentimiz saylgoh atrofi, unga tutash hududlarni yanada obodonlashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.