Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 oktyabr kuni ushbu markaz loyihasi bilan tanishdi.
Tashkent City xalqaro biznes markazi boʻladi. Mazkur zamonaviy kompleks poytaxtimizning Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat koʻchalari oraligʻidagi 80 gektar hududda barpo etiladi. Loyihaga muvofiq Tashkent Cityda biznes markazlar, savdo majmualari, mehmonxonalar, ofislar, kongress-xol, koʻrgazma zallari, koʻp qavatli zamonaviy uylar, restoranlar, sunʼiy koʻl, favvoralar, ijtimoiy va boshqa obyektlar quriladi.
Bu haqda 2017 yil 28 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahrining markaziy qismini obodonlashtirish va arxitekturaviy qiyofasini yanada yaxshilash hamda aholi va poytaxt mehmonlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilingan. Mazkur hujjat asosida Vazirlar Mahkamasi huzurida Tashkent Sity xalqaro biznes markazi hududidagi obyektlarni qurish va ekspluatatsiya qilish boʻyicha direksiya tuzilgan.
Hozirgi kunda hududni qurilishga tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Markazni loyihalashtirish va qurishga mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning yetakchi loyiha institutlari, chet ellik investorlar jalb etilmoqda.
Prezidentimiz qurilish uchastkasida ushbu zamonaviy markaz loyihalari va rejalari bilan tanishdi. Buyurtmachi va quruvchilar oldida turgan vazifalar, tashkiliy va moliyaviy masalalarni joyida muhokama qildi. Loyihalarni takomillashtirish, qurilishni tezlashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.