Xorazmning iqtisodiy rivojlanishi, sayyohlik salohiyati va ijtimoiy hayoti yangi bosqichga koʻtariladi

0
369
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan tanishish, istiqboldagi vazifalarni belgilash maqsadida 14 oktyabr kuni Xorazm viloyatiga keldi,  deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.  

Xorazm qishloq xoʻjaligi, yirik sanoat korxonalari, transport va kommunikatsiya tizimlari, kichik biznes salohiyati bilan mamlakatimiz taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi. “GM Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyatining Xorazm filiali, “UzXMG” ekskavator zavodi, “Oʻzteks Shovot”, “Xorazm maishiy texnika” korxonalari, “Xorazm shakar” qoʻshma korxonasida ichki va tashqi bozorda xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Murakkab iqlim sharoitiga qaramay, viloyat dehqonlari qishloq xoʻjaligida moʻl hosil yetishtirmoqda. 

Davlatimiz rahbari 2017 yil 27-28 yanvar kunlari Xorazmga tashrifi chogʻida viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, sanoat va qishloq xoʻjaligini tarkibiy oʻzgartirish, ijtimoiy obyektlar barpo etish va infratuzilmani yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirish boʻyicha qator vazifalarni belgilab bergan edi. 

Oʻtgan davrda hududda koʻplab yangi korxonalar, kichik biznes subyektlari, koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari tashkil etildi. Turizm, toʻqimachilik, baliqchilik, parrandachilik, irrigatsiya va boshqa sohalarda istiqbolli loyihalar amalga oshirildi. Uy-joylar, shifoxonalar, maktab va sanʼat dargohlari qurildi. Yana qator loyihalar boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda. 

Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifini Urganch xalqaro aeroportida bajarilgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishishdan boshladi. 

Butun mamlakatimizda boʻlgani kabi Xorazm viloyatida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu shahar ostonasidanoq koʻzga tashlanadi. Xususan, Urganch xalqaro aeroporti zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilingan. Yoʻlovchilarni kutib olish va kuzatishga moʻljallangan zamonaviy terminallar, xizmat koʻrsatish xonalari, savdo shoxobchalari tashkil etilgan, yon-atrof obodonlashtirilgan. Rasmiy delegatsiyalar, xorijiy mehmonlarni kutib olish uchun zarur sharoit yaratilmoqda. 

Prezidentimiz bu borada amalga oshirilgan ishlar va galdagi rejalar bilan tanishdi. Aeroport faoliyatini takomillashtirish, mehmonlar uchun qulayliklarni yanada oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. 

Viloyatda barcha sohalar singari sayyohlikni rivojlantirish, tarixiy obidalarni tiklash, taʼmirlash, ularning atrofini obodonlashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. 

Davlatimiz rahbari viloyatga kelayotgan sayyohlar oqimini koʻpaytirishda tarixiy obidalarning ahamiyati beqiyos ekanini taʼkidladi. Tarixiy obyektlarni qayta tiklash va taʼmirlashda asl milliy qadriyat va urf-odatlarimizni saqlash va xorijliklarga koʻrsatish borasida tavsiyalar berdi. 

Urganch tumanida keng koʻlamli bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Aholiga qulaylik yaratish, turmush darajasi va sifatini yanada yuksaltirish maqsadida hududda yangilangan namunaviy loyihalar asosida 1 va 2 qavatli 64 uy-joy, ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurilib, foydalanishga topshirildi. 

Shavkat Mirziyoyev yangi uylarda aholiga yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. Zamonaviy va milliy meʼmorlik andozalari asosida barpo etilgan ushbu uylar oilalar farovon yashashi uchun qulay qilib loyihalashtirilgan. Xonadonlar tabiiy gaz, elektr energiyasi va toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan, ichki yoʻllar barpo etilgan. 

Davlatimiz rahbari Toshsoqa tizimidagi magistral sugʻorish kanallarini qayta tiklash loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

Bugungi kunda viloyatda 276,7 ming gektar sugʻoriladigan maydon mavjud. Toshsoqa tizimi orqali 191,3 ming gektar yer sugʻoriladi. Amudaryoda suv kam paytlarda, ayniqsa, erta bahor va yoz oylari boshida kanallarda suv sathi juda past boʻlib, gʻalla, paxta va boshqa ekinlarni sugʻorish uchun suv asosan nasoslar yordamida olinardi. Bu xarajatlarning oshib ketishiga, suv isrofgarchiligi hamda yerlarning meliorativ holati yomonlashuviga olib kelar edi. 

Prezidentimiz Xorazm viloyatiga avvalgi tashrifi chogʻida Toshsoqa magistral kanalida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishib, ushbu muammolarni bartaraf etish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda tannarxni kamaytirish, fermer va dehqon xoʻjaliklarining iqtisodiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan loyihani hayotga tatbiq etish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. 

Mazkur loyihaga koʻra, viloyatdagi Toshsoqa, Shovot, Polvon Gʻazovot va Gʻazovot magistral va xoʻjaliklararo kanallarining 120 kilometri rekonstruksiya qilindi. Rejadagi 607 gidrotexnik inshootdan 318 tasi yangidan qurildi. Bu ishlar natijasida 279 nasos agregatidan voz kechilib, qishloq xoʻjalik ekinlari oʻzi oqar suv bilan taʼminlanadi va 31,6 million kilovatt soat elektr energiya iqtisod qilinadi. 

Prezidentimiz ushbu loyiha viloyatda suv taʼminotining tubdan yaxshilanishi, fermer xoʻjaliklari samaradorligi va qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. 

Kanallar atrofidagi yerlarni obodonlashtirish, tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib ekiladigan koʻchat turlarini tanlash va kanal boʻylab besh qator daraxt ekish, yozning jazirama kunlari odamlar kanal boʻyida dam olishi uchun sharoit yaratish boʻyicha Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda viloyat hokimligi mutasaddilariga tegishli topshiriqlar berildi. 

Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida barpo etilayotgan “Farovon” mehmonxonasining qurilish uchastkasida boʻldi. 

Shaharning Amir Temur koʻchasida qurilishi rejalashtirilgan ushbu mehmonxona qadimiy meʼmorchilik uslubida 3 qavatli qilib bunyod etiladi. Unda konferensiya zallari, sport maydonchalari, restoranlar, koʻngilochar maskanlar va boshqa imkoniyatlar boʻladi. Mehmonxonaga fransiyalik ishbilarmonlar investitsiya kiritadi. 

Bu yerga kelishimizdan asosiy maqsadlardan biri Xivani turistik zonaga aylantirish borasidagi saʼy-harakatlarimizni yana bir bor tahlil qilishdan iborat, dedi davlatimiz rahbari. Turizmni rivojlantirish uchun, avvalo, sayyohlarga sharoit yaratish zarur. Shu maqsadda kelgusi uch yilda Xivada 20 ga yaqin mehmonxona quriladi. Bu mehmonxona besh yulduzli, mamlakatimizdagi eng yaxshi mehmonxonalardan biri boʻladi. 

Prezidentimiz Xiva shahridagi Nurillaboy saroy majmuasini koʻzdan kechirdi. 

Xorazm viloyati tarixiy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylarga boy. Ular asrab-avaylanayotgani, sayyohlar uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani natijasida viloyatda turizm izchil rivojlanmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, mazkur saroy hududi shu yerlik Nurillaboy ismli savdogarga tegishli boʻlgan. Majmua xorijlik mehmonlarni qabul qiladigan qarorgoh vazifasini oʻtagan. 

Davlatimiz rahbari joriy yil yanvar oyida viloyatga tashrifi chogʻida mutasaddilarga mazkur majmuani zamon talablari darajasida rekonstruksiya qilish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Prezidentimiz tavsiyasiga koʻra ishlab chiqilgan loyihaga binoan bu yerda restoran, qabullar uyi, galereya, amfiteatr, hunarmandlar koʻrgazmasi tashkil qilingan. 

Koʻrgazmalarda Xorazmning XIX-XX asrlarga oid tarixiy fotosuratlari, birinchi oʻzbek kinooperatori va fotosuratchisi Xudoybergan Devonov olgan suratlar va kinoasarlar namoyish etilmoqda. «Xorazm anʼanaviy hunarmandchiligi: tarix va zamonaviylik», «Oʻzbekiston zamonaviy sanʼati: ohanglar, timsollar, talqinlar» mavzuidagi koʻrgazmalar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotmoqda. 

Prezidentimiz Xiva shahri meʼmorchilik obidalari, jumladan, mazkur majmuaning boy tarixi haqida sayyohlar va xorijlik mehmonlarga zamonaviy uslublarga tayangan holda soʻzlab berish, bu bilan ularning mamlakatimiz haqidagi tasavvurlarini yanada boyitish zarurligini taʼkidladi. 

Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati iqtisodiyotiga jalb qilinadigan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni koʻpaytirish va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yanada rivojlantirish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. 

Xalqaro bozor talablariga javob beradigan raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali tayyor mahsulot turlarini koʻpaytirishda mamlakatimizning turli hududlarida tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalarning alohida oʻrni bor. 

Prezidentimizning joriy yil 12 yanvardagi “Urgut”, “Gʻijduvon”, “Qoʻqon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoni bu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda. 

«Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasi uchun 414 gektardan ortiq yer maydoni ajratilgan. Keyinchalik ushbu hudud yanada kengaytiriladi. Yangi erkin iqtisodiy zonada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, qadoqlash, toʻqimachilik, poyabzal va charm-galantereya, kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari kabi qator yoʻnalishlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etiladi. 

Ayni paytda erkin iqtisodiy zona chegaralarini oʻrnatish, bojxona posti tashkil qilish, xorijiy va mahalliy investorlarni jalb etish ishlari amalga oshirilmoqda. Tashkil etiladigan zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari uchun zarur imkoniyatlar yaratish maqsadida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, xususan, gaz, suv va elektr tarmoqlari, kanalizatsiya, avtomobil va temir yoʻllari, aloqa tizimi shakllantirilmoqda. 

Hududda ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish boʻyicha bugungi kunda 25 loyiha ishlab chiqilgan. Natijada 1000 dan ortiq ish oʻrinlari yaratiladi. 

«Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasi hududda ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, aholini barqaror daromad bilan taʼminlash, xalqimiz turmush farovonligining yuksalishiga xizmat qiladi. 

Prezidentimiz Xorazm viloyatini 2018-2019 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi. Bunda asosiy eʼtibor viloyatning iqtisodiy koʻrsatkichlarini oshirish, aholi bandligini taʼminlash masalalariga qaratilgan. 

Boʻsh turgan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida yangi tashkil etiladigan va amalga oshiriladigan loyihalar toʻgʻrisida ham maʼlumot taqdim qilindi. 

Urganch tumanida yiliga 1,2 ming tonna goʻsht va goʻsht mahsulotlari hamda 900 ming dona quyon terisini qayta ishlashga ixtisoslashgan «Xorazm quyon savdo» agrofirmasi tashkil etiladi. Qiymati 1,8 million dollar boʻlgan mazkur loyiha uch bosqichda amalga oshiriladi va 2018 yil oxirida toʻliq quvvat bilan ishga tushiriladi. 

Bugun bozorda parhez goʻsht mahsulotlariga boʻlgan talab ortib bormoqda. «Oʻzbekiston temir yoʻllari» AJ tomonidan Shovot tumani Buyrachi qishlogʻida qurilayotgan parrandachilik majmuasi, sut va goʻsht mahsulotlarini qayta ishlash korxonasi ana shu talablar doirasida tashkil etilmoqda. 

Taqdimotda kam taʼminlangan oilalarning qoramol va parranda boqish, tomorqada sabzavot mahsulotlari yetishtirishdagi ishtirokini faollashtirishga qaratilgan ijtimoiy loyihalar haqida ham maʼlumot berildi. 

Turizm mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratishda muhim yoʻnalishlardan hisoblanadi. Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida sayyohlik sohasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2016 yil 2 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada muhim omil boʻlayotir. 

Prezidentimizga viloyatga xorijlik va mahalliy sayyohlarni jalb qilish, hududning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish loyihalari taqdim qilindi. Yangi sayyohlik yoʻnalishlari ochish, yangi mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qilinayotgan ishlar, 2018 yilda kelishi kutilayotgan sayyohlar oqimi haqida maʼlumot berildi. 

Davlatimiz rahbari viloyatda «Xavfsiz turizm» konsepsiyasini amalga oshirish loyihasi bilan ham tanishdi. Unda turizm infratuzilma obyektlarini videokuzatuv moslamalari bilan jihozlash, turizm sohasida xizmat koʻrsatuvchi va sayyohatchilarning xavfsizligini taʼminlovchi davlat va nodavlat obyektlarini yagona axborot-kommunikatsiya tizimiga ulash, sayyohlar boʻyicha maʼlumotlar baʼzasini shakllantirish kabi chora-tadbirlar oʻrin olgan. 

Xiva shahridagi «Ichan-qalʼa» muzey-qoʻriqxonasi hududidagi «Pahlavon Mahmud» majmuasida taʼmirlash-tiklash ishlari amalga oshirilmoqda. 

Prezidentimiz mazkur majmuada olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida ushbu hududda boʻldi. Qurʼon tilovat qilindi. 

Ilgari bu joylar tashlandiq maskanga aylanib qolgan edi. Bu yerlar insonga ruhiy quvvat beradi. Buni kelayotgan ziyoratchilarning koʻpligidan ham bilsa boʻladi, dedi Prezidentimiz. 

Mazkur majmuaga kuniga oʻrtacha 400 ga yaqin ziyoratchi keladi. Taʼmirlash va qurilish ishlarini joriy yil oxirida yakuniga yetkazish koʻzda tutilgan. Havo haroratining moʻtadilligini taʼminlovchi zamonaviy tizimlar oʻrnatilgan. 

Bu yerda ziyoratchilar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

Davlatimiz rahbari Shergʻozixon madrasasini koʻzdan kechirdi. Bu maskanda taʼlim olgan allomalar sharafiga tashkil qilingan muzey faoliyati bilan tanishdi. Madrasa binosiga zarar yetkazmagan holda uni qayta taʼmirlash zarurligini qayd etdi. 

Viloyat turizmiga taalluqli yana bir yirik loyiha – Urganchdan Xivagacha temir yoʻl barpo etish loyihasidir. Temir yoʻl zamonaviy talablar asosida loyihalashtirilib, ulkan bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Bugungi kunda ikki shahar oʻrtasida 33 kilometr temir yoʻl yotqizish, Xiva shahrida zamonaviy vokzal va zarur infratuzilma obyektlari barpo etish ishlari jadal olib borilmoqda. Bu boradagi manzilli dastur asosida transport, mehmonxona, pochta, bank, umumiy ovqatlanish va boshqa xizmatlar tashkil etish rejalashtirilgan. 

Kelgusida mazkur temir yoʻl elektrlashtirilib, Toshkentdan Xivagacha tezyurar poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Xiva vokzali Ichan-qalʼaning Hazorasp darvozasi yonida barpo etilayotgani sayyohlarga qulaylik yaratadi. 

Prezidentimiz Xiva shahar vokzalida amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi loyihalar bilan tanishdi. 

Xorazmning turizm sohasidagi imkoniyatlarini toʻliq ishga solish, sayyohlar uchun barcha sharoitni yaratish, mehmonxonalar va koʻngilochar maskanlar qurishga sohaning tajribali vakillarini jalb etish zarurligini taʼkidladi. 

Xiva shahrining tarixiy qismini yangilash rejasi taqdimoti oʻtkazildi. 

Shavkat Mirziyoyev Ichan-qalʼa yaqinida istirohat bogʻi barpo etish, sayyohlar piyoda sayr qiladigan koʻcha boʻyida savdo va hunarmandlik shoxobchalari, ikki qavatli uy-joylar qurish boʻyicha mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi. 

Prezidentimiz Xiva tumanidagi «Rahimbergan hoji anbar» koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi dalasida ilgʻor dehqon va fermerlar bilan suhbatlashdi. 

Xalq bilan muloqot asosida barcha sohalarda izchil islohotlar amalga oshirilayotgani, odamlarning davlatga ishonchi yuksalib, mehnatga munosabati oʻzgarayotgani taʼkidlandi. Davlatimiz rahbarining shu yil 9 oktyabrdagi «Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni va uni amalga oshirishga qaratilgan qarorning ahamiyati haqida soʻz bordi. Fermer va dehqon xoʻjaliklari, shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanish, takroriy ekinlar ekib, qoʻshimcha daromad topishning ahamiyati taʼkidlandi. 

Bu islohotlardan asosiy maqsad – mehnatdan manfaatdorlikni, yurtimiz fayzu barakasini oshirishdir. Toki odamlar yerdan samarali foydalanib, qoʻshimcha daromad topsin, mehnatining rohatini koʻrsin, xalqimiz boy boʻlsin, dedi davlatimiz rahbari. 

Shu yerda baliqchilik, qovunchilik va qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlari samaralari namoyish etildi. 

Shu kuni Urganch shahrida xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi. 

Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Prezidentimiz tavsiyasiga koʻra, Xorazm viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Ilgizar Sobirov Xorazm viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi davom etmoqda. 

 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.