1. 2017 yilning 1 dekabridan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar mikdori oʻrta hisobda 1,15 baravar oshirilsin.
2. 2017 yilning 1 dekabridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida eng kam:
ish haqi – oyiga 172 240 soʻm;
yoshga doir pensiyalar – oyiga 336 880 soʻm;
bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 336 880 soʻm;
zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 206 720 soʻm miqdorida belgilansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, ish haqi hamda pensiyalarga qoʻshilgan ustama va qoʻshimcha haqlarning barcha turlari, eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensatsiya va boshqa toʻlovlar 2017 yilning 1 dekabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Davlat byudjetidan moliyalanadigan tashkilot hamda muassasalar bilan birgalikda pensiyalar, stipendiyalar hamda byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlari miqdorini mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda oʻz vaqtida qayta hisoblab chiqishni taʼminlasin.
5. Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarning oshirilishi bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
Xoʻjalik hisobidagi korxona va tashkilotlar 2017 yilning 1 dekabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqiga muvofiq, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mehnat sarfini kamaytirish hisobiga ish haqi miqdorini oshirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 22 avgustdagi PF-4822-sonli Farmoni (6-bandi istisno qilingan holda) 2017 yilning 1 dekabridan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri B.A.Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev