Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

0
93
marta koʻrilgan.
Respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida:

1. 2018 yilning 15 iyulidan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori oʻrta hisobda 1,07 baravar oshirilsin.

2. 2018 yilning 15 iyulidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida eng kam:

ish haqi – oyiga 184 300 soʻm;

yoshga doir pensiyalar – oyiga 360 460 soʻm;

bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 360 460 soʻm;

zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 221 190 soʻm miqdorida belgilansin.

3. Belgilab qoʻyilsinki, ish haqi hamda pensiyalarga qoʻshilgan ustama va qoʻshimcha haqlarning barcha turlari, eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensatsiya va boshqa toʻlovlar 2018 yilning 15 iyulidan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilot hamda muassasalar bilan birgalikda pensiyalar, stipendiyalar hamda byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlari miqdorini mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda oʻz vaqtida qayta hisoblab chiqishni taʼminlasin.

5. Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarning oshirilishi bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.

Xoʻjalik hisobidagi korxona va tashkilotlar 2018 yilning 15 iyulidan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqiga muvofiq, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mehnat sarfini kamaytirish hisobiga ish haqi miqdorini oshirsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 noyabrdagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi PF-5245-son Farmoni (6-bandi istisno qilingan holda) 2018 yilning 15 iyulidan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

              Oʻzbekiston Respublikasi 
                       Prezidenti                                                            Sh. Mirziyoyev


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.