Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligini taʼminlash hamda fuqarolarning daromadlarini oshirib borish maqsadida:
1. 2023 yil 1 apreldan boshlab pensiyalar va nafaqalar miqdori 7 foizga oshirilsin.
2. 2023 yil 1 apreldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida:
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 347 000 soʻm;
yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 677 000 soʻm;
nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – oyiga 747 000 soʻm;
mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 747 000 soʻm;
1941–1945 yillardagi urush oqibatida nogiron boʻlgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 3 296 000 soʻm;
belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (677 000 soʻmdan) 747 000 soʻmgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori – oyiga 747 000 soʻm;
zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 535 000 soʻm;
ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda – oyiga 535 000 soʻm;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band boʻlgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 535 000 soʻm;
boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 535 000 soʻm etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun – 198 000 soʻmdan qoʻshilsin;
boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 535 000 soʻm etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya toʻlansin.
3. 2023 yil 1 maydan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshirilsin.
4. 2023 yil 1 maydan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida:
mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori – oyiga 980 000 soʻm;
bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 330 000 soʻm etib belgilansin.
5. Belgilansinki:
byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlarini oshirish bilan bogʻliq xarajatlar – Oʻzbekiston Respublikasining “2023 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini, shuningdek, ayrim xizmat turlari boʻyicha tariflarni oshirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun ajratilgan byudjet mablagʻlari hisobidan;
pensiyalar va nafaqalar miqdorlarini oshirish bilan bogʻliq xarajatlar – Davlat byudjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
6. Mazkur Farmon talablarini bajarish uchun talab etiladigan qoʻshimcha mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti xarajatlarini oshirish hisobiga moliyalashtirilsin.
Ish beruvchilarga ish haqi miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmagan holda toʻlashni taʼminlab, ish haqi miqdorini mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etilsin.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu Farmonning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D. Kudbiyev belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev