Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 dekabr kuni hududlarda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va xizmatlarni rivojlantirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Jahonda roʻy berayotgan voqealar oqibatida mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun zarur boʻlgan xomashyo va mahsulotlar narxi, ularni yetkazib berish xarajatlari oshmoqda. Shuning uchun, eng avvalo, oʻzimizdagi xomashyoni chuqur qayta ishlab, raqobatbardosh mahsulotlarni koʻpaytirish kerak.
Yigʻilishda bu boradagi tizimni takomillashtirish choralari belgilandi. Unga koʻra, endi hududlarda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksport bilan Savdo-sanoat palatasi shugʻullanadi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining viloyat boshqarmalari va tuman boʻlimlari tugatiladi. Eksport agentligi va jamgʻarmasi, “Oʻzbekekspertiza” tashkiloti ham Savdo-sanoat palatasi tizimiga oʻtadi.
– Loyiha va eksport qilish tizimini davlatdan tadbirkorlarning oʻzi boshqaradigan tashkilotga olib berayapmiz. Bu tadbirkorlarni eshitish, talab va istaklarini amalga oshirish uchun kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish va eksportni koʻpaytirish boʻyicha yangi imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtdi.
Bugungi kunda toʻqimachilik sanoatida qoʻllaniladigan ayrim mato va sintetik ip-kalava chetdan olib kelinmoqda. Shu bois mahalliylashtirish va eksportni oshirishga qaratilgan koʻplab loyihalar boshlangan.
Masalan, Yuqori Chirchiq tumanida gazlama ishlab chiqarish va boʻyoqxonalar tashkil qilish boʻyicha 350 million dollarlik, Nukus shahrida sunʼiy tola, gazlama-mato va boʻyoqxona yoʻnalishida 60 million dollarlik loyihalar rejalashtirilgan. Andijon va Samarqand shaharlarida sunʼiy toladan parda va mebel matolari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Paxtaobod tumanida toʻqimachilik sanoat zonasi tashkil qilinadi. Qoraqalpogʻiston va 6 ta viloyatda sunʼiy toladan ip-kalava tayyorlaydigan 15 ta loyiha ishga tushiriladi.
Umuman, kelgusi yilda toʻqimachilikda yana 700 million dollar qoʻshilgan qiymat yaratish mumkinligi qayd etildi. Shu bois, bu tarmoq korxonalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tartib joriy qilinadi. Buning uchun yuqori qiymat yaratadigan yangi loyihalarga 200 million dollar resurs sifatida ajratiladi. Matoni boʻyash korxonalariga suv tozalash inshootlari xarajatlari davlat hisobidan qoplab beriladi. Sanitariya boʻyicha xalqaro standartlarni joriy qilgan toʻqimachilik korxonalariga 100 million soʻmgacha subsidiya ajratiladi.
Mahsulotlarning sifatini taʼminlash maqsadida xorijdan dizayner, marketolog va konstruktorlar jalb etish kerakligi aytildi.
Maʼlumki, jahonga chiqish uchun eng muhim jihatlardan biri – brend. “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yorliqli mahsulotlarimiz brendga aylanmagani sababli tashqi bozorda arzon sotilayapti.
Shu bois Prezident mamlakatimiz mahsulotlarining faqat sotilishi emas, balki tashqi bozorlarda brend sifatida tanilishi uchun ham koʻmaklashish zarurligini taʼkidladi.
Savdo-sanoat palatasiga mato, kiyim, gilam, poyabzal, charm, oziq-ovqat, uy buyumlari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarni brendlar talablariga toʻliq moslashtirib, buyurtmalarni joylashtiruvchi “sorsing” kompaniyalari bilan bogʻlash vazifasi qoʻyildi.
Mahalliy korxonalarimizning xalqaro koʻrgazmalarda ishtirokini koʻpaytirish, Yevropa va Osiyo shaharlarida savdo uylarini ochish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, mashhur nomdagi mahsulotlarni yurtimizda ishlab chiqarish ham mumkin. Misol uchun, kelgusi yil Chirchiqda Germaniya texnologiyasi asosida yiliga 2,5 million dona alyumin qadoqlash korxonasi ishga tushadi. Bu nafaqat salqin ichimliklar, balki kosmetika, maishiy kimyo, oziq-ovqat yoʻnalishidagi korxonalar uchun ham qulaylik. Bunday imkoniyatlardan foydalanib, nufuzli brendlarni Oʻzbekistonga olib kelish zarurligi aytildi.
Qayd etilganidek, buning uchun yangicha yondashuvlar joriy qilinadi:
— brendlar ostida ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga xalqaro standartlarni joriy qilish, ekologiya va sertifikatlash xarajatlari qoplab beriladi;
— mahalliylashtirishni kamida 60 foizga yetkazish sharti bilan ular uchun zarur barcha xomashyolar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinadi;
— kamida 30 foiz mahsulotini brend ostida ishlab chiqaradigan tadbirkorlarga xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyoz va yengilliklar beriladi;
— yirik brendlardan jalb qilingan texnolog, dizayner, marketolog kabi mutaxassislardan Oʻzbekistonda ishlaganlik uchun toʻlovlar undirilmaydi.
Yurtimizda kimyo sanoati uchun ham koʻp xomashyo mavjud. Hozirgi kunda jami 3 milliard dollarlik loyihalar shakllantirilgan.
Elektrotexnika sanoatida 2 milliard dollarlik loyihalar uchun imkoniyat ham, katta bozor ham bor. Masalan, yurtimizda qurilayotgan 27 gigavatt quvvatli quyosh va shamol stansiyalari uchun 500 million dollarlik kabelga ehtiyoj bor. Xuddi shunday, maishiy texnika, transformator kabi uskunalarga ham talab yuqori.
Kelgusi yilda Ohangaron sanoat zonasida ishga tushiriladigan 120 million dollarlik 5 ta loyiha hamda Buxoro shahrida tashkil etiladigan 120 million dollarlik texnopark bu mahsulotlarni mahalliylashtirishga yoʻnaltirilgan.
Mazkur tarmoqlarda ham ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari Qoraqalpogʻiston tumanlari va Nukus shahrida sanoatni rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Bu hududda ishlab chiqarishni kengaytirishga past foizda kredit berish uchun 100 million dollar ajratilgan. 23 ta istiqbolli loyiha shakllantirilib, viloyatlar va tijorat banklari biriktirilgan. Mutasaddilar ushbu loyihalarning ijrosi yuzasidan axborot berdi.
Yigʻilishda xizmat koʻrsatish va turizm imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Joriy yilning 11 oyida 421 trillion soʻmlik xizmatlar koʻrsatilgan. Bu oʻtgan yilga nisbatan 13,6 foiz koʻp. Yil yakuni bilan iqtisodiyotda xizmatlar ulushi 43 foizdan oshishi kutilmoqda. Lekin bu koʻrsatkichlar yetarli emas. Moliya, transport, turizm, taʼlim, tibbiyot va axborot texnologiyalari sohalarida hali imkoniyatlar koʻp.
Yaqinda Biznesni rivojlantirish banki hamda Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil qilindi. 2024 yil 1 yanvardan bazaviy bank xizmatlarini koʻrsatuvchi mikromoliya banklari ishga tushadi. Shularga asosan, kelgusi yilda moliyaviy xizmatlar hajmi 30 foiz oshishi kutilmoqda.
Xalqaro kapital bozorlarida 500 million dollarlik “evrobond” joylashtirish boʻyicha ish olib borilmoqda.
“Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida oʻz kichik biznesini ochgan va ijobiy kredit tarixiga ega aholiga 50 million soʻmgacha, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish istagidagi aholiga 100 million soʻmgacha garovsiz kreditlar berish yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, oʻzini oʻzi band qilganlarga biznesga birinchi qadam uchun kredit berish taklifi maʼqullandi.
Yurtimizda jami xizmatlarning toʻrtdan bir qismi transport sohasiga toʻgʻri keladi. Bu yil 1 ming 500 ga yaqin avtobus, 25 ta yangi samolyot olib kelindi. Xususiy aviakompaniyalar ish boshladi, 17 ta yoʻnalish ochildi.
Bu ishlarni davom ettirib, viloyatlar va qoʻshni davlatlarga avtobus yoʻnalishlarini, mamlakatimiz shaharlari oʻrtasida aviaqatnovlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Temiryoʻl sohasida ham tariflar qayta koʻrib chiqildi, keraksiz imtiyozlar bekor qilindi. 6 ta tezyurar va 30 ta elektr poyezd olib kelinmoqda. Bu kelgusi yilda 20 foiz oʻsishni taʼminlash imkonini beradi.
Yurtimizda xususiy taʼlim va tibbiyot xizmatlari tez oʻsib bormoqda. Bunga qoʻshimcha imkoniyat yaratish uchun boʻsh yerlarni shu ixtisoslik boʻyicha auksionga chiqarish mumkinligi aytildi.
Bugungi kunda IT xizmatlarining yalpi ichki mahsulotimizdagi ulushi 3-3,5 foizga teng. Kelgusi yilda kamida 30 foiz oʻsishni taʼminlab, bu tarmoqda xizmatlar hajmini 41 trillion soʻmga yetkazish, eksportni 2 karra oshirish muhimligi taʼkidlandi.
Mamlakatimizda turizm salohiyati katta. Buni samarali ishga solish uchun mehmonxona va mehmon uylarini koʻpaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Tarixiy va xushmanzara turizm maskanlarining master rejasi tayyorlanishi, ularning infratuzilmasiga qoʻshimcha mablagʻ ajratilishi belgilandi. Ularga olib boruvchi koʻchalarni taʼmirlash bilan birga, yoʻl boʻylarida savdo va servis shoxobchalarini joylashtirish vazifasi qoʻyildi.
Xorijda turistlar uchun zargarlik buyumlari savdosi ham keng yoʻlga qoʻyilgan. Mamlakatimizda buning uchun yetarli sharoit boʻlsa-da, bunday buyumlar kam ishlab chiqariladi. Shu bois kelgusi yilda har bir hududda zamonaviy zargarlik majmualarini tashkil qilish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Shuningdek, mamlakatimizda xalqaro “Oʻzbekiston ipak matolari” moda haftaligini tashkil qilish taklifi bildirildi.
Bozorlarimizning turistlar uchun qulayligini oshirish lozimligi qayd etildi. Ularni sayyohlar kunlab vaqtini oʻtkazishi mumkin boʻlgan majmualarga, madaniyatimizni aks ettiradigan “tashrif qogʻozi”ga aylantirish muhimligi taʼkidlandi.
Bu chora-tadbirlar natijasida xizmatlar va turizm sohasida 2 milliondan ortiq aholi bandligini taʼminlash mumkinligi qayd etildi.
Yigʻilishda tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari, tadbirkorlarning takliflari eshitildi.