Islohotlarning hududlardagi natijadorligi tahlil qilindi

0
138
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 iyul kuni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning hududlardagi natijadorligi tahlili boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda islohotlar kirib bormagan sohaning oʻzi yoʻq. Xususan, oxirgi 3 yilda barcha hududlar, soha va tarmoqlarni rivojlantirishga doir 400 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari har doim “oʻzgarishlarni odamlar oʻz hayotida sezsin”, deya talab qoʻyadi. Shunga muvofiq, islohotlarning aholi hayotiga taʼsiri oʻrganib borilmoqda.

Shunday kompleks oʻrganishlardan biri yaqinda Samarqand viloyati misolida oʻtkazildi. Soʻrovda qatnashganlarning koʻpchiligi hokim yordamchilarining faolligini, taʼlim, sogʻliqni saqlash, internet, jamoat transporti sohalaridagi siljishlarni yuqori baholagan.

Shu bilan birga, joylardagi muammolarni, oʻzgarish sezilmayotgan sohalarni ham ochiq aytgan. Jumladan, joylarda yer va suvdan samarali foydalanish, elektr, gaz va ichimlik suvi yetkazib berish, yer ajratish kabi masalalarda kamchiliklar mavjud. Masalan, Samarqanddagi Xalq qabulxonalariga aholi va korxonalarni elektr energiyasi, suyultirilgan gaz va koʻmir bilan taʼminlash bilan bogʻliq 15 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan.

Yigʻilishda tuman va shaharlarda islohotlarning samaradorligi, aholi va tadbirkorlar koʻtargan dolzarb masalalar atroflicha tahlil qilinib, takliflar bildirildi.

Xususan, maʼmuriy islohotlarni davom ettirib, davlat xodimlari sonini optimallashtirish, mahalliy byudjetlarni toʻgʻri yoʻnaltirish zarurligi aytildi. Qishloq xoʻjaligida yerga uzoq muddatli kafolat berish, davlat aralashuvini kamaytirish, moliya xizmatlarini yaxshilash talab etilmoqda. Energiya resurslari taʼminoti, kadastr, yoʻl, kommunal xizmatlar tizimlari ham takomillashtirilmoqda.

Prezidentimiz barcha islohotlarni pastdagi boʻgʻinlarga bogʻlab, ularni avvalambor aholi farovonligini oshirishga qaratish lozimligini alohida taʼkidladi.

Samarqand viloyatidagi holat boshqa hududlarda ham borligi qayd etilib, hukumatga muammolarni joyiga chiqqan holda oʻrganib borish va vaqtida chora koʻrish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.