Islohotlarning keyingi bosqichi boʻyicha vazifalar koʻrsatib oʻtildi

0
97
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 sentyabr kuni islohotlarni yanada jadallashtirish va natijadorligini taʼminlash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Xalqimizga yaxshi maʼlumki, oxirgi yillar mamlakatimizda tub islohotlar davri boʻldi. Koʻplab sohalarda birinchi navbatdagi muammolar hal etildi.

Xususan, chet el valyutasining erkin konvertatsiyasi yoʻlga qoʻyildi. Soliq tizimi isloh qilinib, soliqlar soni kamaytirildi. Tadbirkorlik uchun imkoniyat kengaytirildi. Bojxona tartiblari soddalashtirildi. Barcha sohalarda axborot texnologiyalari joriy etilmoqda. Qishloq xoʻjaligida bozor mexanizmlariga oʻtilayapti. Majburiy va bolalar mehnatiga chek qoʻyildi.

Hududlarni rivojlantirish, ijtimoiy masalalarni hal etish boʻyicha ham yangi tizimlar joriy qilindi. Taʼlim va tibbiyotda sifatni oshirish choralari koʻrilmoqda. Umuman, bugungi kunda 100 dan ortiq soha va yoʻnalishlarda islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.

Endilikda, jahondagi tez oʻzgaruvchan siyosiy-iqtisodiy vaziyatni inobatga olgan holda, barqaror oʻsishni davom ettirish, aholining yashash tarzi va turmush sharoitlarini yanada yaxshilash maqsadida islohotlarning keyingi bosqichini amalga oshirish zarur. Eng asosiysi, bu islohotlarni shoshmasdan, mantiqiy ketma-ketlikda va tizimli qilish kerak.

Shu maqsadda, davlatimiz rahbarining 9 sentyabrdagi farmoni bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tashkil etildi.

Yigʻilishda mazkur Agentlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilinib, ustuvor yoʻnalishlar koʻrsatib oʻtildi.

– Islohotlar natijasida ijobiy oʻzgarish boʻlishi, odamlar buni oʻz hayotida sezishi kerak. Agentlik buning uchun ustuvor islohotlarni aniqlaydigan, ularni oʻzaro muvofiqlashtiradigan va natijadorlikni taʼminlaydigan tuzilmaga aylanishi lozim, – dedi Prezident.

Yigʻilishda shu boradagi asosiy vazifalarga toʻxtalib oʻtildi. Alohida soha va tarmoqlarni isloh qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, islohotlarning ustuvorligi va mantiqiy ketma-ketligini belgilash, davlat dasturlari ijrosini monitoring qilish, tizimli muammolarni aniqlash va tegishli choralar koʻrish shunday muhim vazifalardandir.

Masalan, tahlillar qishloq va suv xoʻjaligi, yer munosabatlari, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish, transport, kommunal xoʻjaligi, tibbiyot kabi sohalarda qoʻyilgan maqsadlarga erishilmaganini koʻrsatmoqda. Strategik islohotlar agentligi bunday muammolarni tanqidiy tahlil qilib, ishni jadallashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilaydi.

Ish oʻrinlari koʻpayishi va aholi daromadlari oʻsishi uchun iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini aniqlash ham juda muhim. 

Shu bois davlatimiz rahbari aholining barcha qatlamlariga ijobiy taʼsir qiladigan islohotlarni aniqlab, “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatma berdi. Bunda aholidan eng koʻp murojaat boʻlayotgan sohalarga eʼtibor qaratish, ular boʻyicha nimaga erishilishi va xalq nima manfaat koʻrishini aniq koʻrsatish zarurligini taʼkidladi.

Ustuvor sohalarni isloh qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha vazirlik va idoralarning malakali mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlardan iborat Loyiha guruhlarini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.