Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish va uni rivojlantirishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan xalqaro anjumanning barcha qatnashchilarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Mana shunday muhim va nufuzli forumni mamlakatimizda oʻtkazish tashabbusini faol qoʻllab-quvvatlagani va shaxsan ishtiroki uchun Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik bosh direktori Rafael Grossi janoblariga alohida minnatdorlik izhor etaman.
Mazkur anjumanning azaldan Sharq va Gʻarbni bogʻlab kelgan, bugungi kunda xalqaro hamkorlik borasidagi eng dolzarb masalalar boʻyicha global miqyosda samarali muloqot markaziga aylanib borayotgan qadimiy Samarqand shahrida oʻtkazilayotgani bizga alohida mamnuniyat bagʻishlaydi.
Hurmatli konferensiya qatnashchilari!
Iqlim oʻzgarishlarining salbiy taʼsiri va anʼanaviy energiya manbalari taqchilligi yaqqol sezilayotgan hozirgi sharoitda tinch atom hayot sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini amalga oshirishda muhim muqobil yechim hisoblanadi.
Shu maʼnoda, oʻtgan yili Dubay shahrida oʻtkazilgan KOP28 Iqlim sammitida koʻplab mamlakatlar yetakchilarining atrof-muhitga uglevodorod energetikasi manbalari salbiy taʼsirini keskin kamaytirish maqsadida 2050 yilga qadar atom elektr energetikasi quvvatlarini uch barobarga oshirish boʻyicha erishgan muhim kelishuvlari bejiz emas albatta.
Mamlakatimizni ishonchli, xavfsiz, iqtisodiy samarador va ekologik toza energiya manbalari bilan taʼminlash – Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida yetakchi oʻrin egallab kelmoqda.
Biz sohaning huquqiy-institutsional asosini mustahkamlash uchun Milliy agentlik tashkil etdik, Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish haqidagi qonun, Atom energiyasini rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli konsepsiya, kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan strategiyani qabul qildik. Soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini joriy etdik.
Yurtimiz jahonda birinchilardan boʻlib, xalqaro talab va standartlarga muvofiq, kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini barpo etishga kirishdi. Biz ushbu loyihalarni, bundan tashqari, sogʻliqni saqlash va qator ilmiy dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda MAGATEni oʻzimiz uchun muhim sherik deb bilamiz.
Hech shubhasiz, atom energiyasi boʻyicha ilgʻor texnologiyalarning joriy etilishi mamlakatimiz taraqqiyotiga kuchli turtki beradi hamda yangi ilmiy-texnologik ishlanmalar va innovatsion iqtisodiyotga oʻtish uchun imkon yaratadi.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Ushbu anjuman sohada toʻplangan boy bilim va tajribalarni oʻzaro almashish, keng qamrovli hamkorlik oʻrnatish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda tinch atomdan samarali foydalanish boʻyicha aniq tavsiya va amaliy takliflar ishlab chiqish uchun gʻoyat zarur muloqot maydoni boʻlib xizmat qilishini alohida taʼkidlamoqchiman.
Konferensiya kun tartibiga sohadagi faoliyatni MAGATE bilan muvofiqlashtirgan holda AESlar barpo etish, ularning xavfsizligini taʼminlash, yadro texnologiyalarini rivojlantirishning ekologik jihatlari kabi oʻta dolzarb masalalar kiritilgan. Shuningdek, innovatsiyalar, yadroviy tibbiyot, sohada taʼlimni rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratiladi, deb ishonaman.
Aminmanki, anjuman davomida muhokama qilinadigan barcha gʻoya va tashabbuslar ushbu muhim tarmoqda oʻzaro muloqotni va xalqaro hamkorlikni kengaytirish, energetik xavfsizlikni mustahkamlash, davlatlarning barqaror taraqqiyotini taʼminlashga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston barcha xorijiy hamkorlar bilan ushbu ustuvor yoʻnalishda yaqin hamkorlik qilishga doim tayyordir.
Barchangizga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda ulkan yutuqlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti