Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish maqsadida oʻtgan yilning iyul oyida “Islom Karimov xotirasiga bagʻishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola” tanlovi eʼlon qilingan edi. Unga 2017 yilning 31 dekabriga qadar 2016-2017 yillarda respublika hamda xorij gazeta va jurnallari, internet nashrlarida eʼlon qilingan materiallar qabul qilindi.
Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida tanlov gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov butun faoliyatini, hayotini Vatanimizning ozodligi, tinchlik-osoyishtaligi, xalqimizning, ayniqsa, kelajagimiz egalari boʻlgan yoshlarning baxtli va farovon hayot kechirishi, oʻz orzu va maqsadlarini roʻyobga chiqarishi uchun baxshida qilgani taʼkidlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Birinchi Prezidentimiz xotirasini abadiylashtirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent, Qarshi va Samarqand shaharlarida Birinchi Prezidentimiz haykallari qad rostladi. U kishi uzoq yillar faoliyat yuritgan Oqsaroy qarorgohi yodgorlik majmuasiga aylantirildi. Toshkent xalqaro aeroporti, yirik muassasa va tashkilotlar, poytaxtimiz va viloyat markazlaridagi markaziy koʻchalarga Islom Karimov nomi berildi.
“Islom Karimov xotirasiga bagʻishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola” tanlovi ana shu ezgu sayʼ-harakatlarning uzviy davomidir. Tanlov uchun oʻzbek, qoraqalpoq, rus, ingliz, fransuz, italyan, xitoy, nemis, yapon, arab, koreys, ozarbayjon, qozoq, turkman, qirgʻiz tillarida yozilgan jami 900 ga yaqin material yuborilgan. Ularni adolatli baholash uchun tanlov hayʼati tarkibiga tajribali mutaxassislar, olimlar, tarixchilar, yozuvchilar, jurnalistlar, keng jamoatchilik vakillari jalb etildi. Yuborilgan ishlar, avvalo, maqola mavzusi yangiligi va ochib berilgani, mazmunan tarixiy haqiqatga zid kelmasligi, ilmiy manbalardan qanchalik foydalanilgani, shuningdek, ilmiy va badiiy saviyaning qay darajada ekanligi hisobga olingan holda baholandi.
Birinchi oʻrin va tanlovning bosh mukofotini “Boshlangʻich taʼlim” jurnali bosh muharriri Halim Saidov “Millat xazinasini boyitgan mutafakkir” maqolasi uchun qoʻlga kiritdi. Gʻolib tashkilotchilar tomonidan maxsus diplom va Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining 100 barobari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Ikkinchi oʻrin sovrindorlari esa Yaponiya parlamenti yuqori palatasi deputati, “Yaponiya – Oʻzbekiston” doʻstlik uyushmasi prezidenti Kyoko Nakayama va “Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri Sultonmurod Olimov boʻlishdi. Ularga diplom va eng kam ish haqining 75 barobari miqdorida pul mukofoti topshirildi.
Uchinchi oʻringa Musurmon Boyxonov, Qoraqalpoq davlat universiteti magistranti Zamira Ayimbetova va Sankt-Peterburg davlat universiteti talabasi Aleksandr Gonashvili munosib topildi. Tashkilotchilar tomonidan ularga diplom va eng kam ish haqining 50 barobari miqdoridagi pul mukofoti topshirildi.
Gʻoliblarga mukofotni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov va Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova topshirdi.
– Muhtaram Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov shaxsini abadiylashtirish maqsadida yurtimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Halim Saidov. – Bu insonning hayoti, serqirra faoliyati juda katta tadqiqotlarga yetgulik, arzigulikdir. Bu haqida yozish esa oʻta masʼulyatli ish. Shunday boʻlsa-da men ham barkamol avlod tarbiyasi, yurt taraqqiyotiga oʻzining katta hissasini qoʻshgan shunday buyuk insonning xotirasini abadiylashtirish ummoniga kichik tomchi qoʻshishga harakat qilib koʻrdim. Asosiy maqsad bu ulugʻ mutafakkirning Vatan taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini taʼkidlash, avlodlarni u boshlagan ishlarni munosib davom ettirishga chorlash edi.
Bundan tashqari tanlov tashkilotchilari tomonidan 20 ta ragʻbatlantiruvchi mukofot ham taʼsis etildi va munosib nomzodlarning ishlari tanlab olindi. Ularga Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bagʻishlab chop etilgan “Islom Karimov – mustaqil Oʻzbekiston asoschisi” nomli kitob-albom sovgʻa qilindi.
Tadbirda sanʼat ustalari va Oʻzbek Milliy akademik drama teatri artistlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.
Inobat Ahatova, OʻzA