Islom sivilizatsiyasi markazi — xalqimizning maʼnaviy qudrati timsoli

0
125
marta koʻrilgan.

2018 yil 15 iyun, Ramazon hayiti kuni Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga tamal toshi qoʻygan edi. Bugungi muborak Ramazon kunlarida davlatimiz rahbari ushbu majmuaga yana tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Bu markaz ham mahobati, ham mohiyati jihatidan ulkan loyiha. Uning qurilishi qariyb toʻrt yildirki davom etmoqda. Majmua uch qavatli boʻlib, qadimiy obidalarimiz shaklida barpo etilgan. Bino markazida ulkan gumbaz, toʻrt tomonida simmetrik peshtoqlar qurilgan. Bugungi kunda pardozlash ishlari olib borilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu ishlarni koʻzdan kechirdi. Binoni pardozlashda qadimiy madrasalarimizdagi belgilar va issiq ranglardan foydalanilmoqda.

Davlatimiz rahbari majmuani chiroyli va sifatli qilib qurish bilan birga mazmuniga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.

— Bugun, muborak Ramazon oyida, juma kunida bu yerga kelishimiz bejiz emas. Bunday ulugʻ ayyom kunlarida qilingan niyatlar amalga oshadi. Oxirgi yillarda ogʻir-ogʻir sinovlardan oʻtdik. Lekin bu yerda ish toʻxtagani yoʻq. Nima uchun buni qurayapmiz? Xalqimizning dunyoqarashini, gʻururini koʻtarish, qanday buyuk el ekanimizni ashyoviy dalillar bilan namoyon etish uchun, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning maʼnaviy qudratini koʻrsatishi qayd etildi.

— Oʻtgan yili Qashqadaryoda “Oʻzbekiston GTL” zavodini ochib, butun dunyoga mamlakatimizning  iqtisodiy qudratini koʻrsatdik. Bu markaz xalqimizning maʼnaviy va maʼrifiy qudrati timsoli boʻlib qoladi, — deya taʼkidladi Prezident.

Davlatimiz rahbari devorlardagi ravoqlarning bezak va yozuvlari namunalari bilan tanishdi. Darvozalar tepasiga tinchlik, ilm, odobga chorlovchi oyatlardan yozish maqsadga muvofiqligini aytdi.

Islom sivilizatsiyasi markazining tarkibiy qismlari toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Birinchi qavatda muzey ombori, qadimiy qoʻlyozma va osori-atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob doʻkonlari joylashadi.

Ikkinchi qavat majmuaning asosiy koʻrgazma maydoni boʻladi. Bu yerdagi Islom tarixi muzeyi 9 ta boʻlimdan tashkil topadi. Binoning markazida, 65 metr balandlikdagi gumbaz ostida Islom olamining durdonasi hisoblangan Usmon musʼhafi qoʻyiladi. Bu zal atrofida yana 8 ta – “Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo”, “Islomning Markaziy Osiyoga yoyilishi”, “Taʼlim”, “Ilm-fan”, “Meʼmorchilik va shaharsozlik”, “Sanʼat va badiiy hunarmandchilik”, “Anʼanalar” hamda “Uchinchi Renessans – Yangi Oʻzbekiston” boʻlimlari joylashadi.

Shuningdek, bu qavatda 550 kishiga moʻljallangan konferensiya zali boʻladi.

Prezidentimiz “Ilm-fan” boʻlimini koʻzdan kechirdi. Alloma bobolarimiz merosini keng va taʼsirchan targʻib etish boʻyicha tavsiyalar berdi.

Davlatimiz rahbari uchinchi qavatga chiqib, kutubxona, Islom akademiyasi ilmiy kafedralari va maʼmuriy xonalar namunalarini ham koʻrdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.