Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyun — Ramazon hayiti kuni Islom sivilizatsiyasi markazi qurilish maydoniga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.
Islom sivilizatsiyasi markaziga tamal toshi qoʻyildi. Davlatimiz rahbari oʻtgan yili 1 sentyabr kuni poytaxtimizdagi Hazrati Imom majmuasida boʻlib, mazkur markaz qurilishi, maqsad va vazifalari yuzasidan koʻrsatmalar bergan edi. Shu asosda mazkur qadimiy majmua yonidan oʻn gektarga yaqin joy ajratildi. Loyiha ishlab chiqilib, hudud qurilishga tayyorlandi.
15 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga ramziy tamal toshi qoʻydi.
Davlatimiz rahbari tadbirga yigʻilgan diniy ulamolar va barcha yurtdoshlarimizni Ramazon hayiti bilan tabriklab, markaz qurilishining shunday ulugʻ ayyom kunida boshlanayotgani zamirida ezgu niyat, chuqur mazmun borligini taʼkidladi.
Bu markazni qurishdan maqsad islom maʼrifatini oʻrganish, bobolarimizning buyuk merosini avvalambor xalqimizga, dunyo hamjamiyatiga yetkazishdir. Xudo xohlasa, hamma saʼy-harakatlarimiz yoshlar taʼlim-tarbiyasiga, ilm-fanga, madaniyatga, tinchlik-osoyishtalikka zamin yaratadi, dedi Prezident.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida faoliyat yuritadigan ushbu markazning asosiy gʻoyasi ajdodlarimizning islom dini rivojiga ulkan hissasini targʻib etish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishdir. Shu maqsadda bu yerda muzey tashkil etiladi, ilmiy faoliyat yoʻlga qoʻyiladi. Vatanimizdan yetishib chiqqan olim va mutafakkirlar merosining tarixiy va zamonaviy sivilizatsiyadagi oʻrni tadqiq etiladi. Ularning ilmiy-maʼnaviy jasorati, ulugʻ insoniy fazilatlari keng targʻib qilinadi. Mumtoz adabiyot va sanʼat namoyandalari ijodining insonparvarlik mohiyati chuqur ochib beriladi.
Markaz binosi yurtimizdagi qadimiy madrasalar koʻrinishida, gumbazli qilib quriladi. Kutubxona, axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar, konferensiya zali, xizmat xonalari va boshqa obyektlarni oʻz ichiga oladi.
Biz shunday buyuk merosning davomchilari boʻla turib, ilmda ortda qoldik. Bugungi tashabbuslarimiz, boshlagan ishlarimizni barcha musulmon mamlakatlari tan olyapti. Endi shunga munosib boʻlishimiz, ilm-maʼrifatda oʻrnak boʻlishimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.
Jamiyatimizda mehr-oqibat muhitini yaratish, adashganlarni avf etish, imom-xatiblar malakasini oshirish, yoshlar tarbiyasiga eʼtiborni kuchaytirish boʻyicha tavsiyalar berildi.