Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kuni ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini modernizatsiya qilish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bugungi kunda 15 mingta ijtimoiy soha obyektida isitish tizimlari taʼmirtalab. Oqibatda ularda issiqlik energiyasining 35 foizi yoʻqotilmoqda, issiqlik harorati meʼyorga nisbatan 2 baravar past.
Shu bois Boʻston tumanida isitish tizimini xususiy sheriklik asosida yangilash va boshqarish boʻyicha tajriba oʻtkazilgan edi. Isitish qozonlari zamonaviylariga almashtirilgan hamda tarmoqlar modernizatsiya qilinib, xususiy boshqaruvga berilgan. Natijada energiya sarfi kamayib, binolar ichidagi harorat koʻtarilgan. Ayniqsa, oʻtgan qishdagi anomal sovuq davrida ham obyektlarda moʻtadil harorat saqlab turilgan.
Yigʻilishda ushbu tajribani ommalashtirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi. Unga koʻra, isitish tizimi tadbirkorlarga 10 yilga boshqaruvga beriladi va ularning xizmatlari davlat tomonidan sotib olinadi. Tarmoqlar modernizatsiyasi uchun zarur mablagʻning yarmi byudjetdan, yarmi xususiy sherik hisobidan ajratiladi. Isitish qozonlarini ishlab chiqarishga kerakli butlovchi qismlar ikki yil muddatga bojxona bojidan ozod qilinadi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, tashkiliy va moliyaviy masalalar boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Mutasaddilarga tuman va shaharlardagi ijtimoiy obyektlarning isitish tizimlarini xatlovdan oʻtkazib, bosqichma-bosqich yangilash, ularni boshqarishga salohiyatli tadbirkorlarni jalb etish topshirildi. Binolarda energiya yoʻqotilishini kamaytirish, issiqlikni saqlash choralarini koʻrish zarurligi taʼkidlandi. Investorlar ishtirokida energiya tejamkor isitish qozonlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berildi.
Yigʻilishda koʻmir taʼminoti masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.
Soʻnggi yillarda yurtimizda koʻmir qazib chiqarish 3 million tonnadan 5,4 million tonnaga oshgan. Bu yil esa salkam 6 million tonna qazib olish rejalashtirilgan. Lekin koʻmirga talab bundan ancha koʻp.
Prezidentimiz istiqbolli konlarni oʻzlashtirishga xususiy sektorni va yangi texnologiyalarni jalb qilish, koʻmirning sifatini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.