Istiqbolli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi

0
104
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qasim-Jomart Toqayev muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar. Unda ikki mamlakat vazirliklari va yirik kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiyalar aʼzolari ishtirok etdi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Oʻzbekiston va Qozogʻiston munosabatlari yaxshi qoʻshnichilik, mustahkam doʻstlik va qardoshlik rishtalariga asoslangan. Ikki tomonlama hamkorlik barcha yoʻnalishlarda faol rivojlanmoqda. 

Tomonlar 2018-2019 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi Iqtisodiy hamkorlik strategiyasining izchil amalga oshirilishi mamlakatlarimiz strategik maqsadlarining mushtarakligiga asoslangan oʻzaro manfaatli va samarali iqtisodiy sheriklikni kengaytirishga xizmat qilayotganini taʼkidladi.

Keyingi ikki yilda ushbu sohadagi aloqalar yangi bosqichga koʻtarildi. Hududlar va ishbilarmonlar oʻrtasidagi rishtalar faollashdi. Natijada savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. 2018 yil bu borada jadal yuksalish davri boʻldi. Tovar ayirboshlash hajmi qariyb 50 foizga oʻsib, 3 milliard dollardan oshdi. 

Tomonlar, avval kelishilganidek, yaqin yillarda bu koʻrsatkichni 5 milliard dollarga yetkazishga intilishini tasdiqladi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaga savdo aloqalari nomenklaturasini kengaytirish, iqtisodiy hamkorlikning yangi uzoq muddatli shakllarini topish va rivojlantirish vazifasi qoʻyildi.    

Bu oʻzaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga, savdo, investitsiyalar, logistika sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, integratsiyalashgan sanoat texnoparklari, ilmiy-innovatsion klasterlar va erkin iqtisodiy zonalar tashkil etishga xizmat qiladi.

Tomonlar 2018 yil noyabr oyida Chimkent shahrida oʻtgan birinchi Oʻzbekiston-Qozogʻiston hududlararo hamkorlik forumi hamda 2019 yil martda Toshkent shahrida oʻtgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining birinchi mintaqaviy iqtisodiy forumi yakunlarini ijobiy baholadi.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston-Qozogʻiston davlat chegarasini demarkatsiya qilish, shuningdek, oʻtkazish punktlarining samarali faoliyatini taʼminlash jarayoni muvaffaqiyatli davom etayotgani, bu ikki mamlakat chegaradosh hududlari aholisining turmush sharoitlarini salmoqli darajada yaxshilash, transchegaraviy iqtisodiy aloqalar va gumanitar almashinuvlarni jonlashtirish, fuqarolarning oʻzaro tashriflarini faollashtirishga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Muzokaralarda transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish mamlakatlarimizning eksport salohiyati va tranzit imkoniyatlarini kengaytirishi qayd etildi. 

Turizm, madaniyat, fan va taʼlim yoʻnalishlaridagi aloqalarni rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Oʻtgan yili Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili keng miqyosda oʻtkazilgani, uning doirasidagi tadbirlar xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va qardoshlik munosabatlarini yanada mustahkamlagani taʼkidlandi. Mazkur ulkan madaniy voqeaning mantiqiy davomi sifatida bu yil Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili boʻladi va u Qozogʻiston Prezidentining ushbu davlat tashrifi doirasida ochiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.