Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida qurilgan yangi binolarni borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari mazkur majmua qurilishiga 2019 yil 20 noyabrda tamal toshi qoʻygan, oʻtgan yili dekabrda bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirgan edi. Bugungi kunda 20, 22, 25 qavatli binolar va konferensiya zali qurib bitkazildi.
Mamlakatimizda axborot texnologiyalari rivojiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Soʻnggi besh yilda sohaga 2 milliard dollar, shu jumladan, 700 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar yoʻnaltirildi. Barcha hududlarda IT-parklar ochilib, ular uchun alohida soliq rejimi joriy etildi. Bu orqali 14 ming nafar yoshlar yuqori daromadli ish bilan taʼminlandi. Shuningdek, sohada oʻzini oʻzi band qilgan mutaxassislar soni 43 ming nafarga yetdi.
Joriy yilning oʻzida mamlakatimizda 134 ta yangi, jumladan, 50 ta xorijiy IT kompaniya tashkil etildi, eksportyor korxonalar soni esa 2 barobarga oshdi.
Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki bu borada yetakchi. U birinchi boʻlib ikki qavatli binoda ochilgan edi. Bugungi kunda osmonoʻpar, muhtasham majmuaga aylandi.
Ushbu IT-parkning rezidentlari, xizmatlar turi ham koʻpayib bormoqda. Joriy yilning 6 oyida ular tomonidan 53 million dollarlik xizmatlar eksport qilingan. Yil yakunigacha bu koʻrsatkich 100 million dollardan oshishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari “Aloqabank” va “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi binolaridagi sharoitlarni kirib koʻrdi. Ularning pastki qavatlarida mijozlarga xizmat koʻrsatish ofisi joylashgan. Yuqori qavatlar IT korxonalar uchun moʻljallangan. Yertoʻla qismida 3 ming avtomobilga moʻljallangan 3 qavatli turargoh ham bor.
IT-parkda qurilish 2 bosqichda olib borilmoqda. Bu yerda jami 17 ta imorat barpo etiladi. Sohadagi tashkilotlar, universitet, kovorking markazi oʻzaro uzviy faoliyat olib boradi. Majmua hududida xizmat uylari, mehmonxona, kafe va restoranlar, doʻkonlar, sport maydoni, dam olish joylari ham boʻladi.
Shu yerda “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik kompaniyasida joriy etilgan avtomatik hisoblash tizimi, Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining elektron tizimlarini yanada takomillashtirish loyihasi haqida maʼlumot berildi.
IT-park goʻzal innovatsion shaharcha boʻlibdi. Yurtimizga, elimizga xayrli boʻlsin. Ushbu tizim orqali 14 ming nafar yoshlar yuqori daromadli ish bilan taʼminlangani, shuningdek, sohada oʻzini oʻzi band qilgan mutaxassislar soni 43 ming nafarga yetgani barchaning dilini quvonchga toʻldiradi..