Ixtisoslashtirilgan taʼlim qamrovini kengaytirish va sifatini oshirish boʻyicha vazifalar qoʻyildi

0
145
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 yanvar kuni maktablarda taʼlim-tarbiya sifatini oshirish, ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini takomillashtirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda koʻplab taʼlim maskanlari qurilib, ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilmoqda. Prezident maktablari qurila boshlaganda davlatimiz rahbari ular boshqa muassasalar uchun andoza boʻlishi, taʼlim muhitini oʻzgartirishini aytgan edi. Shunday boʻlayapti. Jamiyatimizda ilmga intilish kuchaydi. Farzandini yaxshi oʻqitaman degan ota-onalar, oʻqishga qiziqqan yoshlar koʻpaydi.

2019 yilda yurtimizda 271 ta ixtisoslashtirilgan maktab bor edi. Prezidentimizning aniq fanlar va xorijiy tillarni oʻrgatishga oid tashabbuslari, qabul qilgan qarorlari natijasida matematika va fizika fanlari boʻyicha 126 ta, kimyo-biologiya boʻyicha 87 ta, axborot texnologiyalari yoʻnalishida 99 ta, xorijiy tillar boʻyicha 207 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil topdi.

Shu tariqa xalq taʼlimi tizimidagi bunday maktablar soni 790 taga yetdi. Ularning 135 tasi toʻliq ixtisoslashtirilgan va yotoqxonasi mavjud. Qolgan 655 ta maktabda atigi 25 foiz sinflarda u yoki bu fan chuqur oʻrgatiladi. Ulardagi taʼlim dasturi, oʻqitish metodikasi, fan toʻgaraklari oddiy maktablardan deyarli farq qilmaydi. Misol uchun, matematika yoki chet tiliga ixtisoslashgan sinflarda 2 soat koʻproq maxsus fan oʻtiladi, xolos.

Bugungi zamon talabi, kelgusidagi taraqqiyot surʼatiga munosib boʻlish uchun bu yetarli emas. Shu bois yigʻilishda ixtisoslashtirilgan maktablar qamrovini kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

– Bir narsani chuqur tushunib olishimiz kerak: iqtisodiyotimizga juda katta marra olganmiz. Bu yil eksportimizni 14 milliard dollarga chiqarmoqchimiz. 2025 yilga qadar mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini 100 milliard dollarga, eksport hajmini 30 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz. Buni kim qiladi? Bilimli kadrlar! – deya taʼkidladi Prezident.

Ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimiga oʻtkazilishi belgilandi.

– Bu Agentlikni faqat 14 ta maktab uchun tuzganimiz yoʻq. U Prezident maktablaridagi muhitni, metodikani boshqa maktablarga ham olib kirishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuning uchun yangi oʻquv yilidan boshlab, Nukus shahri va viloyat markazlarida ikkitadan, tuman va shaharlarda bittadan maktab tanlab olinib, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimiga oʻtkaziladigan boʻldi. Bunda oʻsha hududda rivojlangan tarmoqlar, azaldan kuchli oʻqitilgan fanlarga alohida eʼtibor qaratish zarurligi qayd etildi. Shu maqsadda ishchi guruh tuzib, hududlardagi sharoitlarni oʻrganish, tanlangan maktablarni yangi standartlar asosida oʻquv yiliga tayyorlash yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul tartibi, oʻquvchi va muallimlar bilimini baholash tizimini ham qayta koʻrib chiqish kerakligi aytildi.

Davlatimiz rahbari taʼlim-tarbiya mazmuniga ham alohida eʼtibor qaratdi.

– Ixtisoslashtirilgan maktab degani 2 soat koʻp dars oʻtish degani emas. Unda bolalar maxsus fan boʻyicha toʻliq bilimga, keng dunyoqarashga ega boʻlishi zarur. Oʻquvchilarda milliy ruh, vatanparvarlik hissi baland boʻlishi kerak, – dedi Prezident.

Maktab taʼlimini rivojlantirishga mahalliy hokimliklar, universitetlar ham masʼul ekani, oʻzlari uchun istiqbolli kadrlar zaxirasini tayyorlab borishi zarurligi taʼkidlandi.

Taʼlim darajasi, avvalo, oʻqituvchining bilim va malakasiga bogʻliq. Shu bois ixtisoslashtirilgan maktablarga rahbar va pedagoglar ikki bosqichli tanlov asosida qabul qilinadi. Prezident taʼlim muassasalari agentligiga ushbu tizim asosida yuqori malakali oʻqituvchilarni jamlab, qoʻshimcha oʻqitish, milliy va xalqaro sertifikatlar olishiga koʻmaklashish topshirildi.

Agentlikning Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi negizida ilmiy markaz tashkil etish vazifasi qoʻyildi. U ixtisoslashtirilgan maktablarning har bir yoʻnalishi boʻyicha xalqaro metodika asosida ilgʻor taʼlim dasturlari ishlab chiqish bilan shugʻullanadi. 

Bu ishlarni samarali tashkil etish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va har bir viloyatda Prezident taʼlim muassasalari agentligining hududiy boʻlimlari tashkil etilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari maktablarda xorijiy tillarni oʻqitish sifati pastligini keskin tanqid qildi.

– Rivojlangan mamlakatlarda oliygohda til oʻrgatmaydi. Chunki talabalar yoshligidanoq ikkita tilni biladi. Biz 1-sinfdan 11-sinfgacha chet tilini oʻrgatamiz. Lekin maktabni bitirgan bolalarning necha foizi shu tilda gaplasha oladi?! Bunga davlatning qancha puli ketayapti! Qani natijadorlik, – deya haqli savol qoʻydi Prezident.

Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi boshqa maktablarda ham taʼlim sifatini oshirish, fanlar va xorijiy tillarni chuqur oʻrgatish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

– Taʼlim tizimini “oyoqqa qoʻymas” ekanmiz, islohotlar amalga oshmaydi. Buni bitta vazirlik yoki agentlik ham qilolmaydi. Bunga butun xalqimiz, jamiyatimiz mahkam kirishishi kerak. Najotimiz maktabda, najotimiz taʼlimda, najotimiz bilimda, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga yigʻilishda muhokama qilingan masalalar ijrosi boʻyicha qaror loyihasini tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.