Jadidlar ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi rolini qanday baholagan

0
22
marta koʻrilgan.

Qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muazzam boʻladi. Jadid ajdodlarimiz oila masalasi haqida soʻz yuritar ekan, xotin-qizlarni jamiyatning teng va haqiqiy aʼzosiga aylantirishning birdan-bir yoʻli ularning maʼnaviy va maʼrifiy ravnaq etishidadir deb hisoblaganlar.

Mahmudxoʻja Behbudiy “Turkiston viloyatining gazeti”, “Samarqand” gazetalari, “Oyina” jurnali va bir qator matbuot sahifalarida oʻzining xotin-qizlarga oid qarashlarini yoritib borgan. U “Sayohat xotiralari”da “Oʻlkamizda bizning ayollarning ahvoli nihoyatda qattiq muhokamaga muhtoj”, deya yozgan. 

Darhaqiqat, oʻsha davrda Turkistonda ayollarining saylov ishlarida ishtiroklari juda ogʻir boʻlgan. Xotin-qizlarning saylovda qatnashishi ahamiyati haqida Behbudiy: “Toshkent shahrida 48 ming ruslar va askarlar bor, bunga nisbatan 44 ming musulmon erkaklar va 39 ming musulmon ayollar yashaydi. Agar saylovda ayollar ishtirok qilishmasa, albatta, ruslar saylovda muvaffaqiyatga erishishlari mumkin. Behbudiy “Turk adami markaziyat (federalist) firqasining maromnomasi”da “Millatning yigirma yoshigʻa yetub ahliyat paydo qilgʻon har bir fardi: er boʻlsin, xotun boʻlsun – sinf, din va mazhab ayirmasigʻa boqmasdan – saylamoq va saylanmak haqina molikdur”, degan bandini kiritadi. 

U meros masalasida ayollarning huquqi haqida “Oyina” jurnalining 1915 yil 13-sonida “Bizni kemirguvchi illatlar” nomli maqola yozadi. Unda vafot etgan kishining molidan avval mayitga kerakli sunnat va isrofsiz kafan qilib, dafnga sarf qilinishi, soʻngra qarzi ado etilishi, undan ortgan mollarni esa ayoliga va sagʻirlariga taqsim qilinishi kerakligi haqida aytadi.

 “Biz, bilʼaks, kafandan soʻngra qarzgʻa bermay va hatto, sagʻir va benavo xotunlarni merosini yirtish, azoyi, sadaqa, hayrot, bilmayman, nimalar ujrasi deb qarzdan, varasadan ilgari taqsim qilib olarmiz. Baʼzi bir bechora sagʻir va mushtipar ayollar merosdan va haqlaridan noqis olurlar”, deydi. 

Taʼlim olish masalasida Behbudiy zamonasining barcha muammolari ustida bosh qotiradi. Davrning muhim muammolaridan biri esa xotin-qizlar savodi masalasi edi. Taraqqiyparvar ziyolilar Turkiston kelajagi onalarimizning savodli boʻlishi bilan bogʻliq hodisa deb baholaganlar. 

Shu sabab xotin-qizlar savodini oshirish, ularni maktablarga tortish masalalari koʻtariladi. Shu mazmunda “Turkiston viloyatining gazeti”da “Fayzulla” imzosi bilan “Xotunlargʻa ilm lozimmi?” degan maqola chop etiladi. Unda ayollarni oʻquv-oʻqutuv ishlariga jalb qilish kerakligi aytiladi. 

“Xotunlargʻa ilm lozimmi?” degan savolga javob berishda Behbudiy oʻz soʻzini Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan “Talabul ilm har muslim va muslimagʻa farzdur” degan hadis bilan boshlaydi. Davomida Qurʼonda ayollarga xos hukmlardan tashqari barcha ishda ayol-u erkakka bir xil xitob qilingani, ular zimmasiga erkaklardan koʻproq bir qancha farz, vojib, sunnat orttirilgani, sharʼiy hukmlarni ijro etishda ilm va oʻquvdan boshqa vosita yoʻq ekani holda, xotinlarning oʻqishlari lozimligini yolgʻiz koʻr va munofiq mutaassib inkor va shubha etishini yozadi. 

Behbudiyning bu fikrini Fitrat ham “Oila yoki oilani boshqarish tartiblari” kitobida “Ilm diniy va dunyoviy ishlarni bajarish uchun zarurdir” jumlasi bilan tasdiqlaydi. 

Sadriddin Ayniy tili bilan aytganda: “Mahmudxoʻja yurtining ehtiyojiga qarab muharrir-da boʻldi, muallim-da boʻldi, gazetachilik qildi, maktab kitoblari yozdi, tiyotrchilik qildi, siyosiy ishlargʻa ishladi, xalqgʻa siyosiy fikr berdi, xalqning iqtisodiy va ijtimoiy ahvolini isloh qilmoq uchun maqsud va ijtimoiy olim boʻlib xalqgʻa fikr tarqatdi”. 

Shu oʻrinda misol tariqasida aytadigan boʻlsak, Mahmudxoʻja Behbudiyning qiz farzandi Parvinaxon (Surayyoxon ham deyishgan) 1902 yilda tugʻilgan. 10 yoshgacha Abduqodir Shakuriyning “Usuli jadid” maktabida dastlabki ilmni egallagan. Keyinchalik u kishi asosan uyda oʻtirib muallimlardan rus hamda fransuz tillaridan saboq olgan. Behbudiyning nabirasi Nazirxon esa dadasi Maʼsudxon va ammasi Parvinaning hovlida oʻzaro fransuz, rus tillarida muloqot qilishlarini eslaydi. Ushbu soʻzlardan tushunish mumkinki, Behbudiy farzandlarini ilm olishida kerakli boʻlgan muhitni yaratib bergan. Oʻgʻillari qatori qizining ham til oʻrganishligi, oʻgʻli Maʼsudxonga oʻqimishli, xat-savodli qizni kelin qilib olib berganligida ham Behbudiy qiz bolalar taʼlimining ahamiyatli ekanligini isbotlagan. 

U bola tarbiyasida oilaning, maktabning rolini koʻrsatar ekan, ularning jismoniy, gigiyenik tarbiyasiga ham eʼtibor qaratmoq lozim ekanligini uqtiradi. Behbudiy birinchi navbatda badan tarbiyasiga aʼlohida eʼtibor qaratgan. Qizlarning tabiiy harakati buzilmasligi uchun oshiqona kitob va hikoyalarni oʻqish va eshitishlariga vaqt qoldirmaslik, yomon va beqayd ayollar bilan muomala qilmasligi kerakligini aytadi. 

Oila qurish masalasida u jamiyatdagi xotin-qizlarga aloqador nuqsonlarni koʻrgan holda ularni tuzatish uchun maqolalar, asarlar orqali xalqning ongiga taʼsir qilishga harakat qilgan. 

Behbudiy “Hifzi sihhati oila” maqolasida tabib Komil afandining “Hifzi sihhati izdivoj” risolasini tahlil etib, uylanishga erkak uchun 25-30, qiz uchun 20-22 yoshlarni loyiq deb tayin qilinganini aytadi. Bu yoshgacha insonlar ilm olish, kasb-hunarga harakat qilishlari kerakligi, erta oila qurish oqibatida noqis va salomatligi buzuq, zaif farzandlar dunyoga kelishi aytiladi. 

Behbudiy bir qiz 16 yoshidan va bir er bola 20 yoshidan erta oila qurishlari jismonan sogʻliq uchun zararli ekanligini tabib Husayn Ramziy afandining gaplari bilan isbotlaydi. Behbudiy oila quruvchi tomonlar hisoblanmish yigit va qiz bir-birlarini koʻrmoqlari lozimligini taʼkidlaydi. Bu uchrashuvdan maqsad bir-birining goʻzalligini bilishda emas, balki ish salomatlik, yigit va qiz bolaning jism va gavdalari bir-birlariga mutanosibligi koʻrib toʻgʻri qaror berish uchundir.

Ammo uylanmay, oila qurmay vaqtini oʻtkazadigan yigit va qiz bolalar uchun bu hol jismoniy va botiniy kasallik, yomonliklarni paydo qilishini aytadi. Shuningdek, “Dunyo mahkamalari va doʻxturlaridan maʼlum boʻladurki, korxonai olamgʻa paydo boʻlaturgan jinoyat, odam oʻldurmoq va gunohlarni aksari uylanmagan erlardan sodir boʻlub, uylik kishilardan paydo boʻlgan jinoyat va gunohlarning oldigʻa behoyat ozdur. Erlik xotunlardan paydo boʻlaturgan jinoyatlar ersiz xotunlardan paydo boʻlaturgan gunoh va jinoyatlar oldigʻa yoʻq hukmidadir. Shundayki ersiz xotunlardan paydo boʻlgan jinoyatlar, xotunsiz erlardan paydo boʻlgan jinoyatlardan ikki martaba ziyodadur”, deydi. Behbudiy. Ushbu fikrini Tabaroniy rivoyat qilgan hadis bilan dalillash mumkin: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uylanishga qodir boʻla turib uylanmaganlar mendan emasdir”, deydi.

 Oilaning ahvoli va yosh avlodning kelajagi insonning oʻz sogʻligʻiga boʻlgan munosabatiga bogʻliqdir. 

Xulosa shuki, odam birinchi tarbiyani onasining bagʻrida oladi. Jadid bobolarimizning xotin-qizlar masalasiga oid maqolalarini tahlil qilish orqali har bir ayol ilm olishga haqli, balogʻat yoshiga yetgan qizlarga onalari va ustozalari jiddiy eʼtibor qaratishlari kerakligini, boʻyi yetgan qizlar tibbiy va axloqiy ilmlarga oid kitoblardan xabardor boʻlishlari muhimligini bilib olamiz. 

Mahmuda GʻOYIBNAZAROVA,  Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti tayanch doktoranti. OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.