Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
Qadrli mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Siz, azizlarni oʻtgan asr boshlarida shakllanib, nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun musulmon olami va turkiy dunyo tarixida chuqur iz qoldirgan jadidchilik harakatini har tomonlama oʻrganishga bagʻishlangan xalqaro anjumanning ochilishi bilan chin qalbdan tabriklayman.
Mushtarak tariximizning yorqin sahifalarini tashkil etadigan maʼrifatparvar ajdodlarimizning ibratli faoliyatini, ularning oʻz qimmati va ahamiyatini hamon yoʻqotmasdan kelayotgan boy merosini hamkor davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, taniqli xorijiy olimlar bilan birgalikda teran tadqiq va targʻib etish bizning ustuvor vazifamizdir.
Bugungi anjumanimizga tashrif buyurgan nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillariga, shuningdek, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Vengriya, AQSH, Germaniya, Niderlandiya, Shvetsiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlardan kelgan taniqli olim va ekspertlarga ushbu anjumanni tashkil etish tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlaganliklari uchun samimiy tashakkur bildiraman.
Aziz doʻstlar!
Oʻz mohiyat eʼtiboriga koʻra noyob ijtimoiy-siyosiy fenomen boʻlgan jadidchilik gʻoyasining shakllanishi va taraqqiyotiga doir dunyoning bir qator mamlakatlarida koʻplab tadqiqotlar yaratilgan boʻlsa-da, ushbu harakat namoyandalarining Markaziy Osiyo hududida milliy davlatchilik va mintaqaviy oʻziga xoslikni, fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga qoʻshgan ulkan hissasini konseptual va tizimli asosda atroflicha oʻrganish dolzarb masala boʻlib qolmoqda.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, taraqqiyparvar ajdodlarimizning ilgʻor gʻoya va qarashlarini tadqiq etish va tizimlashtirish, Turkiston jadidlarining milliy davlatchilik rivojidagi oʻrni va taʼsirini oʻrganish, XX asrning birinchi choragida ular tomonidan barpo etilgan davlat tuzilmalarining qonunchilik bazasini tahlil qilish, dunyoviy, huquqiy va demokratik jamiyat qurishga qaratilgan faoliyatiga tarixiy baho berish, Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessansni bunyod etishda ushbu merosning mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilishi bilan bogʻliq masalalar bugungi konferensiyaning asosiy muhokama mavzulari etib belgilangani alohida ahamiyatga ega.
Barchamizga ayonki, “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan ezgu gʻoya bilan maydonga chiqqan jadid bobolarimiz xalqlarimizni jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, ularni gʻaflat botqogʻidan qutqarishning asosiy yoʻli – bilim va maʼrifatda, dunyoviy taraqqiyotni egallashda, deb bildilar.
Ular shu yoʻlda fidoyilik koʻrsatib, yangi usul maktablari, teatr va kutubxonalar, nashriyotlar ochdilar. Jamiyat aʼzolarining dunyoqarashi va turmush tarzini oʻzgartirish maqsadida gazeta va jurnallar nashr etdilar. Yoshlarni ilgʻor davlatlarga oʻqishga yubordilar.
Shu bilan birga, davlat boshqaruvi, sud-huquq, moliya, soliq tizimlari, yer masalalarini tadrijiy asosda tubdan isloh qilish uchun gʻoyaviy va amaliy harakatlar olib bordilar. Bir soʻz bilan aytganda, ular milliy uygʻonish, milliy taraqqiyot gʻoyasini roʻyobga chiqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar.
Afsuski, oʻsha davrdagi mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum bu ulugʻvor maqsadlarni amalga oshirishga yoʻl bermadi.
Bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda inson qadri ulugʻlanadigan adolatli, erkin va obod jamiyat, xalqparvar davlat, farovon hayot barpo etishga qaratilgan islohotlarimiz jadid bobolarimizning ezgu gʻoya va dasturlariga har jihatdan uygʻun va hamohangdir.
Shu bois, xalqimiz ozodligi va Vatanimiz ravnaqi yoʻlida aziz jonlarini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini yangicha tafakkur asosida oʻrganish hamda targʻib etishga alohida eʼtibor berilmoqda.
Yurtimizda ushbu yoʻnalishda muhim farmon va qarorlar qabul qilinib, har yili 31 avgust – Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni sifatida keng nishonlanmoqda.
“Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi va jamoat fondi, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda hududiy boʻlimlari faoliyat olib bormoqda.
Ana shu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida Buxoro shahridagi tarixiy maskanda Jadidchilik tarixi muzeyi tashkil etilmoqda.
Bu murakkab davr tarixiga oid ilmiy va badiiy asarlar, “Tarixning nomaʼlum sahifalari”, “Qatagʻon qurbonlari” nomli koʻp jildli xotira kitoblari nashr etilmoqda. Badiiy va hujjatli filmlar, koʻrsatuvlar tayyorlanib, namoyish qilinmoqda. Xalqaro konferensiyalar, koʻrgazmalar va davra suhbatlari, xotira kechalari, seminarlar muntazam oʻtkazilmoqda.
Atoqli maʼrifatparvarlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Ularning aziz nomlari bilan ataladigan yodgorlik majmualari, taʼlim muassasalari, muzeylar, bogʻ va xiyobonlar barpo etilmoqda.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston Oliy sudi tomonidan 1030 dan ziyod mustabid tuzum qatagʻoniga uchragan vatandoshlarimiz nomi oqlangani tarixiy adolatni tiklash yoʻlidagi yangi qadam boʻldi.
Ayni vaqtda, yurtimizda har yili avgust oyini “Qatagʻon qurbonlarini yod etish oyi” sifatida oʻtkazish, fidoyi vatandoshlarimiz va ularning avlodlari yashagan va yashayotgan xonadonlarga yodgorlik lavhalari oʻrnatish, ularning vorislari hamda yaqin kishilariga hurmat-eʼtibor koʻrsatish boʻyicha chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Mahalla idoralarida “Qatagʻon qurbonlari xotirasi burchaklari” va “Mahalla xotira kitoblari”ni tashkil etish, har yili kamida 100 nafar qatagʻon qurboni hamda jadid bobolarimiz hayoti va faoliyatini aks ettiradigan toʻplam tayyorlash rejalashtirilgan.
Ushbu muhim mavzuda arxiv hujjatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun maqsadli grantlar eʼlon qilish, yangi badiiy va publitsistik asarlar yaratish, xorijiy ilm-fan markazlari, fondlar va muzeylar, kutubxonalar bilan hamkorlikni rivojlantirish choralari koʻrilmoqda.
Buyuk maʼrifatparvar bobolarimiz tomonidan olgʻa surilgan gʻoyaviy-siyosiy, ijtimoiy-maʼrifiy va huquqiy-axloqiy qarashlar, turli millat va elatlar oʻrtasida bagʻrikenglik va hamjihatlik tamoyillarini qaror toptirish bilan birga, milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan intilishlar hozirgi murakkab va tahlikali zamonda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat namunasidir. Ularning hayoti va jasorati bugungi tinch va osoyishta kunlarga osonlik bilan erishilmaganini eslatib, milliy istiqlolimizni, jonajon Vatanimizni koʻz qorachigʻiday asrashga doimo daʼvat etib turadi.
Fursatdan foydalanib, taniqli tarixchi olim, AQSHdagi Michigan universiteti professori, vatandoshimiz Temur Xoʻja oʻgʻliga mamlakatimiz tarixi, jumladan, jadidlar merosi bilan bogʻliq noyob hujjatlarni Oʻzbekistonga taqdim etayotgani uchun minnatdorlik bildiraman.
Bugungi nufuzli anjuman har birimizni maʼnaviy uygʻoqlik va ogohlikka chorlab, qalblarimizda ulugʻ ajdodlarimizga xos azmu shijoat tuygʻularini yuksaltirishga, xalqlarimiz va davlatlarimiz oʻrtasida oʻzaro doʻstlik va qardoshlik ruhini, ilmiy-madaniy aloqalarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb ishonaman.
Siz, muhtaram anjuman ishtirokchilariga sihat-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar, konferensiya ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Mamlakatimizda jadidlarning ezgu faoliyatini oʻrganishga bagʻishlangan ushbu konferensiya bu yilgi ikkinchi xalqaro anjuman. Avvalgisi 08. 03. 2023 yilda boʻlib oʻtgan edi.. Mamlakatimizning porloq kelajagi uchun jonini qurbon qilgan bobolarimizning oxirati obod boʻlib, yotgan joylari nurga toʻlsin!
Orzu-niyatlari amalga oshaversin!…